Jamiyat | 18:35 / 22.09.2024
18931
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayol yosh bolasini ayovsiz urgani videosi tarqaldi

Toshkent shahar IIBB hodisa ikki yil avval sodir bo‘lgani, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishi go‘dakni urgani videosi tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB axborot xizmati hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa ikki yil avval 2022 yilning avgust oylarida sodir bo‘lgan. 1997 yilda tug‘ilgan L.M. Shayxontohur tumanida joylashgan yashash xonadonida 2020 yilda tug‘ilgan farzandi R.S.ga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, jahl ustida uni urgan.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Tergov harakatlari davom etmoqda. Yakun bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

“Daryo” nashrida yozilishicha, holat ayolning turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘rnatilgan yashirin kameraga yozib olingan. U ayoli farzandini muttasil urib, tan jarohati yetkazib, qiynab kelayotgani yuzasidan IIO FMBga murojaat qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shundan so‘ng ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan) va “v” (ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov natijalariga ko‘ra, ayolning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli unga nisbatan jinoyat ishi 2024 yil 19 sentabrda tugatilgan. Biroq er bu qarordan norozi.

Toshkent shahar IIBB xizmati esa bugun, 2024 yil 22 sentabr kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 110-moddasi “a” va “v” bandlarida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini berish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid