O‘zbekiston | 18:31 / 28.04.2023
9563
2 daqiqa o‘qiladi

MSK: 600 mingdan ortiq fuqaro referendumda muddatidan oldin ovoz berdi

16-26 aprel kunlari O‘zbekiston konstitutsiyasining yangi tahririni qabul qilish bo‘yicha referendumda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Markaziy saylov komissiyasi axborotiga ko‘ra, 611 320 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz bergan.

Eslatib o‘tamiz, referendum 30 aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Ovoz berish uchastkasi qayerda joylashgani haqida MSK saytida onlayn ma’lumot olish mumkin. Buning uchun ushbu sahifada tegishli joylarga pasport/ID-karta raqami va tug‘ilgan sanani kiritish kerak.

27 aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi koll-markaz ishga tushganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar 1200 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali referendumga doir huquqiy tushuntirish va maslahatlar olishi mumkin.

Referendumni kuzatib borish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Chexiya kabi xorijiy mamlakatlardan jami 45 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

25 aprel holatiga, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan kuzatuvchilar soni 383 nafarga, akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari 964 nafarga yetgan.

Mavzuga oid