Jahon | 11:34 / 28.04.2023
30821
6 daqiqa o‘qiladi

“Titanik” cho‘kkanda omon qolgan styuardessa – uch falokatdan tirik chiqqan ayol tarixi

Styuardessa va hamshira Violet Jyessop mashhur “Titanik” kemasi aysbergga urilib cho‘kib ketganda, undan oldin va keyin ham dahshatli falokatlarga yuzma-yuz kelgan, biroq shunda ham kemada ishlashni davom ettirgan. Undan har safar qanday omon qolgani haqida so‘rashganda “hayotga bo‘lgan muhabbat sabab” deb javob bergan.

Fotokollaj: Kun.uz

1916 yil 21 noyabr tongida Britaniya okean layneri “Britannik” Egey dengizi bo‘ylab suzib borardi. U birinchi jahon urushi ketayotgani sabab shifoxona kemasi sifatida qayta jihozlangandi. O‘sha kuni kema nemis minasiga urilib ketadi va cho‘ka boshlaydi. Hamshira, kema styuardessasi Violet Jyessop o‘sha payti endigina nonushta qilishga o‘tirgandi. U qutqaruv qayig‘iga chiqishdan oldin o‘ziga kerakli narsalarni olishga shoshiladi. Violetning bu darajada xotirjamligi sababi u bundan oldin ham ikki marta dahshatli kema fojialaridan omon qolganida edi.

Shifoxona sifatida xizmat ko‘rsatgan “Britannik” kemasi.

 

“Cho‘kayotgan kemalar malikasi”, “Suvda cho‘kmas xonim” kabi iboralar bilan eslanadigan Violet Jyessop 3 marta juda yirik kema halokatlariga duch keladi va hammasidan o‘ziga bo‘lgan ishonch, kuchli iroda sabab omon qoladi. Oxirgi marta “Britannik” kemasida baxtsiz hodisaga uchraganidan so‘ng ham yana 32 yil, to nafaqaga chiqquncha kemada ishlashni to‘xtatmaydi.

Violet Jyessop kim edi?

Violet Konstans Jyessop 1887 yilda Argentinada irland immigrantlari oilasida tug‘ilgan. Jyessopning oilasi chorvachilik bilan shug‘ullanardi. U bolaligida og‘ir kasalliklar: tif va tuberkulyozga chalinib, deyarli o‘lim yoqasidan qaytadi. Tuzalib ketgani esa deyarli mo‘jizaga teng hodisalar edi.

“Violetni hayotga bo‘lgan kuchli muhabbat davolagan”, deb yozadi uning xotiralari muallifi Jon Makston-Grem.

1903 yilda Jyessopning otasi vafot etgach, uning oilasi Angliyaga ko‘chib kelishadi. O‘shanda Jyessop 16 yoshda edi. Onasi Ketrin oilani boqish uchun Atlantika okeanini kesib o‘tuvchi paroxodlarda styuardessa bo‘lib ishlay boshlaydi.

5 yillik dengizdagi ishdan so‘ng Ketrin kasallikka chalinadi va 21 yoshli Violet oilaning yolg‘iz ta’minlovchisiga aylanadi. U onasining izidan borib styuardessalikni tanlaydi. Garchi styuardessalikka juda yoshlik qilsa-da, Violetning xushmuomalaligi va ingliz, ispan, fransuz tillarini bilishi ishga kirishiga yordam beradi.

Kemalardagi karera

Violet 1911 yilda White Star Line kompaniyasiga qarashli uchta mashhur “opa-singil” kemalarning birinchisi, o‘z zamonasining eng mashhur “Olimpik” kemasida ish boshlaydi. O‘sha yilning sentabr oyigacha hammasi yaxshi ketadi. Biroq 1911 yil 20 sentabrda “Olimpik” kemasi boshqa Britaniya kemasi bilan to‘qnashib ketadi. Olimpik kemasining suv chizig‘idan pastki qismida katta yoriq paydo bo‘ladi. Baxtsiz hodisaga uchragan bo‘lsa-da, kema amallab Angliyaga qaytishga muvaffaq bo‘ladi.

“Olimpik” kemasi.

 

Dahshatli cho‘kish

“Olimpik” kemasi ta’mirlanishi kerakligi sababli Jyessop uchlikdagi boshqa kema, o‘sha mashhur “Titanik” kemasiga ishga o‘tadi. Jyessop ishga kirganidan 7 oycha o‘tgach “Titanik” o‘zining birinchi va so‘nggi safarini amalga oshiradi, biroq elegant layner yo‘lga chiqqanining to‘rtinchi kunidayoq aysbergga urilib cho‘kib ketadi. Kemada bo‘lgan 1,5 mingdan ortiq yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

 

“Titanik” kemasi

Tungi o‘n ikkiga yaqin Jyessop shovqinli tovushlarni eshitadi. Dastlab, u buni shunchaki drel ovozi deb o‘ylaydi. Axir “Cho‘kmas kema” – “Titanik” cho‘kayotgan bo‘lishi mumkin emas! Biroq 3 soat o‘tar-o‘tmas qutqaruv qayig‘idan turib ulkan kemaning cho‘kib borayotganini ko‘rgan Jyessop voqealarni xuddi tushida bo‘layotgandek his qiladi.

1914 yilda birinchi jahon urushi boshlangach, Jyessop ko‘ngilli tarzda hamshira bo‘lib ishlay boshlaydi. Dastlab, bir muddat quruqlikdagi xizmatdan so‘ng, 1916 yildan shifoxona vazifasini bajarayotgan “Britannik” kemasida ishlaydi. Kema Gretsiyaning Keya oroli yaqinida minaga urilganda Jyessop dengizga sakrab omon qolishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq bosh suyagi darz ketadi, oyog‘i qattiq jarohatlanadi. Jyessopning jarohatlari tuzalishi uchun uch yil kerak bo‘ladi. Bu orada urush tugab, laynerlar Atlantika bo‘ylab qatnay boshlagandi.

“Britannik” kemasi.

 

Ketma-ket uchta dahshatli dengiz fojialaridan omon qolgan boshqa kishi bo‘lganda, omad har doim kulib boqavermasligini o‘ylab kemalarda ishlashni to‘xtatgan bo‘lishi mumkin edi, ehtimol. Biroq Violet Jyessop emas. U 1920 yil qayta tiklangan “Olimpik” kemasi bilan ish bo‘yicha shartnoma imzolaydi va to 1950 yil nafaqaga chiqquniga qadar styuardessa bo‘lib ishlashda davom etadi.

Violet Jyessop 1971 yilda, 83 yoshida vafot etadi.

Mavzuga oid