O‘zbekiston | 14:37 / 01.05.2023
13546
3 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​“Kinoga taqlid qilib uyushtirilgan” – Toshkentda maktab o‘quvchilari mushtlashgani yuzasidan izoh berildi

Olmazor tumanidagi 134-maktab o‘quvchilarining mushtlashuvi aks etgan videolar tarqaldi. Mas’ullarga ko‘ra, holat bir yarim oy avval sodir bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

30 aprel kuni Telegram kanallarda Olmazor tumanidagi 134-maktabning bir guruh o‘quvchi yigitlari mushtlashgani aks etgan videoyozuvlar tarqaldi.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha, voqea bir yarim oy avval, 2023 yil 15 mart kuni sodir bo‘lgan. 134-maktabning 8-“B” sinf o‘quvchilaridan bir guruhi Amerika kinosiga taqlidan o‘zaro “mushtlashuv” uyushtirib tasvirga olgan.

Ta’kidlanishicha, voqeadan xabardor bo‘lgan maktab ma’muriyati o‘quvchilar hamda ularning ota-onalarini yig‘ib, muloqot o‘tkazgan. O‘quvchilar xatti-harakatlari uchun kechirim so‘rashgan va o‘sha kuniyoq o‘zaro kelishib ketishgan.

“Hozirda ularning o‘zaro munosabatlari do‘stona, darslarda muntazam qatnashib kelishmoqda. Bu voqea yuz berganidan beri qariyb ikki oy vaqt o‘tgach, videotasvirlarni tarqatishdan kimga qanday naf?! O‘quvchilar o‘rtasiga nifoq solishdan yoki maktab ma’muriyati, ta’lim sohasi xodimlari dilini xira qilishdan kimdir rohatlanadimi?!” deyiladi boshqarma bayonotida.

Bundan tashqari, videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB xodimlari tomonidan tergov-surishtiruv harakatlari boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Yangihayot tumanidagi 331-maktabning yuqori sinfida tahsil oluvchi bir necha qizlar o‘zidan kichik bo‘lgan o‘quvchini kaltaklagani ask etgan video ham tarqalgandi. Keyinroq maktab rahbariyati jabrlanuvchi bir behayo suratda yuqori sinfda o‘quvchi qiz tasvirlanganini aytib, maktabda mish-mish tarqatgani sabab uni do‘pposlashganini ma’lum qilgandi.

Bu voqeadan ikki kun o‘tib Shayxontohurda maktab o‘quvchilari bir bo‘lib boshqa qizni do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. O‘shanda “mushtumzo‘r” qizlar bir oy avval gap talashib qolgani sabab o‘zidan katta bo‘lgan maktabdoshini “samosud” qilgani aytilgandi.

Mavzuga oid