O‘zbekiston | 23:56 / 02.05.2023
38181
16 daqiqa o‘qiladi

Sardoba fojiasiga 3 yil: oldini olish mumkin bo‘lgan falokat va uning oqibatlari

«Sardoba» suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik texnogen fojia hisoblanadi.

Voqealar xronologiyasi

2020 yil 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining devorida suv sizib chiqa boshlaydi. Suv omboriga yaqin hududdagi aholini evakuatsiya qilishga kirishiladi. FVV suv bosishi xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda yashovchilar ham xavfsiz joylarga evakuatsiya qilinayotgani haqida xabar berdi.

Fojia sabablarini o‘rganish maqsadida zudlik bilan hukumat komissiyasi tuzildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan o‘zi hodisa joyiga borib, avariya oqibatlarini ko‘zdan kechirdi, evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Suv ostida qolgan mahallalar aholisi dastlab yaqin-atrofdagi mahallalarga joylashtirilgan bo‘lsa, keyinchalik u yerlarni ham suv bosgani tufayli Jizzax viloyatining Do‘stlik, Paxtakor, Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlaridagi maktab, kollej va aholi xonadonlariga, ayrimlar esa Sirdaryoning boshqa shahar va tumanlariga ko‘chirila boshlandi. Umumiy hisobda 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz joyga ko‘chirildi.

Davlatning yordamini kutmay boshqa hududlardagi qarindoshlarinikidan boshpana topganlar ham ko‘p bo‘ldi. To fojia oqibatlari bartaraf etilib, bor budidan ayrilgan fuqarolar uchun yangi uy-joylar qurib berilguniga qadar ko‘pchilik sargardonlikda kun kechirishga majbur bo‘lganini alohida qayd etib o‘tish kerak.

Toshqin yuz bergan joyda 2ta brigada tashkil etilib, to‘g‘on yorig‘ining chap va o‘ng qirg‘oqlarini tiklashga kirishildi. Yuzlab malakali mutaxassislar, mingdan ortiq maxsus texnika qurilish-tiklash ishlariga jalb etildi.

Keyinchalik Kun.uz’ga intervyu bergan mahalliy aholi vakillari jarayon qanday bo‘lganini so‘zlab berishgandi.

«Har kuni ertalab soat 5 da uyg‘onamiz. Sardoba o‘pirilgan kuni ham erta uyg‘onib, hovlida aylanib yurgandim. Bir payt darvozani kimdir juda qattiq ura boshladi. Shunchalik urardiki, u odamni kim bo‘lsa ham so‘kmoqchi bo‘lib, darvozaga qarab yurdim. Darvozani ochsam, qo‘shnimizning bolasi ekan. «Bobo, suv kelyapti, suv ombori toshibdi», – deydi.

Bu vaqtda bolalar uyda uxlab yotardi. Tezda ularni uyg‘otdim. Oyog‘imizga, yelkamizga nima ilinsa, oldig-u, ko‘chaga qarab chopdik. Kampirim bilan pasportimizni ham olishga ulgurgan ekanmiz.

Ko‘chaga chiqsak, suv toshqinidan xabar topgan hamma yugurardi. Odamlar to‘g‘ri kelgan mashinaga osilishyapti. Yana kimdir eshak aravada, boshqasi piyoda yuguryapti. 12-13 km yugurib, xalq tilida 7-sovxozga yetdik. Ko‘pchilik shu tomonga yig‘ildi. Shu yerda ko‘pchilik yana har tomonga yurdi. Biz ham Jizzaxning Paxtakor tumanida yashovchi o‘g‘illarimning uyiga ketdik», – deya 1 may xotiralarini eslaydi Baxtiyor Narimonov.

Soat 15:00da to‘g‘ondan suv sizib chiqishi kamaygan bo‘lsa, soat 17:00 da esa batamom to‘xtadi. Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgani aytildi.

Ammo keyinchalik suv ombor suvi qo‘shni Qozog‘istondagi aholi punktlarigacha oqib borgani ma’lum bo‘ldi. Natijada Turkiston viloyatidagi 10ta aholi punkti suv ostida qolgan, 14ta aholi punktidan 31 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan.

3 maydan boshlab xavfsiz joylarga olib ketilganlar uylariga qayta boshladi. Shu kuni Jizzaxga evakuatsiya qilinganlarning 900 nafari uyga qaytgani xabar qilindi. Shavkat Mirziyoyev uylariga qaytgan aholi vakillari bilan uchrashib, ularning ko‘nglini ko‘tardi.

Zarar ko‘lami

Ofat 10ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 23ta aholi punkti, hududlardagi 4711ta turar va 277ta noturar joy obektlariga hamda 30 718 gektar ekin maydonlariga zarar yetkazgan. Toshqindan talafot ko‘rgan 4351ta xonadonning 2570tasi yaroqsiz holga kelgan, 1781tasiga qisman zararlangan.

Toshqin tufayli Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining jami 32 381 gektar maydonlari talafot ko‘rgan. Shundan 549 gektari aholi tomorqa ekin maydonlari hisoblanadi.

19 592 gektar yer maydonida qishloq xo‘jaligi ekinlari suv ostida qolib talafot ko‘rgan. 108 ta fermer va qishloq xo‘jalik korxonasining jami 16,525 gektar yeri zararlangan. 9734 gektar chigit, 6821 gektar g‘alla, 231 gektar sabzavot ekinlari, 1095 gektar poliz, 14 gektar kartoshka, 154 gektar bog‘ va 83 gektar bog‘ oralariga ekilgan sabzavot ekinlari suv ostida qolib, yaroqsiz holatga kelgan.Qishloq xo‘jaligiga yetgan talafotni qoplash uchun davlat budjetidan jami 9,5 mlrd so‘m ajratilgandi.

Fojia oqibatida 31719 ta uy hayvoni yo‘qolgan bo‘lib, ularning 13685 tasi yirik va mayda shoxli qoramol, otlar; 17752 tasi parranda va 282 tasi boshqa hayvonlardir. Tirik holda topilgan 5160 ta yirik va mayda shoxli qoramol, 5143 ot o‘z egalariga qaytarilgan. Toshqinda 6 mingga yaqin uy hayvonlari nobud bo‘lgan.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatdagi 845ta uy, 3ta maktab, 5ta bolalar bog‘chasi, 4ta tibbiyot muassasasi, 1ta madaniyat uyi va 54,7 km uzunlikdagi yo‘l ostida qolgan; 7 639 gektar ekin maydoniga zarar yetganini bildirdi.

Qozog‘iston tomoni fojia oqibatida ko‘rilgan zarar miqdori 404 million tenge atrofida deb baholagan. O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birga toshqin sabab uy-joyi suv ostida qolganlarga yangi uylar qurib berdi.

Qutqaruvchilar tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlarida jami 138 kishi toshqin oqibatlaridan qutqarilgan. Shu bilan birga, 300dan ortiq kishi harbiy vertolyotlar orqali xavfli hududlardan olib chiqilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fojia oqibatida 6 kishi (2 nafar ayol, 4 nafar erkak) halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan. Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 3 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ulardan biri qutqarilgan, biri halok bo‘lgan, yana biri bedarak yo‘qolgan deb topilgan.

FVV dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 8 ta bolalar bog‘chasi, 16 ta maktab, 7 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta kollej, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 13 ta respublika ahamiyatidagi ko‘prik, 52 km uzunlikdagi yo‘l, 1 ta dehqon bozori, 282ta tadbirkorlik sub’yekti (53ta yuridik va 90ta yakka tartibdagi tadbirkorlar)ning 143ta mulkiga jiddiy talafot yetgani, shuningdek, 99 ta ko‘p qavatli turar joy binosi qisman zararlanganini ma’lum qildi.

Favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish, jumladan hodisa oqibatida jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatish uchun respublika budjetidan dastlabki yordam sifatida 100 mlrd so‘m ajratildi. Keyinroq toshqindan jabrlangan 4,5 mingdan ortiq oilaga yana 40 million so‘mdan berildi.

Jabrdiydalarga davlat tomonidan bepul qurib berildi, shuningdek, ularning hovlilari ham o‘zlarida qoldirildi. Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun uchta massivda jami 2 640 kvartirali 66ta 5 qavatli uy barpo etildi.

Umuman olganda, jabrlanuvchilarga jami qancha mablag‘ berilgani, texnogen falokat mamlakat g‘aznasiga qanchaga tushgani ochiqlangani yo‘q. Faqatgina toshqin oqibatlarini bartaraf qilish maqsadida davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m xarajat qilinishi rejalashtirilgani aytilgan xolos. Sarf-xarajatlar kalkulyatsiyasi jamoatchilikka taqdim etilmagan.

Avariyaga nima sabab bo‘lgandi?

Fojia sabablarini o‘rganish asnosida juda ko‘p versiyalar o‘rtaga tashlanganini ta’kidlab o‘tish kerak. Ularning aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda istehzo va muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, dastavval suv ombori to‘g‘oni buzilishiga kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgani aytildi. Vaholanki, fojia yuz bergan kuni va undan avval ham Sirdaryoda vayronkor kuchga ega bo‘lgan shamol yoki yog‘ingarchilik kuzatilmagandi.

Tergovchilar Sardoba to‘g‘oni o‘pirilishiga laqqa baliqlar sabab bo‘lganiga oid versiyani ham o‘rganishgan. Bu versiyaga ko‘ra¸ suv omborida ko‘paytirilgan yirtqich baliqlar¸ xususan¸ katta-katta laqqa baliqlar¸ to‘g‘on devori yemirilishiga sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘on qulaganidan so‘ng qo‘shni Qozog‘istonning suv bosgan hududlaridan olingan videolarda Sardoba suvida katta-katta baliqlar¸ xususan¸ laqqa baliqlarning ko‘pligi ko‘ringani bu versiyaning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan.

Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutining zoolog mutaxassislari Sardoba suv ombori o‘pirilishiga ko‘rsichqon va tulkilarning ta’siri o‘rgangan. Bunga to‘g‘on atrofida oddiy ko‘rsichqon, Tamarisk qumsichqonining inlari, tulki ini topilgani asos bo‘lgan. Tadqiqot natijalari bu jonivorlar “to‘g‘onning yaxlitligiga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmasligini” ko‘rsatgan.

Fojianing oldini olish mumkin edimi?

Sardoba texnogen falokati bo‘yicha mahalliy xabar berish tizimi ishlab chiqilishi kerak bo‘lsa-da, bu amalda bajarilmagan. Omborda suv ma’lum sathga ko‘tarilganda 1 soat ichida avtomatik tarzda xabar berib turadigan ushbu tizim juda qimmat turgani uchun obekt rahbariyati «Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunga zid ravishda zimmasidagi majburiyatni ado etmagan.

Kanadada yashovchi o‘zbek muhandisi Sharofiddin Qaraboyev Kun.uz’ga bergan intervyusida 404 mln dollar evaziga bunyod etilgan Sardoba suv ombori to‘g‘onida xavfdan ogohlantiruvchi sensorlar o‘rnatilmagani haqida to‘xtalib, buni «qimmatga tushuvchi tejamkorlik» deb atagandi.

Mutaxassisga ko‘ra, bunday tizim o‘zbekistonlik rasmiylar aytganidek qimmat emas, axborot texnologiyalari bozoridan istalgan narxdagi ogohlantirish tizimini topish mumkin. Agar ushbu tizim bo‘lganida, shuningdek, suv omborida yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy halokat oqibatlari oldindan modellashtirilganda fojianing oldini olish yoki hech bo‘lmaganda talafot ko‘lamini kamaytirish mumkin edi deya ta’kidlaydi ekspert.

Niderlandiyada joylashgan DELTARES mustaqil tadqiqot markazi ekspertlari «Sardoba» suv ombori to‘g‘oni uzoq vaqt davomida tanaffuslar bilan qurilgani texnogen avariyani yuzaga keltirgan sabablardan biri bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashgan.

Aybdorlarga berilgan jazo

3 may kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Sardoba» suv omboridagi avariya bo‘yicha Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatilgani haqida xabar berdi.

«Mening topshirig‘imga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan suv toshqini bilan bog‘liq voqea yuzasidan obektiv, xolis va keng qamrovli tergov harakatlari boshlangan.

Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari bo‘yicha barcha aybdorlar, kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi», degan edi o‘shanda davlat rahbari.

Sardoba voqeasidan so‘ng respublikadagi barcha gidroinshootlar, to‘g‘on va GESlar tekshiruvdan o‘tkazila boshlandi.

Jamoatchilik ro‘y bergan fojiada «O‘zgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov va uning o‘g‘li, 2018 yildan buyon «To‘palang HPD systems» MChJga direktorlik qilib kelayotgan Islom Abdurahmonovni ayblashdi. Biroq «O‘zgidroenergo» AJ matbuot xizmati tomonidan bu iddaolar rad etildi.

Dastlabki tergov davomida jami 170 nafardan ziyod shaxs tergov guruhi a’zolari tomonidan guvoh tariqasida so‘roq qilinib, suv omborini loyihalashtirish, qurilish va ekspluatatsiya qilish jarayonlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar olingan.

2021 yil 10 may kuni O‘zbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ro‘y bergan avariyada «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» UK bosh direktorining o‘rinbosari – Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan M.Xolmatovni aybdor deb topib, uni 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Yana 4 sudlanuvchi 5 yil, bir nafari 4 yilga qamaldi.

2022 yilning 18 sentabrida Sardoba fojiasi bo‘yicha yana 29 kishiga sud hukmi o‘qildi. Javobgarlikka tortilganlar orasida «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj», «Ko‘prik qurilish butlash», «Sardoba tumani yo‘llardan foydalanish» unitar korxonalari, «UzGip» MChJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish bo‘limi, «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning Gidrotexnik inshootlarni qurish direksiyasi xodimlari bor. Sud hukmida sudlanuvchilardan solidar tartibda davlat hisobiga 115 mlrd 811 mln so‘m undirish belgilangan.

Xalqni birlashtirgan ofat

Mashaqqat va sinovlar xalqni jipslashtirishi Sardoba fojiasi misolida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Avariyaning ilk lahzalaridanoq kimlardir toshqin bo‘lgan hududlar aholisi uchun eshigini ochgan bo‘lsa, kimlardir talafotzodalarni zaruriy oziq-ovqatlar, ichimlik suvi, tibbiyot vositalari bilan ta’minladi.

O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ham Sirdaryoga yordam oqib kela boshladi. Dastavval avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun Samarqanddan katta miqdorda tosh-shag‘al va beton plitalari yuborilgan bo‘lsa, keyinchalik ko‘ngillilar toshqindan jabr ko‘rganlarga ko‘mak aksiyasini boshlab yuborishdi va bu aksiya umummilliy harakatga aylanib ketdi. Bu ishga oddiy fuqarolardan tortib amaldorlar, nodavlat tashkilotlardan tortib davlat organlarigacha hissa qo‘shishdi. Savobli ishga xorijdagi vatandoshlar, san’atkorlar, blogerlar va turli soha vakillari bosh-qosh bo‘lishdi.

Respublikaning har bir hududida Sardoba fojiasi natijasida talafot ko‘rganlar uchun insonparvarlik yordamini to‘plash markazi tashkil qilindi.

“Xalqimizdan minnatdorman. Karantin tufayli [Fojia koronavirus pandemiyasi tufayli respublika miqyosida karantin cheklovlari joriy etilgan vaqtda sodir bo‘lgandi – tahr.] ko‘pchilikning ishi to‘xtab qolganligiga qaramay qo‘ng‘iroqlar tinmayapti, ataganlarini olib kelayotganlarni tushirib olishga yigitlarimiz ulgurishmayapti. Kimdir qoplab un, shakar kabi mahsulotlar olib kelsa, yana kimdir uyidagi gilamidan tortib kiyimlarigacha ko‘tarib kelyapti. “Imkonimiz qisqaroq edi, yopilgan bankalarim, yaxshi idishlarim bor, shularni berib yuboryapman...”, yoki “Pulim yo‘q edi, borib xizmatim bilan yordam bersam maylimi?” – deb qilingan qo‘ng‘iroqlarni eshitib qanday qilib ko‘zimiz yoshlanmasin?” degan edi insonparvarlik yordami tashkilotchilaridan biri.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid