Jahon | 13:53 / 03.05.2023
8060
2 daqiqa o‘qiladi

"Rosgvardiya" sobiq polkovnigi "feyklar" uchun 6 yilga qamaldi

Valeriy Kotovich “yolg‘on ma’lumot tarqatish” moddasi bo‘yicha olti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.Uning hamkasblari o‘z rahbarlariga u go‘yoki Rossiya armiyasini bosqinchi deb ataganini aytishgan, deb yozadi “Kommersant”.

Valeriy Kotovich / Foto: Kommersant

Rostov-Don shahridagi garnizon harbiy sudi Rossiya gvardiyasining sobiq polkovnigi Valeriy Kotovichni xizmat mavqeyidan foydalangan holda Rossiya Qurolli kuchlari haqida “yolg‘on ma’lumot” tarqatganlikda ayblab, olti yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb yozadi “Kommersant” gazetasi 2 may, seshanba kuni.

Kotovich unvonlari va ozodlikka chiqqanidan keyin uch yil davomida bir qator lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilindi. Ofitserning bir nechta hamkasblari rasmiylarga u go‘yoki rus armiyasini bosqinchi va tajovuzkor deb ataganini aytishgan.

Valeriy Kotovich asli ukrainalik, deb yozadi “Kommersant” ish materiallariga tayanib. Qrimdagi Ukraina ichki qo‘shinlarida xizmat qilgan. 2014 yilda u Rossiya fuqaroligini oldi va Rossiya Federatsiyasi huquqni muhofaza qilish organlari xizmatiga kirdi. 2020 yildan beri u Rossiya gvardiyasi bo‘linmalaridan birining ta’minot bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

U o‘z aybiga iqror emas, deb xabar berdi sud matbuot xizmati “Kommersant”ga. Hukm hali kuchga kirmagan, himoyachi apellyatsiya bergan.

Mavzuga oid