«Ularni yo‘q qilish kerak». Moskva va Kiyevda Kremlga dronlar hujumiga qanday reaksiya qilishmoqda?
Rossiyalik deputatlar va propagandachilar Kiyev va Zelenskiyning qarorgohiga zarba berishga chaqirmoqda. Ukraina «faqat mudofaa urushi olib borayotgani»ni ta’kidlamoqda.
Kreml matbuot xizmati 3 mayga o‘tar kechasi Vladimir Putinning Kremldagi qarorgohiga dronlar hujumi uyushtirilgani haqida xabar berdi. Rossiya prezidenti bu vaqtda u yerda bo‘lmagan. Shundan so‘ng rossiyalik sharhlovchilar Kremlni «reja asosida va shafqatsizlik bilan» javob zarbalari yo‘llashga chaqira boshladi. Kiyev hodisaga aloqadorligini rad etib, bunday yo‘l tutsa, bu Rossiyaga Ukrainada tinch aholiga hujumlarni oqlash uchun asos berishini ta’kidlamoqda.
Kremldagi binolardan biri ustida qora tutun hosil bo‘lgani aks etgan dastlabki video moskvaliklar guruhida tunda paydo bo‘lgan. Kun davomida Kreml matbuot xizmati «Kremldagi qarorgohga uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan hujum qilishga urinish» bo‘lgani haqida xabar berdi. Shundan so‘ng dronlar zarbasi aks etgan yana bir qancha videolar tarqaldi.
Hodisaga Moskv va Kiyevda qanday munosabat bildirilmoqda?
Javob zarbalariga tashnalik
«Rossiya tomoni o‘zi xohlagan joyda va vaqtda javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi», deyiladi Kreml xabarida.
Rossiyalik siyosatchilar va hukumatparast z-blogerlar ham Ukrainaga hujumlarni kuchaytirishga chaqirmoqda, ularning fikricha, Kiyev «qizil chiziq»ni bosib o‘tgan.
«Prezidentga nisbatan sodir etilgan terakt — bu Rossiyaga hujumdir», dedi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Kiyev rejimi» (u Kiyevdagi hukumatni terrorchi deb atagan) «Rossiya, Yevropa, butun dunyo xavfsizligiga tahdid solmoqda».
«Zelenskiy rejimini qurollar bilan to‘yintirgan G‘arb mamlakatlari siyosatchilari anglashi kerakki, ular terrorchilik faoliyatining nafaqat homiysi, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokchisi ham bo‘lib qolishdi», degan u va «Kiyevdagi terrorchi rejimni to‘xtatish va yo‘q qilish»ga qodir qurolni qo‘llashni talab etgan.
Davlat dumasining Qrimdan bo‘lgan deputati Mixail Sheremet Volodimir Zelenskiyning Kiyevdagi qarorgohi bo‘ylab zarba berishga chaqirgan. «Kiyevda terrorchilar o‘tirib olgan, ular bilan esa, barchaga ma’lumki, muzokara o‘tkazishdan ma’no yo‘q. Ularni faqat yo‘q qilish kerak, zudlik bilan va shafqat qilmasdan. Zelenskiyning Kiyevdagi qarorgohiga raketa zarbasi yo‘llash vaqti keldi. Koordinatalarni berishga tayyorman — Bankovaya ko‘chasi, 11, o‘sha yerda Ukraina prezidenti administratsiyasi joylashgan», degan deputat.
Deputat Aleksey Juravlev ham Kiyev markazini nishonga olib zarba berishni taklif qilgan: «Prezident ofisini yo‘q qilish, Oliy Rada, Bosh shtab, Ukraina maxsus xizmatlari joylashgan binolarni butunlay vayron qiling».
Rossiyaning sobiq prezidenti, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni «jismonan yo‘q qilish» tarafdori ekanini ma’lum qildi.
Harbiy muxbir Aleksandr Kots Bankovaya ko‘chasiga zarbalar yo‘llashdan ma’no ko‘rmasligi, «markazlarga emas, qaror qabul qilayotgan odamlarning o‘ziga zarba berish kerakligi»ni aytgan. Kots bu ishni «qat’iy tartib bilan, reja asosida va shafqatsiz» amalga oshirishni maslahat qilgan.
«Spravedlivaya Rossiya» partiyasi rahbari Sergey Mironovning fikricha, Kremlga hujum - «haqiqiy urush uchun bahona» hisoblanadi. «Bizda ularning bunkerlariga yo‘llash uchun nimadir bor. Harakat qilish vaqti keldi! Ortiqcha mulozamatni bas qilishning ham!» deya yozgan Mironov va bo‘lib o‘tgan hodisa «Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlariga savollar tug‘dirishi»ni qayd etgan.
«Balki, endi chinakamiga boshlanar?» deya savol qo‘ygan RT telekanali rahbari Margarita Simonyan telegram-kanalida.
«Yedinaya Rossiya» a’zosi, deputat Oleg Morozov Volodimir Zelenskiyni terrorchi deb e’lon qilish lozimligini aytgan. «Dushmanni Rossiyada bunday harakat uchun o‘lim bilan jazolash imkoniyati borligiga amin qiluvchi zarba kerak», deb hisoblaydi u.
Taniqli z-bloger German Kulikovskiyning «Starshe Eddy» kanalida Kremlga oxirgi marta 80 yil muqaddam hujum qilinganiga e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, Kremlga zarba yo‘llanishi Ukraina qurolli kuchlarining imkoniyatlaridan xabardor bo‘lganlar uchun kutilmagan holat bo‘lmadi. Kanal rossiyalik harbiylarning «dushmanning muhim infratuzilmalari»ni yo‘q qilishni «boshlash va yakunlamaslik» amaliyotini tanqid qiladi.
VGTRK xodimi Andrey Medvedev ham Kremlga zarba berilishi oldindan kutilgan hol edi deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu urush yakuniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, hujumning o‘ziga esa «uch baho». «Hech qanday falokat yo‘q. Faqat tahqirlovchi, yoqimsiz vaziyat bor. Ammo bu o‘ldirmaydi. Jang qilishda davom etish kerak. O‘z xatolaringdan xulosa chiqarish kerak», deya yozgan Medvedev.
Kiyevning reaksiyasi
Shimoliy Yevropa mamlakatlari sammitida chiqish qilgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevning Kremlga hujumga aloqadorligini rad etdi.
«Biz Putinga ham, Moskvaga ham hujum qilmayapmiz, biz o‘z hududimizda jang qilyapmiz, qishloq va shaharlarimizni himoya qilmoqdamiz. Buning uchun qurolimiz ham yetarli emas... Shuning uchun biz uni [hali] boshqa joyda qo‘llamaymiz. O‘zimizda taqchillik. Biz nimanidir qayerdadir ishlata olmaymiz. Shuning uchun biz Putinga hujum qilganimiz yo‘q, buni [xalqaro] tribunalga qoldiramiz», dedi Ukraina prezidenti Helsinkida.
Undan oldinroq esa Kremlga hujum haqidagi xabarlar ortidan Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak o‘z telegramm-kanalida o‘ziga xos reaksiya qilgandi, u olovni ifodalovchi uch emojini joylashtirgan, ammo keyin bu xabarni o‘chirib yuborgandi.
Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov ham Kiyevning Kremlga zarbalarga aloqadorligini rad etgan.
«Bizda Kremlga tungi hujumlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo, prezident Zelenskiy bir necha bor ta’kidlaganidek, Ukraina barcha mavjud kuch va vositalarni o‘z hududlarini ozod qilishga, boshqalarga hujum qilmaslikka yo‘naltiradi.
Terrorchi davlat so‘zlari alohida taajjubga sabab bo‘ladi. Aslida terakt deb Dnipro va Umandagi uylar pod’yezdlari yoki Kramatorskdagi vokzal o‘qqa tutilishi va boshqa ko‘plab fojialarga aytiladi. Kremlda sodir bo‘lgan voqea esa shunchaki 9 may arafasida vaziyatning keskinlashuvidan dalolatdir», degan u.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak bu hodisani - Rossiyaning «keng ko‘lamli terrorchilik aktiga tayyorgarlik ko‘rishi» deb atadi.
«Ukraina faqat mudofaa urushi olib bormoqda va Rossiya Federatsiyasi hududidagi obektlarga hujum qilmayapti. Bu bizga nega kerak? Bu hech qanday harbiy masalani hal qilmaydi. Ammo Rossiyaga o‘zining tinch aholiga hujumlarini oqlashga imkon beradi», degan Podolyak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi energetika obektlari yoki Kreml atrofida noma’lum dronlar paydo bo‘lishi mahalliy qarshilik kuchlarining ishlaridan dalolat beradi, xolos. «Ma’lumki, dronlarni istalgan harbiy do‘kondan sotib olish mumkin», deya xulosa qilgan Podolyak.
Ukrainadagi «Sluga naroda» partiyasi raisi David Araxamiya o‘z insaydlariga tayanib, Kremlga hujum Putin sabab sanksiyalar ostida qolib ketgan rossiyalik oligarxlar buyurtmasi bilan sodir etilganini taxmin qildi.
«Bu «arazlaganlar guruhi»ning birinchi kollektiv o‘yini bo‘ldi va oxirgisi bo‘lmaganiga umid qilaman», deb yozgan Araxamiya.
Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligi spikeri Yuriy Ignat bu noma’lum uchar jismlar hujumi bo‘lishi mumkinligini aytib kinoya qildi.
«Agar Rossiya Ukraina tomonidan eskalatsiyani ko‘rsatishga harakat qilsa, Rossiya doim shunday qiladi. Poytaxtning qoq markazida bunday ishlar bo‘lishi — bu menga kamida g‘alati ko‘rinmoqda», degan u.
Dronlarga taqiq
Kremlning hujum haqidagi xabaridan biroz oldinroq Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtda dron uchirishga taqiq joriy etdi. Faqat «davlat hokimiyati organlari qarori bilan foydalaniladigan» apparatlar uchun istisno qilingan.
Deputat Aleksandr Xinshteyn uchuvchisiz uchish apparatlarni qonunchilik bilan tartibga solishni taklif etdi. «Shubhasiz, xavfsizlik masalalariga bavosita daxldor bo‘lgan ushbu muhim masalaning barcha sohalarini qat’iy tartibga soluvchi qonunlar majmuasini zudlik bilan ishlab chiqish va qabul qilish zarur», deya yozgan deputat.
Boshqa bir deputat Aleksey Juravlev «Kremlda va boshqa joylarda dronlarni to‘suvchi eskadrilya shakllantirish»ni taklif qildi.
Parad bekor qilinmaydi
Kremlya hujum «G‘alaba kuni, ko‘plab xorijiy mehmonlar ham ishtirok etishi kutilayotgan 9 may bayrami arafasida» amalga oshirilganiga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga, prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov parad baribir o‘tkazilishi va Putin 9 mayni nishonlashda ishtirok etishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Peskov Putin odatiy rejimda ishlashda davom etayotgani, bugun - Novo-Ogarevodagi qarorgohida ishlayotganini aytgan.
Mavzuga oid
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
15:13 / 21.12.2024