AKTV va Aloqabank binolarining Aloqabank krediti hisobiga sotilishi bekor qilingan - MB raisi
Toshkentning qoq markazida ro‘y bergan shubhali xususiylashtirish natijasi bekor qilingani aytildi. Davlat bankida ro‘y bergan, millionlab dollar haqida gap ketayotgan holatga bir oydan buyon hech qaysi huquq organi munosabat bildirmay kelmoqda.
Raqamlashtirish vazirligi va Aloqabankning Toshkent markazidagi binolari Aloqabankdan olingan kreditga hisobiga sotib olinishi bilan bog‘liq xususiylashtirish jarayoni bekor qilingan. Bu haqda Kun.uz muxbirining savoliga javoban 4 may kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi.
“Bu narsa bekor bo‘ldi. Kredit ajratilishi ham, [binoning] sotilishi ham bekor qilindi”, – dedi u.
Nurmurodov bu holat haqida xabar bergan jurnalistlarga minnatdorchilik bildirdi.
Hozirga qadar bu shubhali keys bo‘yicha huquq organlaridan hech qanday munosabat bo‘lmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 4 aprel kuni E-auksion savdo platformasida Toshkent shahri Mirobod tumani, Amir Temur shohko‘chasi, 4-uy manzilida (Amir Temur xiyoboni oldida) joylashgan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Aloqabank binolarini sotish bo‘yicha savdolar yakunlangan edi. Har ikkala davlat aktivi bitta kompaniyaga sotilgandi.
Aloqabank bosh ofisi binosi 10 daqiqa 44 soniyada 317,14 mlrd so‘mga sotilgan, bu – lotning boshlang‘ich bahosidan (302 mlrd so‘m) 5 foizga ko‘p. G‘olib bo‘lgan taklif “Black Gold Industry News” tomonidan bildirilgan.
Oradan 9 soniya o‘tib, ushbu kompaniya Raqamlashtirish vazirligi binosini sotib olish uchun o‘tkazilgan ikkinchi kimoshdi savdosida ham g‘olib chiqadi. Bu ko‘rsatkich ham dastlabkisidan 5 foizga oshib, 69,85 mlrd so‘mni tashkil etgan. Mazkur lot 66,5 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarilgandi.
E’tiborlisi, 3 aprel kuni – kimoshdi savdosidan bir kun avval Aloqabank ushbu kompaniyaga 15 yil muddatga, 14 foiz stavkada 390 mlrd so‘m kredit ajratgan. 390 mlrd so‘m – bank aktivlarining 20,4 foizini tashkil etadi.
390 mlrd so‘m kredit olgan kompaniyaga ikkita bino xaridi 387 mlrd so‘mga tushgan. Kompaniyaga ajratilgan kredit stavkasi – 14 foiz bozor narxidan ancha arzon. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21,9 foizni tashkil qilgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor “Black Gold Industry News” MChJ 2022 yil 31 yanvarda Samarqand shahrida ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 8 mln so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – tog‘-kon sanoati sohasi bilan bog‘liq. Kompaniyaning yagona ta’sischisi va rahbari sifatida Jalolov Ziyodulla Ilyosiddin o‘g‘li ko‘rsatilgan.
11 aprel kuni bu xaridga samarqandlik biznesmen Xurshid To‘rayev aloqador bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. To‘rayev Instagram'dagi sahifasiga bu savdo haqidagi xabar skrinshotini joylab, “tadbirkorlik faoliyatida katta qadam” tashlaganini yozdi.
“Bu safar respublikamizni qoq markazida hamyurtlarimiz va yurtimiz mehmonlari uchun qulay makon yaratishga kirishdik, duo qilib qo‘yasizlar”, – deyilgandi postda. Keyinroq bu post o‘chirildi.
Tadbirkor Instagram'dagi stories'da ham shu xabar skrinshotini joylab, #sxfnewmakon heshtegini yozdi. Bu nom Qarshidagi “SXF Qarshi Mall” va Samarqanddagi “SXF Makon Mall” savdo-ko‘ngilochar markazlarining nomlariga o‘xshaydi. Yagona reyestrda Xurshid To‘rayev SXF Construction Group nomli qurilish kompaniyasi rahbari ekani ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
14:41 / 11.12.2024