Jahon | 19:54 / 04.05.2023
21456
10 daqiqa o‘qiladi

Kremlga hujum Ukrainaga nega kerak bo‘lishi mumkin? Bu Rossiyaning provokatsiyasi emasmi?

Siyosatshunos Kirill Shamiyev asosiy versiyalarni muhokama qildi.

Foto: Yuriy Kochetkov / EPA / Scanpix / LETA

3 mayga o‘tar kechasi Vladimir Putinning Kremldagi qarorgohiga ikkita dron hujum qildi. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, prezident o‘sha paytda Kremlda bo‘lmagan. Hujumni aynan kim uyushtirgani noma’lum. Rossiya rasmiylari Ukrainani ayblamoqda. Kiyevdagilar «Moskvaga ham, Putinga ham» hujum qilmaganini aytmoqda va bu Rossiyaning provokatsiyasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Meduza bu nazariyalar haqida siyosatshunos, fuqarolik-harbiy munosabatlar bo‘yicha tadqiqotchi va Yevropa tashqi ishlar kengashining taklif qilingan tadqiqotchisi Kirill Shamiyev bilan suhbatlashdi.

— Sizningcha, Rossiya rasmiylarining Ukraina Kremlga hujum qilgani haqidagi versiyasi qanchalik asosli?

— Menimcha, bu ko‘p sabablarga ko‘ra mantiqiy. Keling, bu Darya Dugina va Vladlen Tatarskiyning o‘ldirilishi mantig‘iga to‘g‘ri kelishidan boshlaylik. Bu hech qanday harbiy va hattoki, bevosita ma’muriy ahamiyatga ega bo‘lmagan juda ramziy nishonlarga hujum. Bular prezident ma’muriyatining ba’zi amaldorlari emas, «Pervyy kanal» targ‘ibotchilari emas, balki Z-vatanparvar rus jamoatchiligi uchun mafkuraviy jihatdan juda muhim odamlar.

Menimcha, Ukraina siyosiy rahbariyati imkon qadar Rossiyadagi ichki siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilmoqda. Hozir ommaga e’lon qilingan Qrimning ozod etilishi katta vazifadir. Agar Kremldagi siyosiy hokimiyat hozirgidek qattiqqo‘l bo‘lib qolsa, bu hududlarni harbiy yo‘l bilan qaytarish juda qiyin bo‘ladi.

[Ammo] Rossiyada [urush boshlanganidan keyin] kim qoldi? Ko‘pchiligi – hamma narsadan norozi Z-jamoat vakillari, boshqalari esa davlat tomonidan bosim ostida qolganlar. Qotilliklar ham, ramziy hujumlar ham [urushni qo‘llab-quvvatlovchilarning] yana bir g‘azabi. Vladimir Putin mag‘lub bo‘layotganining yana bir belgisi. Bu — Kremlni qo‘riqlayotgan FSO uchun ham, Vladimir Putin uchun ham sharmandalik.

Ikkinchi nuqta – Ukrainaning reaksiyasi. Ular hech qachon mas’uliyatni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z zimmasiga olmaydi, ammo [Ukraina rasmiylarining] OAVdagi izohlaridan reaksiya muvofiqlashtirilgani aniq.

Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda biz [Rossiyada] temiryo‘l infratuzilmasiga bir necha hujumlarni, elektr infratuzilmasiga muvaffaqiyatsiz hujumlarni ko‘rdik. Shuningdek, Qrimdagi harbiy texnika uchun yonilg‘i yetkazib beruvchi neft omboriga dron hujumi sodir etildi. Menimcha, [Ukraina armiyasining] qarshi hujumi allaqachon boshlangan. Buni shakllanish bosqichi deb atash mumkin.

[Bu] hujumlar nafaqat front uchun muhim bo‘lgan infratuzilmaga, balki Rossiyaning chuqur ichkari hududlariga ham amalga oshirilmoqda. Ular Kremlni havo hujumidan mudofaa tizimlarining bir qismini ichkariga yo‘naltirishga majbur qiladi va shu bilan frontda ushbu tizimlarni kamaytiradi. Rossiya rasmiylarining paranoyyasi, (Kreml kabi) ramziy nishon hisobga olinsa, biz Moskvada yana ham ko‘proq havo mudofaa tizimlari paydo bo‘lishini kutishimiz mumkin. Bu nima degani? Bu ularning frontda kamayishini anglatadi, Ukraina aynan shunga erishmoqchi.

— Kreml uzra tutun tasvirlangan ilk videolar tunda paydo bo‘lgani, ammo hujum haqida faqat kunduzi keng xabar tarqalgani sizda bu versiyaga shubha paydo qilmaydimi?

— Bu dalil birinchi farazimga nisbatan shubha paydo qiladi, lekin uni rad qilish uchun yetarli emas. Ishonchim dastlabki 70 foizdan 65 foizgacha tushib ketganini ayta olaman. Yangi ma’lumotlar paydo bo‘lsa, farazimni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.

— Bu vaziyatda Kreml uchun qandaydir foyda ko‘ryapsizmi? U ruslarni «birlashtirishi» mumkinmi? Yoki Ukrainaning bo‘lajak hujumlarini asoslaydimi? Yoki qarshi hujumdan oldin ma’lumot maydonini tayyorlayaptimi?

— Menda hech qanday ma’lumot yo‘q, lekin Kremlga shunday hujum uyushtirilgandek... Yana Vladimir Putin 2022 yil 21 fevral kuni Xavfsizlik Kengashi bilan uchrashuv o‘tkazgan Senat saroyiga. Bu hujum, menimcha, odamlarni ko‘proq qo‘rqitadi: Moskva va Kreml xavfsiz emas, nimadir noto‘g‘ri ketmoqda.

Bu odamlarni birlashtira oladimi? Birlashish mexanizmi menga tushunarli emas. Keyingi mitingni qayerda o‘tkazish kerak? Davlat resurslari hamma narsani nazorat qiladi. Kim rozi bo‘lmasa, qatag‘on qilinadi.

— Ammo bu, masalan, rasmiylarning «fashistik Ukraina, NATO va butun dunyo» bilan kurash ketayotgani haqida yana bir eslatmasi bo‘lishi mumkinmi — va elektron chaqiruv qog‘ozlari haqida qayg‘urmay, birlashib, urushga otlanish lozimligiga ishorami?

— Kecha va bugun [2 va 3 may] «Gosuslugi» odamlarga 2014 yilda Odessadagi Kasaba uyushmalari uyida sodir bo‘lgan yong‘inni eslatuvchi xatlar yubordi. Bu kabi narsalar insoniy darajada birlashishga yordam beradi («dahshatli jinoyat», «ko‘pchilik halok bo‘ldi», «dahshatli o‘lim»). Bu shuningdek, Kremlning «fashistik» Ukraina haqidagi ritorikasini kuchaytiradi. Ba’zi odamlar orasida nafrat darajasi oshib boradi.

Ammo Kremlga hujum... Bu Rossiya ramzlari nuqtayi nazaridan muhim bo‘lgan infratuzilma obekti. Men bunday qiymatga ega bo‘lishiga ishonchim komil emas.

— Qo‘shimcha qilamanki, hozirda tashviqot hujumni «prezidentga suiqasdga urinish»dek tasvirlamoqda.

— Albatta, bu vatanparvar jamoatchilik uchun muhim. Bundan tashqari, bu ehtimoliy javob zarbasini qonuniylashtirishdir. Chunki qandaydir javob berish kerak bo‘ladi. Ehtimol, yana bir bor Ukraina shaharlariga raketa zarbalari bilan (ramziy nuqtayi nazardan).

Bundan tashqari, bu xalqaro auditoriya uchun ham muhim – shaxsan prezidentga hujum qilishga urinish. Bu hamma uchun argument bo‘lmaydi, lekin chet eldagi jamoatchilikning bir qismi uchun ish berishi mumkin.

Nega men uchun bu versiyani (hujumni rossiyaliklarni birlashtirish uchun Kremlning o‘zi uyushtirgan) tan olish biroz qiyin? Agar prezidentni qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqori bo‘lganda, shuningdek, mamlakatda repressiyalar bo‘lmaganida buni tushunardim. Ammo qatag‘onlar sharoitida, bu qo‘llab-quvvatlash qanchalik faol ekanini aytish qiyin: «Men boshimda tayoq sinishini istamayman», «Men ishsiz qolishni istamayman» va «Bizga hujum qilishdi, prezident atrofida birlashishimiz kerak». Bu mafkura, xarizma va saylov jarayonlariga asoslangan haqiqiy qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra elektoral qo‘llab-quvvatlashning boshqacha turi.

— G‘arb bu hujumga qanday munosabatda bo‘lishi mumkin?

— G‘arb bunday zarbalardan juda ehtiyot bo‘ladi va qo‘llab-quvvatlamaydi. Rossiyadan qanchalik uzoqda yashasalar, muhim obektlarga hujum qilishni shunchalik yoqtirmaydilar. Chunki agar quyushqondan chiqib ketilsa, Putin hammani yadroviy qurol bilan bombalay boshlaydi degan nazariya u yerda hamon tirik.

Sharqiy Yevropa mamlakatlari bunga mutlaqo qo‘shilmaydi. Masalan, Boltiqbo‘yi mamlakatlarida, Polshada. Ularning pozitsiyasi shuki, Putin hamon xavfli va unga bosim o‘tkazish kerak. O‘ylaymanki, ular Ukrainadagi urush bilan bog‘liq bo‘lsa, har qanday maqsadlar qonuniy ekanini ta’kidlab, Ukraina rasmiylarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

— Yana bir eskalatsiya bosqichini kutish mumkinmi? Va bundan keyin nimani kutish kerak?

— To‘g‘risini aytsam, eskalatsiya qaysi yo‘nalishda bo‘lishini bilmayman. Bir tomondan, Rossiya allaqachon eskalatsiyani kuchaytirib bo‘ldi. Boshqa tomondan, endi texnik imkoniyatlar cheklangan. Texnikalar yo‘qotildi, o‘q-dorilar yetishmasligi. Raketa hujumlari intensivligi va sifati pasayganini ham ko‘rish mumkin.

Yadro infratuzilmasiga hujumlar, ha, bu – eskalatsiya. Ammo bu urushning yangi bosqichga o‘tishi. Menimcha, agar yadroviy qurol ishlatilsa, AQSh qandaydir tarzda tabuni buzgani uchun Kremldan o‘ch oladi.

— Aftidan, bu hujum qandaydir muzokaralar haqida gapirishni imkonsiz qiladi. Shundaymi? Muzokaralarga rozi bo‘lmagan harbiylarning ma’lum bir guruhi buning ortida turishi mumkin deb taxmin qilish mumkinmi?

— Ukraina uzoq vaqtdan beri Putin bilan muzokaralar bo‘lmasligini aytib keladi. Shuning uchun, bu yerdagi hujum hech qanday tarzda ularning pozitsiyasini o‘zgartirmaydi.

Rossiyaga kelsak, bu urushning aniq belgilangan maqsadlari yo‘q. Bu zaif va kuchli nuqta. Bir tomondan, aniq belgilangan maqsadlarga erishish qiyin, boshqa tomondan, har qanday nisbiy mag‘lubiyatni g‘alaba sifatida ko‘rsatish mumkin. Maqsadlar aniq bo‘lmasa, muloqot uchun maydon kengroq.

Rossiya armiyasini o‘rganish bo‘yicha tajribamga ko‘ra, harbiy rahbariyat birinchilardan bo‘lib urushni tugatish tarafdori bo‘ladi. Katta xarajatlar, texnika va tarkibdagi katta yo‘qotishlar. Ko‘plab muammolar paydo bo‘lgan. Shuningdek, allaqachon paydo bo‘lgan tadqiqotlarga ko‘ra, Rossiya harbiy rahbariyati «maxsus harbiy operatsiya» boshlanishiga unchalik rozi bo‘lmagan. Buning ehtimoli bor.

Mavzuga oid