O‘zbekiston | 11:31 / 08.05.2023
14951
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi

Prezident muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov kodeksga to‘liq muvofiq holda 2 oy ichida o‘tkaziladi.

Bugun, 8 maydan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi. 

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.

Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra: 

og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar Viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin emas;

  • Prezident muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu kodeksga to‘liq muvofiq holda 2 oy ichida o‘tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi;
  • Qonunchilik palatasi Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda 3 oy ichida o‘tkaziladi.
  • Qonunchilik palatasi tomonidan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu kodeksga to‘liq muvofiq holda 2 oy ichida o‘tkaziladi; 
  • Senat O‘zbekiston prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat a’zolarining saylovi ushbu kodeksga to‘liq muvofiq holda 3 oy ichida o‘tkaziladi.

Senat tomonidan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Senat a’zolarining saylovi ushbu kodeksga to‘liq muvofiq holda 1 oy ichida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid