Jamiyat | 11:52 / 09.05.2023
29845
5 daqiqa o‘qiladi

“Urush - og‘ir savdo”. 103 yoshli urush faxriysi bilan suhbat

Fayzulla Nurmatov shu yil 103 yoshga kirdi. Jizzaxning G‘allaorol tumanida tug‘ilgan II Jahon urushi faxriysi urushdan keyingi ocharchilik sabab qishloqdoshlariga qo‘shilib, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumaniga kelib qolgan. U Kun.uz’ga urush va undan keyingi yillar mashaqqatlari haqida gapirib berdi.

1920 yil Jizzaxning G‘allaorol tumanida tug‘ilgan Fayzulla Nurmatovning 5 farzandi, 24 nevarasi va 33 nafar chevarasi bor. Hozir Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yashaydi. 1940 yilda Fayzulla bobo, akasi va qarindoshlari – 20 kishiga yaqin yosh yigitlar armiya xizmatini o‘tash uchun Belarusga ketishadi. Shu yerda 1 yilcha tayyorlanib, keyin urushga kirishadi.

Belarusda Komsomolskaya degan joy bor edi. O‘sha yerda o‘rmonning ichida "zemlyanka"(yerto‘la uy)da yotib tayyorlandik. 1941 yil soat 4 da urush boshlanadi. Nemislar bostirib keldi. Sanog‘ini bilmayman, bir necha nemisni o‘ldirdik”, – deb xotirlaydi u.

Urushda yelkasidan va qo‘lidan o‘q yeydi. Feldsherlar yordami bilan tuzalib, keyin vataniga qaytadi. U bilan ketganlarning faqat 5 yo 6 nafari qaytgan xolos.

Qancha odam o‘lib qanchasi qoladi, uni hech kim bilolmaydi. Jo‘ralarimning bari o‘lib ketishdi. 20-30 bola urushga ketganmiz. Shundan 5-6 kishi qaytib keldik. O‘zimning akam ham ketdi. Jiyanim ketdi. Oilamdan 6-7 odam ketgan. Ko‘rgan voqealarimdan aytsam, nemislar qanday ekan deb o‘ylardik, qarasak, nemis ham odam ekan”, – deydi u.

Onasi Fayzullani juda qattiq kutgan. Urush tugab, bolasi qaytganini ko‘rgach, xursandchilikni ko‘tarolmay, 3 kundan keyin vafot etgan. Oila urushdan keyin og‘ir ocharchilikni boshidan o‘tkazgan. Fayzulla boboning hikoya qilishicha, non yo‘qligidan otasi Toshkentdan Jizzaxga novvoylardan xamir olib borib, bolalariga yedirgan.

Yigitlik davrimizda ham nonga to‘ymasdan o‘tdik. Davlat nochor. Bug‘doy yeganmiz, bug‘doyni oqpoya der edi. Odamlar non topsa, bolasidan yashirib yerdi. Hozir non ko‘p, hech kim yemaydi. Bunaqa zamon bo‘ladi deb o‘ylamaganmiz. Yildan yilga yaxshi bo‘lyapti. Ilgari bitta non bo‘lsa, bolasidan yaxshirib yerdi. Hozir hamma joy to‘kinchilik. Yog‘siz ovqat yeyilmaydi. Go‘sht, yog‘ qimmat deydi. Qayerda qimmat? Faqat shunga qanoat qilish kerak. Yaxshi ishlash kerak, toza yurish kerak”, – deydi u.

Oila 50-yillardagi ocharchilik sabab Jizzaxdan Toshkentga ko‘chib kelgan. Ular bilan qo‘shilib 20tacha xo‘jalik birga kelishgan. Yovvoyi tabiati bo‘lgan yerlarni birgalashib o‘zlashtirib, bir necha yillar davomida obod qilishgan.

Ilgari bu yerlarda odam yo‘q edi. Kelganimizda 20 xo‘jalik edik. Bu yerlar baland tepalik edi. Shu yerni joy qildik, u yoq bu yoqdan og‘aynilarni yig‘ib, hozir 400 xo‘jalik bor. Shu yerda kolxozda brigadir bo‘ldim. Qirda 3 gektar paxta ekdik. Bu 40 sentnergacha paxta berdi”, – deb xotirlaydi u.

Fayzulla Nurmatov odamlar umuman urush ko‘rmasligini istaydi.

Urush bo‘lmasin. Yoshlar urush ko‘rmasin. Urush o‘z oti bilan urush. Mana, hozir Rossiya urushi bo‘lyapti deydi. Odam o‘lib yotibdi, urush bo‘ladi-yu, odam o‘lmaydimi?”– deydi u.

103 yil yashash hammaga ham nasib qilavermaydi. Shuning uchun ham Fayzulla bobo odamlar uning yoshiga havas qilishlarini, lekin bu yosh og‘ir savdo ekanini aytadi.

103 ga kirdim. Ko‘p odam havas qiladi. Yo‘q, bu juda og‘ir savdo. Shu yerda kechasi bilan yotaman. Uyqum kelmaydi. Hozirgacha ishlagim keladi, harakatim yo‘q. Shuning uchun yosh vaqtida harakat qilish kerak. Ishlash kerak”, – deydi u.

1 asr yashagan otaxonning yagona tilagi iymon bilan, azob chekmay omonatini topshirish.

Iymonda ketay. 5 mahal namozni o‘qib turibman. Iymondan ajralmay ketay. Bu dunyo hammadan qoladi. Hech kimga vafo qilmaydi. Mening yoshimdan ham o‘tib ketinglar. Salomat bo‘linglar, eshigim ochiq”, – deya suhbatni tugatdi Fayzulla Nurmatov.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid