Putin Gurjiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qildi. Prezident buni qoralab chiqdi
Gruziya prezidenti bu qarorni «Rossiyaning navbatdagi provokatsiyasi» deb baholadi.
Rossiya 15 maydan Gurjiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qiladi - faqat ishlash uchun keluvchilar bundan mustasno. Tegishli farmon Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan. U boshqa farmoni bilan Gurjistonga aviakompaniyalar parvozlariga qo‘yilgan taqiqni ham yechgan. Gurjiston prezidenti Putinning qarorini provokatsiya, Ukraina bilan urush davom etayotgan sharoitda viza rejimi bekor qilinishini nomaqbul deb atadi, ammo Salome Zurabishvili Gurjiston hukumati pozitsiyasini ifoda eta olmaydi.
Vizasiz rejim
Gurjiston va Rossiya o‘rtasidagi viza rejimi 2000 yilda, Rossiya hukumati qaroriga ko‘ra kiritilgandi, shundan keyin Gurjiston ham Rossiya fuqarolari uchun viza rejimini joriy etadi. 2008 yildagi urushdan keyin Gurjiston Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qiladi.
Putinning farmoni matnida Kreml nima uchun Gurjiston fuqarolari uchun vizani bekor qilgani haqidagi savolga javob yo‘q.
Gurjiston hukumati Ukrainaga qarshi urush boshlagan Rossiya bilan munosabatlarda tanlagan pozitsiyasi tufayli mamlakat ichkarisida ham, xorijda ham tanqidlar nishoniga aylangan.
Gurjiston Moskvaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan, bu «ikkinchi front» ochilishi xavfi bilan izohlangan. O‘z navbatida, Ukrainaga bosqin tufayli mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan Rossiya fuqarolarining ko‘pchiligini gurjistonlik chegarachilar mamlakat hududiga o‘tkazmadi.
Endilikda, Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Putin «2023 yil 15 maydan boshlab Gurjiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasiga kirishda va RFdan chiqishda viza rasmiylashtirmasdan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida harakatlanishi»ga imkon beruvchi farmonini imzoladi. Faqat «RF hududiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yoki 90 kundan ortiq muddatga, jumladan ta’lim olish uchun keladigan fuqarolar» bundan mustasno.
Gurjistonga parvozlar
Bundan tashqari, Rossiya Gurjistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklashga qaror qildi.
2019 yil 21 iyunda Putin Gurjiston bilan yo‘lovchi reyslarni amalga oshirishni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonini imzolagandi. Yangi farmon bilan u bu qarorini bekor qildi.
Bu taqiq Tbilisidagi namoyishlardan keyin kiritilgandi - namoyishlar esa Gurjiston poytaxtiga Provaslavlar parlamentlararo assambleyasida ishtirok etish uchun kelgan Davlat dumasi deputati Sergey Gavrilovning harakatlari turtki bo‘lgandi. Assambleya yig‘ilishi Gurjiston parlamentida o‘tkazilgan, Gavrilov esa spiker kreslosiga o‘tirib olishi namoyishlar to‘lqinini keltirib chiqargandi.
Rossiya transport vazirligi mahalliy aviakompaniyalar mahalliy ishlab chiqarilgan samolyotlar orqali «Moskvadan Tbilisiga, Tbilisidan Moskvaga har hafta yettita to‘g‘ridan to‘g‘ri reys amalga oshirishi», «aviatashuvchilar parvozlarni tiklash jarayoniga tayyorlanayotgani» haqida e’lon qildi.
Gurjistonga qatnovlar to‘xtatilguniga qadar parvozlar Rossiyaning «Aeroflot», «Pobeda», S7, Utair, «Ural aviayo‘llari» va Red Wings, shuningdek, gurjilarning Georgian Airways va MyWay Airlines aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilardi.
Gurjiston reaksiyasi
Gurjiston hukumati, jumladan mamlakat ichki ishlar vazirligi va hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi hozircha viza bekor qilinishi va parvozlar tiklanishi to‘g‘risidagi yangilikka munosabat bildirmadi.
Vakolatlari cheklangan va pozitsiyasi rasmiy Tbilisi pozitsiyasini anglatmaydigan Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili esa Putinning qarorini qoraladi.
«Rossiyaning navbatdagi provokatsiyasi! - deya yozdi u tvitterida. - Rossiya Ukrainaga tajovuzkorlikni davom ettirayotgan va bizning hududlarimizni egallab turgan sharoitda Gurjiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar tiklanishi va viza rejimi bekor qilinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi».
Moskva Tbilisiga munosabatni qanday o‘zgartirmoqda?
Rossiya hukumati Gurjiston hukmron partiyasi va hukumatining Ukraina masalasidagi pozitsiyasini ijobiy baholaydi.
«Biz Gurjiston, deyarli boshqa barcha davlatlar qatori Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishni ochiq va oshkora talab qilayotgan G‘arb tomonidan bosi m ostida qolayotganini ko‘rib turibmiz. Kichik davlat va uning hukumati o‘z manfaati, iqtisodiyoti manfaatlarini hisobga olgan holda jasoratga ega bo‘lishi hurmatga sazovordir», degandi yanvar oyida Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov.
O‘shanda Lavrov Rossiya tez orada Gurjiston bilan aviaqatnovlarni tiklashdan umid qilayotganini aytgandi.
Mart oyi oxirida Federatsiya Kengashining xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Grigoriy Karasin Gurjistonning Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha reaksiyasini «muvozanatli» deb atadi va «bu fakt e’tibordan chetda qolmasligi»ga va’da berdi (Karasin - tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari hisoblanadi).
Viza rejimi bekor qilinishi mumkinligi haqida o‘tgan yil dekabrida Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin ham aytib o‘tgandi.
2019 yil iyulida Rossiyaning parvozlarni bir tomonlama to‘xtatishiga sababchi bo‘lgan deputat Gavrilov NEWS.ru nashriga bergan izohida Gurjiston bilan nafaqat aviaqatnovlarni, balki diplomatik aloqalarni ham to‘la tiklash zarurligi haqida gapirgan.
Mavzuga oid
11:31 / 23.12.2024
Zurabishvili: Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondoni bo‘lib qolaman
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024