Iqtisodiyot | 16:12 / 13.05.2023
36239
8 daqiqa o‘qiladi

Ofshorga ochilish, sanksiyalar xavfi va bekor bo‘lgan P2P-nazorat - iqtisodiy taymlayn

Ortda qolayotgan haftada O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari kamaydi. Kartadan kartaga o‘tkazmalar sirligicha qoladigan bo‘ldi. Ofshordagi kompaniyalarga bank ochishga ruxsat berilyapti. AQShning ortidan Yevroittifoq ham sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berganlik ayblovi bilan O‘zbekistonda ochilgan bir nechta kompaniyalarga sanksiya qo‘llamoqchi. O‘tgan haftaning iqtisodiyotga oid yangiliklari bilan “Iqtisodiy taymlayn”da qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari kamaydi

Aprel oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 230 mln dollarga kamayib, 35,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xorijiy valuta zaxiralari ham 10,1 mlrd dollardan 9,9 mlrd dollarga kamaygan.

Oltin narxi oshayotganiga qaramay, zaxiralarning oltin qismi kamaygani e’tiborli. Iqtisodchi Otabek Bakirov shu haqda so‘z yuritib, aprelda qiymati 1 mlrd dollarga yaqin oltin sotilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aprelda zaxiralarning valuta qismi ham kamaygani bois, bunday holatda oltin zaxiralari iqtisodiyotga yo‘naltirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.

Kun.uz Markaziy bankka oltin zaxiralari qaysi omillarga ko‘ra kamaygani borasida savollar yubordi, ammo javob olish imkoni bo‘lmadi, bu borada yangi hafta davomida yana ma’lumot beramiz.

Kartadan kartaga o‘tkazmalar sirligicha qoladigan bo‘ldi

Jamoatchilikning keskin tanqidlari va e’tirozlaridan keyin kartadan kartaga o‘tkazmalarga hisob-faktura rasmiylashtirish talabi bekor qilindi. 1 maydan kuchga kirishi kerak bo‘lgan bu tartib bilan Soliq qo‘mitasi millionlab fuqarolarning kartadan kartaga pul o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni nazorat qilishi mumkin edi. Bu esa yangi tahrirdagi Konstitutsiya va Bank siri to‘g‘risidagi qonunning qo‘pol ravishda buzilishini anglatadi.

Kun.uz bu mavzuni atroflicha yoritib bordi. 1 maydan e’tiboran kuchga kirgan yangi Konstitutsiyada bank sirlari daxlsizligi bo‘yicha normaning kuchaytirilgani kartadan kartaga o‘tkazmalar bo‘yicha talabni Konstitutsiyaga zid qilib qo‘ygan edi.

Ofshordagi kompaniyalarga bank ochishga ruxsat berilyapti

Benefitsiarlari ofshorda ro‘yxatdan o‘tgan norezidentlarga O‘zbekistonda bank ochishga ruxsat berilyapti. Faqat buning uchun norezident chet el fond bozorlarida bank aksiyalarini sotib olgan bo‘lishi kerak.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ofshordagilarga O‘zbekistonda bank ochish mumkin emas. Unga o‘zgartirish kiritishga qaratilgan qaror loyihasi shu hafta jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, muhokama 23 mayda yakunlanadi.

Aprel oyida ofshorlarga qonuniy eshik ochilayotgani muhokama bo‘lgach, Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev bu normaning kiritilishi Ipotekabankning xususiylashtirilishi bilan bog‘liq ekanini aytgandi. Ya’ni xaridor tomon bo‘lmish Vengriyaning OTP banki O‘zbekistondagi bankni sotib olishi uchun qonundagi to‘siq olib tashlanmoqda. Eslatib o‘tamiz, Vengriya banki O‘zbekistonda eng yirik beshinchi bankni xususiylashtiryapti.

Ma’lumot uchun, ofshor hududlar – kompaniyalarning ortida turgan yakuniy manfaatdor shaxslarni qonunan ochiqlamaslikka ruxsat beradigan va ko‘plab soliq imtiyozlariga ega hududlardir. Yashirin tarzda ofshor kompaniyaga egalik qilish noqonuniy emas, lekin shaxsning ochiqchasiga emas, yopiq biznes qilishga intilishi dunyo miqyosida korrupsion gumonlarga asos bo‘ladi.

 “Mening yo‘lim” loyihasi yakunlandi

Ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun fuqarolar tashabbuslarini moliyalashtirishga qaratilgan “Mening yo‘lim” loyihasi yakunlandi. Loyihaning bu yilgi mavsumi 27 apreldan 7 maygacha davom etdi va unga bu yil 312 mlrd so‘m ajratildi.

Qishloqlar o‘z tashabbuslari g‘olib bo‘lishi uchun qattiq kurashdi. Shu bilan birga, adolatsiz holatlar kuzatildi: shaharlarda hatto 2 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan tashabbuslar bor, qishloqlarda esa 44 ming ovoz bilan ham loyihalar mag‘lub bo‘ldi. Bunday misollar juda ko‘p.

Hududlar miqyosida quyiga – shahardan tuman markaziga, tumandan qishloqlarga tushgan sari ovozlar soni oshib, g‘olib bo‘lish ehtimoli pasayib boraveradi. Chunki qishloqlarda abgor yo‘llar shaharlarga qaraganda ancha ko‘p. Mablag‘ esa mahalliy budjetlardan ajratiladi. Bu – kambag‘al va yo‘llari abgor hududlarga kamroq, nisbatan o‘ziga to‘qroq va yo‘llarining aksar qismi asfalt qilingan shaharlarga ko‘proq mablag‘ ajratiladi degani.

Tashabbuslari yuta olmaganlar 2000 dan ziyod ovoz to‘plagan loyihalar ham moliyalashtirilishidan umidvor. “Tashabbusli budjet”ning so‘nggi mavsumlarida prezident tashabbusi bilan shunday qilib kelinyapti.

Uzcard va Humo to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlarni yakunladi

Uzcard xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda pilot rejimida ikkita bankomat ishlab turibdi: Uzcard'ga ulangan va Humo bank kartalarini qabul qiluvchi “Kapitalbank” bankomati, shuningdek Humo'ga ulangan va Uzcard kartalari qabul qilinishini ta’minlaydigan “Xalq banki” bankomati.

To‘lov tizimlarining ikkala operatori tomonidan test sinovlari muvaffaqiyatli yakunlangandan so‘ng, banklarning barcha bankomatlarini ulash rejalashtirilgan. Bu – 1 iyundan bosqichma bosqich amalga oshiriladi.

Yevroittifoq O‘zbekiston kompaniyalariga sanksiya qo‘llamoqchi

Yevropa ittifoqi 11-sanksiyalar paketini tayyorlayapti. Bu safar sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam bergan uchinchi tomonlar ham nishonga olinyapti. Navbatdagi sanksiyalar paketi loyihasidan xabardor diplomatik manbalarga ko‘ra, hujjat bilan Xitoy, Eron, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan o‘nlab yangi kompaniyalar Yevropa Ittifoqi qora ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen tovarlar Yevropa Ittifoqidan uchinchi davlatlarga, keyin esa Rossiyaga yetib borishi aniqlansa, a’zo davlatlarga ushbu tovarlarni eksport qilishga sanksiya kiritilishini aytdi.  Yevrokomissiyaning Rossiyaga sanksiyalardan qochishga yordam berayotgan uchinchi davlatlar borasidagi shubhalari mart oyidayoq ayon bo‘lgandi.

Gap shundaki, Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonga eksport qilinadigan tovarlar orasida kir yuvish mashinalari, eski mashinalar va fotoapparatlar bor. So‘nggi paytlar shu kabi tovarlarni ayirboshlash hajmi keskin oshgan. Ular qismlarga ajratilib, yarimo‘tkazgichlar va ulardan olingan boshqa komponentlardan Ukrainada zarar ko‘rgan Rossiya tanklari, zirhli texnikalari va dronlarini ta’mirlash uchun foydalanilayotgan bo‘lishi mumkin.

Mart oyida AQSh O‘zbekistonni sanksiyalar tufayli ehtiyotkorlikka chaqirdi. Aprelda esa Yevroittifoqning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O‘Sallivan Toshkentga keldi.

Aprelda AQSh milliarder Alisher Usmonovning qarindoshlari va kompaniyalariga sanksiya qo‘lladi, natijada O‘zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi ham cheklovga tushdi. Zavodning asosiy aksiyadori Akkerman Cement CA hamda Usmonovning USM holdingi tarkibidagi «Metalloinvest», «Megafon» ham AQShning qora ro‘yxatidan joy oldi.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov “Ohangaronsement”ning sanksiyaga tushishi xavotirli ekanini aytdi. U Alisher Usmonovning kompaniyalari, xususan “Ohangaronsement” va uning ta’sischisiga nisbatan sanksiya qo‘llagani ularning dollardagi operatsiyalarini cheklashini ta’kidladi.

Markaziy bank raisi zavodga xizmat ko‘rsatayotgan bank ikkilamchi sanksiyaga tushishi ehtimolini rad etmadi. Unga ko‘ra, masala yechimi bo‘yicha AQSh tomoni bilan ish olib borilyapti.

Madina Ochilova tayyorladi
Operator – Mirvohid Mirrahimov
Montajchi – Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid