Iqtisodiyot | 15:11 / 10.06.2023
53331
8 daqiqa o‘qiladi

Yopilgan budjet va qayerga ketgani noma’lum oltinlar - iqtisodiy taymlayn

Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti haqidagi prognozlarini yaxshiladi. Xalqaro valuta jamg‘armasi esa suvni bozor narxiga o‘tkazishni tavsiya qildi. Ayni paytda, davlatning oltin-valuta zaxiralari kamaygani, tashqi qarzlar va budjet haqidagi hisobotlar esa yashirilayotgani jamoatchilik e’tiborini tortdi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari – iqtisodiy taymlaynda.

O‘zbekiston asosiy moliyaviy hisobotlarini davriy ochiqlashni to‘xtatdi

O‘zbekiston Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan qo‘shib yuborilganidan beri mamlakatning eng muhim moliyaviy hisobotlarini e’lon qilish to‘xtab qoldi.

12 yanvardan boshlab budjet xarajatlari va daromadlari haqidagi kunlik ma’lumotlarni ochiqlab borish to‘xtab qolgan edi. Oradan 5 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu ma’lumotlarni e’lon qilish qayta tiklangani yo‘q.

Bundan tashqari, 2023 yilning oltinchi oyi o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, Davlat budjetining o‘tgan 2022 yil yakunlari bo‘yicha ijrosi haqida hisobot berilmadi. Xuddi shunday 2023 yilning 1-choragi bo‘yicha ham ochiq ma’lumotlar yo‘q.

Qolaversa, davlat qarzi haqidagi yangi hisobotlardan ham darak bo‘lmayapti. Oxirgi yillarda Moliya vazirligi davlat qarzi holatiga oid hisobotlarini yil yakuni bo‘yicha fevral oyida, 1-chorak yakuni bo‘yicha esa may oyida taqdim etib kelardi. Lekin hozirgacha bu ikkala hisobot ham e’lon qilingani yo‘q.

Bunday yopiqlik yangi konstitutsiyaga ochiqlik haqida modda qo‘shilganidan keyin ro‘y berayotgani e’tiborga molik. Eslatib o‘tamiz, konstitutsiyaga asosan, vazirlik va idoralar ochiq, shaffof, qonuniy va effektiv ishlashi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Jahon banki Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlarini yaxshiladi

 Xalqaro moliyaviy tashkilot mintaqada 2023 yildagi o‘sish bo‘yicha birinchi o‘rinni Tojikistonga berdi – 6,5 foiz. O‘zbekiston iqtisodiyoti esa bu yil 5,1 foizga o‘sishi mumkin.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024 yildan boshlab mintaqada o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchiga aylanadi. Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 2024 yilda 5,4 foiz, 2025 yilda 5,8 foizga ko‘payishi taxmin qilinyapti.

Ukrainadagi mojaroning davom etishi va inflatsiyaning tezlashishi bilan bir qatorda, Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun energiya sohasida xavf mavjudligini qayd etdi. Bundan tashqari, iqtisodchilar iqlim o‘zgarishi sababli ommaviy migratsiya ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

Qatar amirining tashrifi: iqtisodiy kelishuvlar

5 iyun kuni Qatar amiri ilk marta O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning davlat tashrifi Samarqand shahrida tashkil etildi. Tashrifning birinchi kunida Shavkat Mirziyoyev Qatar fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etish haqida farmon imzoladi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Toshkentda Qatar elchixonasi ochilgan edi.

Tashrif munosabati bilan erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Qatar va O‘zbekiston 12 mlrd dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshiradi. Qatar kompaniyalari O‘zbekistonning energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlariga investitsiya kiritadi.

Shu yil sentabr oyida O‘zbekiston-Qatar investitsiya forumi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Hukumatlar o‘rtasida ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish haqida bitim va savdo sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

 “Finish chizig‘iga yaqinlashish payti kelgan”. XVJ direktori O‘zbukistonga tavsiyalar berdi

Xalqaro valuta jamg‘armasi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekistonga keldi. U 6 iyun kuni Samarqandda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Ertasiga Markaziy bankda o‘zbekistonlik talabalar bilan muloqot qildi.

Muloqotga moderatorlik qilgan prezident maslahatchisi o‘rinbosari Timur Ishmetov XVJ rahbariga O‘zbekiston uchun hozir qaysi islohotlar ustuvor bo‘lishi kerakligi haqida so‘radi. Bunga javoban Kristalina Georgiyevaning aytishicha, tadbirkorlarga ko‘proq imkoniyat berish va Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni tezlashtirish kerak.

“Sizlar hozirda Jahon savdo tashkiloti a’zosiga aylanishga astoydil kirishgansiz. Raqobatbardosh muhitda bo‘lish siz uchun nihoyatda foydali bo‘ladi. Menimcha, finish chizig‘iga yaqinlashish payti kelgan”, – dedi u.

Xalqaro tashkilot rahbari O‘zbekistonda suv tanqisligi haqidagi savolga javob berib, suvdan foydalanuvchilarni uni tejashga undash uchun suvning bozor narxini belgilash kerakligini aytdi. “Agar biz suvga qadrlashimiz shart bo‘lmagan narsa deb qarasak, yaxshi natijalarga erishish qiyin bo‘ladi”, – dedi Xalqaro valuta jamg‘armasi direktori.

KPMG – xalq IPOʼsiga yetakchi konsultant

 “O‘zbekneftgaz”, Olmaliq va Navoiy kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik kompaniyalar va 10ta bankning IPOʼsida KPMG yetakchi konsultant sifatida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, KPMG 40 ta davlat korxonasida “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “xalq IPO”sini amalga oshirishda strategik konsultant sifatida jalb etiladi. Agentlikning ma’lum qilishicha, konsultant yollash bo‘yicha tanlovda 4ta kompaniyadan taklif kelib tushgan.

Mart oyida imzolangan prezident qarori bilan, ommaviy savdolar orqali to‘liq va qisman sotiladigan 1001 ta korxona ro‘yxati tasdiqlangan. Ular qatorida NKMK, OKMK, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekiston temiryo‘llari”, “O‘zavtosanoat” , “O‘zkimyosanoat”, “Navoiyazot”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zdonmahsulot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta’minot”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston MET”, “O‘zbektelekom”, “O‘ztransgaz”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zmilliybank” kabi korxonalar bor.

KPMG oxirgi yillarda “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini xususiylashtirishda ishtirok etgan edi.

Oltin-valuta zaxiralari kamaydi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari may oyida qariyb 840 mln dollarga kamaydi. Hozirda Markaziy bank zaxirasida 11,9 mln unsiya oltin va 10,1 mlrd dollar xorijiy valuta zaxiralari bor.

2023 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 34,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bir oy ko‘rsatkich esa 35,2 mlrd dollar bo‘lgan. May oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,2 mln troya unsiyadan 11,9 mln troya unsiyaga, qiymati esa 24,2 mlrd dollardan 23,2 mlrd dollarga pasaygan.

Zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 9,9 mlrd dollardan 10,1 mlrd dollarga oshgan.

Ma’lumot uchun, mamlakatning oltin-valuta zaxiralari to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish, inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlash uchun valuta sotib olish davlatning tashqi qarzlarini to‘lash va davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun ishlatiladi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator - Mirvohid Mirrahimov
Montajchi - Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid