O‘zbekiston | 16:57 / 14.05.2023
36770
20 daqiqa o‘qiladi

Prezidentlikka nomzodlar, ulug‘langan Stalin va nashida uchun qamalishlar seriyasi - hafta dayjesti

Mirziyoyev muddatidan ilgari prezidentlik saylovini e’lon qildi: beshta partiyadan ikkitasi uning nomzodini ko‘rsatdi. Toshkentda Stalinga sharaflar aytildi: IIBB bu qonunga zid emasligini aytdi. Nashida uchun qamalganlar soni ko‘paymoqda: yangi konstitutsiyadagi prinsip ishlamayapti. Yakunlanayotgan hafta sharhi – Kun.uz dayjestida.

9 iyulda – prezidentlik saylovi

Haftaning asosiy yangiliklari dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishdan boshlandi. Davlat rahbari konstitutsiyaviy referendum yakunlari haqida ma’ruza qilib, nutqining yakunida muddatidan ilgari prezidentlik saylovi o‘tkazilishini e’lon qildi. Saylov 2 oydan keyinga – 9 iyul kuniga belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechayotgani haqida gapirib, buni – konstitutsiya isloh qilingani, xalq davlatdan muhim o‘zgarishlarni kutayotgani va boshqa sabablar bilan izohladi.

“Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan bir manbai, deb bejiz yozilmagan. Shu nuqtayi nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq. O‘ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘ladi”, – dedi prezident.

Davlat rahbarining muddatidan ilgari prezidentlik saylovini tayinlash vakolati borligi yangi konstitutsiyaga kiritilgan edi. Buning tartibi qanaqa bo‘lishini Saylov kodeksiga kiritish jarayoni favqulodda tez bo‘lib ketdi. Tegishli qonunni 2 may kuni deputatlar qabul qildi, 4 may kuni senatorlar ma’qulladi, 6 mayda esa hujjatni prezident imzoladi. Qonunga ko‘ra, prezident muddatidan ilgari saylov o‘tkazishni tayinlasa, saylov 2 oy ichida o‘tkazilishi kerak. Shunga muvofiq, 8 maydagi farmon bilan, siyosiy tadbir 9 iyulga belgilandi.

Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasini ochiq deb e’lon qilishi ortidan, siyosiy partiyalar birin-ketin o‘z nomzodlarini ochiqlay boshladi. Parlamentda eng ko‘p o‘ringa ega ikki partiya – O‘zLiDeP va Milliy tiklanish partiyalari amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surishini e’lon qildi. Davlat rahbarining o‘zi prezidentlikka nomzodini qo‘yishi borasida hozircha munosabat bildirmadi.

Prezidentlik saylovida bir nomzodni bir nechta partiya ilgari surishi O‘zbekiston tarixida avval ham bo‘lgan. “Tarixiy kartochka” kanalining yozishicha, 2000 yilgi prezident saylovida birdaniga uchta – “Vatan taraqqiyoti”, “Fidokorlar” va “Adolat” partiyalari prezidentlikka Islom Karimov nomzodini ko‘rsatgan. Lekin shundan buyon har bitta partiya alohida nomzodiga ega bo‘lib kelayotgan edi.

Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov nomzod bo‘ladi. U 2013-2018 yillarda xalq ta’limi vaziri bo‘lgan, 2019 yildan beri so‘lchilar partiyasini boshqarib kelyapti. Prezidentlikka o‘z raisini nomzod qilayotgan yana bir partiya – O‘zbekiston Ekologik partiyasi. Abdushukur Hamzayev partiya raisligiga o‘tgan yili saylangan, undan avval uzoq yillar qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohalarida ishlagan. “Adolat” partiyasi esa uch yildan buyon Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Robaxon Mahmudovani qo‘llab-quvvatlayapti. Partiyaning amaldagi raisi Bahrom Abduhalimov tanlanmaganiga u 2021 yilgi prezident saylovida eng oxirgi 5-o‘rinni olgani sabab bo‘lgandir, ehtimol.

Propiska qonuni bekor qilinadi

Yangi konstitutsiyani hayotga tatbiq qilish haqida prezident farmoni imzolandi. Unga asosan, Toshkent propiskasi bo‘yicha qonun bekor qilinadi. Ko‘plarni kuydirgan bu bema’ni qonunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga kirishi mumkin bo‘lgan fuqarolarning 12 xil toifasi ko‘rsatilgan. Bu toifalar bekor qilingach, propiska olish bo‘yicha boshqa hududlarda qanaqa tartib bo‘lsa, poytaxtda ham xuddi shunaqa tartib amal qila boshlashi mumkin. Topshiriqqa ko‘ra, hukumat bu qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqidagi qonun loyihasini 2 oy muddatda parlamentga kiritishi kerak.

Bundan tashqari, farmonga asosan, fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda xabardor qilish tartibi joriy etiladi. Ya’ni fuqaro doimiy yoki vaqtincha yashash uchun boshqa hududga ko‘chib o‘tsa, bu haqda “pasport-stol”ni xabardor qilib qo‘yishining o‘zi yetarli bo‘ladi. Ichki ishlar vazirligiga 1 oy muddatda bu haqdagi farmon loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Eng muhim qadamlardan yana biri – fuqarolarning kartadan kartaga pul o‘tkazmalaridan soliq organlarining xabardor bo‘lib turishi bekor qilinyapti. 1 maydan kuchga kirishi belgilangan bu tartib bank sirlari to‘g‘risidagi qonunga va to‘g‘ridan to‘g‘ri konstitutsiyaga zid edi. Shu tariqa, bu talab kuchga kirganidan bir oy o‘tib, 1 iyundan e’tiboran rasman o‘z kuchini yo‘qotadi.

Prezident farmonida, shuningdek, ota-onalarning barcha yoshdagi farzandlari ta’limiga yo‘naltirilgan to‘lovlarini soliqdan ozod qilish, bolalarning davlat muzeylariga kirishini bepul qilish, ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda davlat bojini undirmasdan, keyinchalik aybdordan undirish, biror huquqbuzarlikda gumonlanayotgan shaxsni qamoqqa olishdan oldin uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni majburiy qilib belgilash kabi choralar ko‘zda tutilgan.

Ko‘cha yurishlari: Sovetparastlarga mumkin, boshqalarga-chi?

O‘zbekistonda eng ko‘p sokinlik va xotirjamlik bilan o‘tadigan bayramlardan biriga aylangan, odamlarga shu kuni qabristonlarni obod qilish, o‘tib ketgan ajdodlari haqqiga duo o‘qish va keksa yaqinlarini yo‘qlashni o‘rgatgan 9 may – Xotira va qadrlash kuni, afsuski, oxirgi yillarda katta siyosiy taranglik bilan o‘tyapti. Dunyodagi eng katta yovuzlik imperiyasi bo‘lgan SSSRni qo‘msovchilarning tiyiqsiz harakatlari 9 mayda ko‘pchilikning dilini xira qilyapti.

Kreml propagandasining bir qismiga aylangan “O‘lmas polk” aksiyasi, garchi rasman ruxsat berilmayotgan bo‘lsa ham, Toshkentda har yili o‘tkazib kelinyapti. Ikki yil oldin Xalqlar do‘stligi maydonida SSSR bayrog‘ini hilpiratgan aksiya tashkilotchilari bu yil “O‘rtoq Stalinga ura” degan hayqiriq bilan ko‘cha yurishini o‘tkazdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning yig‘ilish erkinligi bo‘yicha rasmiylardagi ikki xil standartlar muhokama qilinar ekan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Stalinni olqishlab qichqirganlarning harakatini qonuniy deb baholagani e’tirozlarni battar alangalatdi. Boshqarma matbuot xizmati bu ko‘cha yurishi uchun ular ruxsat bermaganini Kun.uz'ga tasdiqladi, lekin yurish qatnashchilarining harakatlarida huquqbuzarlik alomati yo‘qligini bildirdi. Bu esa o‘z-o‘zidan sovetparastlarga mumkin-u, boshqalarga mumkinmasmi, degan savollarga asos bo‘ldi. Chunki ichki ishlar bilan kelishmasdan, boshqa joyda, boshqa mazmunda ko‘cha yurishi uyushtirilsa, tashkilotchilarni nima kutishi xavotirli savol ostida qoladi.

Nashida uchun qamalishlar seriyasi

Telegram'dagi guruhga diniy qo‘shiq yuborganlik ayblovi bilan bir necha yillarga qamab yuborilayotgan yosh-yosh yigitlar soni oshib boryapti. Jamoatchilikka ma’lum bo‘lib qolgan navbatdagi holat Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Jahongir Ulug‘murodov bilan ro‘y berdi. U YouTube'dagi nashida havolasini sinfdoshlarining Telegram-guruhiga yuborgani uchun sud tomonidan 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Yaqinlarining aytishicha, 21 yoshli Jahongir universitetga grant asosida o‘qishga kirgan, qo‘lga olinmasidan oldin 2-bosqichda o‘qiyotgan bo‘lgan. Shu yil boshida uchastkavoy uni o‘g‘irlikda gumonlab, qo‘lga olgan, shundan keyin telefoni o‘rganib chiqilganida, 2022 yili sinfdoshlarining Telegram-guruhiga Youtube'dagi diniy qo‘shiq – nashida uchun havola yuborgani aniqlangan. Bu nashida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xulosasiga asosan “aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan” deb topilgan. Buning uchun Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani sudi uni jamoat tartibiga tahdid soladigan material tarqatishda ayblab, unga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Jahongir Ulug‘murodov tergov va sudda bergan ko‘rsatmasida nashidning ma’nosini yaxshi tushunmay-bilmay tarqatganini aytgan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi esa yosh yigitni Suriyadagi jihodchi tashkilotni qo‘llab-quvvatlashda, uning tarafdorlari sonini ko‘paytirishni maqsad qilganlikda ayblab chiqdi. Vaholanki, Kun.uz ixtiyoridagi ayblov xulosasida ham, sud hukmida ham bunaqa ma’lumot yo‘q. Bu esa boshqarma yigitga tuhmat qilayotgan bo‘lishi mumkin, degan gumonni o‘rtaga chiqaradi.

3 yillik qamoq hukmidan keyin, sudlanuvchining onasi prezidentga va Oliy sudga videomurojaat bilan chiqib, ulardan yordam so‘radi.

“Soat 12 larga yaqin o‘rtog‘ining onasi keldi-da, “o‘g‘lingiz nima qilib qo‘yganini bilasizmi?” deb ancha janjal qildi. Ichkariga olib kirdim, nima ekanini hatto tushunmay qoldim. Ular “nashida, nashida” deb aytishadi. Men hatto nashida nima ekanini bilmayman, u nashida degani qo‘shiq, she’r degani ekan. O‘zim umuman dindan xabarim yo‘q, keyin Jahongir bir soatlarda kelib qoldi. Men u nima edi deb so‘radim. Jahongir: “Aya, men ham bilmayman nimaligini, men uni qo‘shiq deb eshitganman, qo‘shiq, qo‘shiq” deb aytaverdi”, dedi Jahongir Ulug‘murodovning onasi.

Huquq faollari oxirgi paytlarda bunaqa holatlar ko‘payib ketganini aytib, davlat rasmiylaridan bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishni so‘rayapti. Yodingizda bo‘lsa, bir necha oy oldin Sardor Rahmonqulov ismli 21 yashar yigit ham xuddi shunday ayblov bilan avvaliga 5 yilga qamalgan, jamoatchilik e’tirozlari fonida hukm shartliga o‘zgartirilib, u sud zalida ozodlikka chiqarilgandi.

Undan avvalroq esa, Toshkent tumanida 20 yoshli do‘kon sotuvchisi taqiqlangan ekanini bilmagan holda internetdan diniy material yuklab olib, o‘rtog‘iga yuborgani uchun 6 yilga qamalgandi. Keyinroq viloyat sudi hukmni o‘zgartirib, ozodlikdan mahrum qilish muddatini 3,5 yilga qisqartirgandi.

Bu holatlarda hukmi juda katta o‘zgarishga uchragan sudyalar yoki ularga ehtimoliy bosim o‘tkazganlar bo‘yicha biror surishtiruv bo‘lgan yoki bo‘lmagani noma’lum. Shu o‘rinda ko‘pdan ko‘p maqtovlar bilan qabul qilingan yangi konstitutsiyadagi yangi normalardan birini eslatib o‘tishni istardik. Demak, 20-modda: “Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak”.

Oddiy tilda tushuntirganda, mutanosiblik prinsipi ishlagan joyda yosh yigit aybdor deb topilsa ham, shartli jazo bilan sud zalidan ozod qilinishi mumkin. Bu prinsip ishlamagan joyda esa xuddi shu yigit 5 yilga qamab yuboriladi.

IIB xodimlari va qonunlar to‘qnashuvi

Ichki ishlar organlari oxirgi kunlarda boshqa salbiy voqealarning ham markazida turibdi. Qashqadaryoning Qamashi tumanidagi bozorda O‘zbekiston bayrog‘i tasviridagi, “Bitiruvchi” yozuvli lentani taqib yurgan yigit qo‘lga olinib, jarimaga tortildi. U ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslikda ayblandi. Xodimlar “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kunidagi lentalar odatiy hol ekanini bila turib, negadir shu topda bayroq haqidagi qonun talablarini eslab qolgan.

Bu o‘rinda qonunda ham xato borligi aniq. Qonun bilan, davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Lekin bunday normalar allaqachon eskirganini deputatlar ham tan olgan. O‘tgan yili O‘zLiDeP a’zolari bayroqdan foydalanish bo‘yicha ayrim cheklovlarni olib tashlash tashabbusi bilan chiqqandi, lekin bu tashabbus unutilib ketganga o‘xshaydi.

Qashqadaryodagi holatga qaytsak. “Bitiruvchi” yozuvli lenta voqeasiga Bosh prokuratura aralashib, ochilgan ma’muriy ishni noqonuniy deb topdi va qarorni bekor qildi. Lekin bu natijadan jamoatchilik qoniqmadi, chunki hikoya shu yerda tugasa, ertaga boshqa ichki ishlar xodimlari ham fuqaroni noqonuniy jarimaga tortishning oqibati jiddiy bo‘lmaydi, degan signalni olardi. Bu boradagi tanqidlardan bir kun o‘tib, Qamashi tumani prokuraturasi ichki ishlar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha viloyat IIBga taqdimnoma kiritgani ma’lum qilindi.

Ichki ishlar xodimlari bilan bog‘liq boshqa voqealar bundan-da noxushroq. 11 may kuni ichki ishlar xodimi qo‘llari bog‘liq holda yotgan kishiga kuch ishlatayotgani aks etgan video tarqaldi. Videoda oynalari panjarali xonada oyoq va qo‘llari bog‘langan kishiga ichki ishlar xodimi bir necha marta kuch ishlatganini ko‘rish mumkin. Xodim dastlab shapaloq va musht bilan fuqaroning bosh qismiga urgan, keyin boshini ezgan va og‘zini latta bilan bog‘lab qo‘ygan.

Surxondaryo viloyati IIBga ko‘ra, voqea Muzrabot tumani tibbiyot birlashmasida, mastlik holatidagi shaxslar punktida ro‘y bergan. Erkak mast ahvolda bo‘lgan, u yerga “102”ga tushgan murojaat asosida olib kelingan. Rasmiylarning izohlashicha, xodim fuqaroga kuch ishlatish orqali uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan, chunki mast erkak bemorlarning tinchini buzib, qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlashda davom etgan. Holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilyapti. Prokuratura ham tergovga qadar tekshiruv boshlaganini ma’lum qildi.

Ichki ishlar xodimlari ustidan tergovga qadar tekshiruvni Toshkentda Mirobod tuman prokuraturasi ham o‘tkazyapti. Bu yerda, o‘tgan hafta xabar berganimizdek, tergov bo‘limida gumonlanuvchiga qiynoq qo‘llangan bo‘lishi mumkin. Qiynoqqa uchragani aytilayotgan fuqarolardan biri – namanganlik yirik tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayev. Ichki ishlar vazirligi investorning tergov bo‘limida kaltaklanganini inkor qilib, suratdagi jarohatlar eski ekanini aytgandi. Tadbirkorning advokati esa, buni rad etib chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mijozi ichki ishlar organiga sog‘-salomat borgan, qarshilik ko‘rsatmagan, tanasidagi jarohatlar aynan tergov bo‘limida paydo bo‘lgan. Tadbirkorning o‘zi ham ombudsman bilan suhbatda qiynoqlarni tasdiqlagan. Ombudsmanning nazorat xati va advokatning arizasini prokuratura o‘rganyapti.

Prokuraturadagi korrupsiya haqidagi xabar bilan huquq organlari mavzusiga yakun yasaymiz. Ma’lum bo‘lishicha, 6 may kuni Bosh prokuratura katta prokurori E.A. va Toshkentning Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisi A.D. hibsga olingan. Ular firibgarlik va pora berishda gumonlanyapti. Jinoyat tafsilotlari ma’lum emas.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Uzcard va Humo bankomatlarini integratsiyalash bo‘yicha texnik ishlar yakunlanyapti. Hozircha bittadan Uzcard va Humo bankomatlari har ikkala karta turini ham qabul qiladigan bo‘ldi. 1 iyundan bunday imkoniyatni hamma bankomatlarga joriy qilish boshlanadi. 2023 yil oxirigicha terminallar ham integratsiya qilinib, bir to‘lov tizimining kartasi bilan ikkinchi to‘lov tizimining terminali orqali to‘lov qilish mumkin bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev energetika sohasi bo‘yicha majlis o‘tkazdi. Majlisda prezident mas’ullarga yozda elektr tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash vazifasini yukladi. Bundan tashqari, elektr tarmoqlari va transformatorlarni ta’mirlash bo‘yicha 2023 yilga reja qilingan ishlar 1 avgustgacha tugatilishi kerak. Quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha vazifalarni bajarmagani uchun 7 ta tuman va 2 ta shahar hokimi hayfsan oldi. Yil oxirigacha elektromobillar uchun 900 ta zaryadlash stansiyasi o‘rnatishga topshiriq berildi.

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari 8 may kuni Kremlda uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda qator masalalar muhokama qilindi, Vladimir Putin O‘zbekistonda referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi. Ertasi kuni II Jahon urushidagi g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan Moskvada o‘tkazilgan paradda possovet davlatlaridan 7 tasining rahbari ishtirok etdi. Bu esa Ukrainaning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi buni “Ukrainaga nisbatan do‘stona bo‘lmagan qadam” deb baholadi.

Samarqandning Paxtachi tumanida dahshatli portlash ro‘y berdi. Internetda videolari tarqalgan texnogen ofat 9 may kuni kechqurun aholiga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Oqibatda hududdagi konteynerlar, ma’muriy binolar va bir nechta texnikalar zararlangan. Bir kishi kuyish jarohatini olgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, hodisaga suyultirilgan gaz tashuvchi avtomashinadan gazni zaxira sig‘imiga bo‘shatish jaryonida xavfsizlik qoidalari buzilgani sabab bo‘lishi mumkin.

“Mening yo‘lim” loyihasining ilk mavsumi g‘oliblari e’lon qilindi. Loyihadagi tashabbuslarga jami 8 milliondan ko‘p ovoz yig‘ildi. Ovoz to‘plash uchun kurash ayniqsa qishloqlarda qizg‘in bo‘ldi. Lekin to‘la adolatli bo‘lmagani ham bor gap. Masalan, Samarqandda Past Darg‘om tumani kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi boshlig‘i mahalla raislariga ovoz yig‘ishni buyurishi ortidan, ishdan olindi.

Toshkentda 3 qavatga ruxsat berilgan bino 12 qavat qilib qurilgani aniqlandi. Tadbirkor noqonuniy ravishda qo‘shimcha 9 qavat va mansarda qurgan. Rasmiylarga ko‘ra, Uchtepa tumani 23-mavzeda joylashgan uy tasdiqlangan loyihaga zid ravishda 3 qavatdan balandroq qilib qurilayotgani 2021 yildayoq tegishli inspeksiyaga ma’lum bo‘lgan, lekin ogohlantirishlar kor qilmagan. Endi deyarli bitib qolgan obekt tadbirkor hisobidan buzilishi masalasi sudda ko‘riladi.

Mopedlar, kvadrosikllar, trisikllar, skuterlar va shu kabi tezligi 50 km/soatdan oshmaydigan transport vositalarini haydovchilik guvohnomasini olmasdan turib boshqarishga ruxsat berildi. Bu ruxsat vaqtinchalik – shu yil oxirigacha amal qiladi. Bu vositalarni boshqarayotganlar motoshlem kiyishi kerak, degan talab saqlanib qoldi. Shu yo‘l orqali yetkazib berish xizmatlari bozorini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid