O‘zbekiston | 09:42 / 16.05.2023
22220
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori va hokimlik yuriskonsulti ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan joylarda noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar bermoqda. 

Videodan kadr

Jizzax shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor chorvachilik bilan shug‘ullanish maqsadida 2020 yilda bankdan 200 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit olgan va ushbu mablag‘ hisobidan qoramol sotib olib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Joriy yilning fevral oyida kredit bergan bank tadbirkor tomonidan kredit mablag‘i maqsadsiz sarflangan degan xulosa bilan viloyat prokuraturasiga chora ko‘rish uchun murojaat qilgan.

O‘z navbatida, o‘rganib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish uchun mazkur murojaat Jizzax shahar prokuraturasiga yuborilib, uning nazorati viloyat prokuraturasi bo‘lim prokuroriga yuklatilgan. Murojaatni o‘rganib chiqqan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

Lekin, viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori esa go‘yoki uning o‘zi tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etganligini iddao qilib, “xizmati” evaziga undan 1300 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jizzax viloyatidagi tuman hokimliklaridan birining yuriskonsulti xizmat mavqeidan foydalangan holda, o‘z vakolatiga kirmasligini bila turib, chorvachilik va baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning boshqaruvi bo‘yicha yuzaga kelgan muammoni tanishlari orqali mazkur xo‘jalikning qonuniy rahbari foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

U muqaddam Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan sudlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati hududiy bo‘limi mansabdor xodimi Asaka tumanida faoliyat yurituvchi MChJga neft mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanishi uchun litsenziya olishda zarur bo‘ladigan xulosa tayyorlab berish evaziga 3 ming AQSh dollari va litsenziya olib berish uchun “O‘zneftgazinspeksiya”da ishlovchi tanishiga 10 ming AQSh dollari berishi kerakligini aytib, MChJ ta’sischisidan 13 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini o‘zining bo‘ysinuvida bo‘lgan xodim orqali olgan vaqtda, ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid