Jahon | 08:14 / 16.05.2023
7353
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning Rossiya bilan aloqalariga oid FTB tekshiruvida qonunbuzarliklar aniqlandi

Federal tergov byurosida Tramp shtabining Rossiya bilan aloqalari bo‘yicha tergov boshlash uchun yetarli asos yo‘q edi, deya xulosa qildi maxsus prokuror Jon Darem.

Foto: Reuters

Donald Tramp davrida lavozimga tayinlangan AQSh maxsus prokurori Jon Darem FTB AQSh sobiq prezidentining Rossiya bilan aloqalariga qiziqib qolgan holatlar yuzasidan tergovni yakunladi. 15 may, dushanba kuni chop etilgan hisobotida Darem FTB tergov o‘tkazish uchun yetarli asosga ega emas degan xulosaga keldi.

Hisobotda aytilishicha, Federal tergov byurosining "tasdiqlanmagan razvedka ma’lumotlari" asosida tergov boshlagan "tezligi va usuli" "agentlik o‘tmishdagi shunga o‘xshash ishlarni tergov qilgan uslubdan sezilarli darajada chetga chiqishni" aks ettiradi. Maxsus prokurorning so‘zlariga ko‘ra, FTBning alohida xodimlari “Trampga nisbatan kuchli dushmanlik tuyg‘ulari”ga ega edi.

Donald Tramp maxsus prokurorning xulosalaridan mamnun bo‘ldi. Sobiq prezident so‘zlariga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligi va Federal tergov byurosi tergov boshlaganida “Amerika jamoatchiligi aldangan”. O‘z navbatida, FTB o‘z vaqtida “o‘nlab tuzatish choralari” ko‘rilganida, tergov davomida yo‘l qo‘yilgan xatolarning oldini olish mumkin bo‘lganini bildirdi.

AQSh rasmiylari Rossiyani 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishda bir necha bor ayblagan. 2019 yil bahorida AQSh maxsus prokurori Robert Myullerning Rossiyaning saylovlarga aralashuvi bo‘yicha tergovi yakunlandi. Maxsus prokuror Rossiya vakillarining saylovoldi poygasiga aralashishga urinishlarini fosh qildi, biroq ovoz berishdan keyin davlat rahbari bo‘lgan Donald Trampning saylovoldi shtabi Rossiya rasmiylari bilan til biriktirganini isbotlay olmadi.

Mavzuga oid