Jahon | 13:02 / 17.05.2023
5853
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Gurjistonning Rossiyaga parvozlarni tiklash qarorini tanqid qildi

Gurjiston yana bir aviakompaniya - Georgian Airways uchun Moskvaga parvozlarga ruxsatnoma berdi. Yevropa Ittifoqi bu qarorni qoraladi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Gurjiston rasmiylarining Rossiya bilan havo aloqalarini tiklash qaroridan afsusda, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rasmiy vakili Piter Stano 16 may, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda. "Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy urushi tufayli Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqa bir qator davlatlar Rossiya aviatsiya sektoriga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Biz va hamkorlarimiz Rossiyadan parvozlar amalga oshirishga, Rossiyaga va Rossiya ustidan parvoz qilishga ruxsat bermaymiz”, deya qo‘shimcha qildi Stano.

Bir necha soat avval Gurjistonning Georgian Airways aviakompaniyasi 20 maydan boshlab Tbilisidan Moskvaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirishni boshlashi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Gurjiston fuqaro aviatsiyasi agentligiga tayanib, TASS xabar berdi. Bir kun oldin regulyator Rossiyaning "Azimut" aviakompaniyasiga tegishli ruxsatnoma berdi.

10 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 maydan Gurjiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilish va Rossiya tomonidan 2019 yildan beri joriy qilingan Rossiyadan Gurjistonga havo qatnoviga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili taqiqning bekor qilinishini provokatsiya va Kremlning mamlakatda o‘z ta’sirini kengaytirishga urinishi deb atadi. Rossiya Federatsiyasi Ukrainada urush olib borayotgan va Gurjiston hududini bosib olgan bir paytda to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni qayta tiklashni qabul qilish mumkin emas, dedi Zurabishvili.

O‘z navbatida, YeI Gurjistonni Rossiya Federatsiyasidan texnik jihatdan "ishonchsiz samolyotlar"ni kiritmaslikka va havo qatnovi sohasida Moskvaga qarshi Yevropa sanksiyalariga qo‘shilishga chaqirdi.

Mavzuga oid