«NKVDchilar eshiklarimizni tepib sindirib kirishdi va zudlik bilan jo‘nashimizni buyurishdi» – qrimtatar deportatsiyasiga 79 yil bo‘ldi
1944 yil may oyi. Qrimga bir necha o‘n ming NKVD xodimlari tashlanadi. Ular tong saharda xonadonlarga bostirib kirib qrimtatarlarga zudlik bilan yo‘lga otlanishni buyurishadi. Jo‘nash uchun juda qisqa vaqt berishadi, odamlar faqat kiyim-kechaklarni olishga ulguradi. Keyin 200 mingdan oshiq qariyalar, ayollar va yosh bolalardan iborat qrimtatarlarni yuk vagonlariga ortib O‘zbekistonga olib kelishadi. Yo‘lda og‘ir sharoitda ularning bir qismi halok bo‘ladi.
Har yil 18 may kuni butun dunyodagi qrimtatarlar mudhish sana — qrimtatar xalqining deportatsiyasini yodga olishadi. Qo‘yida sovetlar tomonidan bu jafokash xalq boshiga solingan og‘ir kunlarni eslab o‘tamiz
Usmonli turklar va Chor Rossiyasi o‘rtasidagi urushdan so‘ng, 1774 yilda imzolangan Kichik Qaynarja shartnomasidan ko‘p o‘tmay, 1783 yilda Qrim xonligini Rossiya ishg‘ol etadi.
Shundan so‘ng Qrim tatarlari uchun og‘ir va mashaqqatli kunlar boshlanadi va o‘n minglab qrimtatarlar Usmonlilar davlatining turli mintaqalariga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishadi.
Rossiya tepasiga bolsheviklar kelgandan so‘ng Yekaterina II davrida qrimtatarlarga qarshi boshlangan zulm va genotsid siyosati yana davom ettirildi. Bu millat boshiga yana og‘ir kunlar tushadi va ular o‘z vatanidan quvg‘in qilinadi.
Avvalboshdanoq zo‘ravonlik ustiga qurilgan SSSRda Iosif Stalin hukmronlik qilgan 1922-1953 yillarda nohaq ayblovlar bilan millionlab insonlar o‘z uylaridan badarg‘a qilinadi, qamaladi, o‘ldiriladi.
Stalin va uning eng yaqin yordamchisi bo‘lgan NKVD rahbari Lavrentiy Beriya o‘z vatanida yashab turgan bir qancha millatlarni sotqinlikda ayblab, boshqa joylarga quvg‘in qiladi.
Jumladan:
- Qorachoy ASSRda (avtonom respublika) yashovchi qorachoylar 1943 yil 12 oktyabrda;
- Qalmiqiya ASSRda yashovchi qalmiqlar 1943 yil 27 dekabrda;
- Chechen-ingush ASSRda yashovchi chechenlar va ingushlar 1944 yil 29 yanvarda;
- Bolqor ASSRda yashovchi bolqorlar 1944 yil 24 fevralda;
- Qrim ASSRda yashovchi qrim-tatarlar 1944 yil 18 mayda quvg‘in qilinadi.
Mustabid tuzum tomonidan qrimtatarlar, chechenlar, ingushlar, qalmiqlar, bolqorlar nemislarga josuslik qilishda ayblangan bo‘lsa, mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilar Turkiya foydasiga josuslikda ayblangan.
Aynan qrim-tatarlar va mesxeti turklaridan yashab turgan yerlarini olib qo‘yish uchun ular mislsiz azobga mubtalo qilingan. Qrimtatarlar Qrimdan quvilgach, u yerga ko‘plab ruslar ko‘chirib olib borilgan.
Stalin vafotidan so‘ng turli millatlarning quvg‘in qilinishi xato va jinoyat bo‘lgani tan olinadi. Ularga vatanlariga qaytishga ruxsat beriladi. Faqat qrimtatarlar va mesxeti turklarga uylariga qaytishga ruxsat berilmaydi. Faqat 1989 yilga kelib qrimtatarlarga Qrimga qaytishga izn beriladi.
Qrimtatarlarning deportatsiya qilinishi
Qrimtatarlarni o‘z vatanidan quvish rejasi ilk bor 1944 yil aprel oyida sovet armiyasi nemislarni yarimoroldan quvib chiqargan paytda tug‘ilgandi. O‘sha yili 22 aprelda Lavrentiy Beriya Stalinga yozgan hisobotida nemislarga qarshi janglarda qrimtatarlar jang maydonini tashlab qochganini, boshqalari nemislar tomonida turib urishganini ma’lum qiladi.
Aslida bu gaplar mutlaqo yolg‘on bo‘lib, o‘sha paytda qrimtatar yigitlarilarning barchasi frontda sovet armiyasi va partizanlar tomonida turib nemislarga qarshi jang qilar, yarimorolda faqat keksa yoshdagilar, ayollar va bolalar qolgan edi.
1944 yil 10 may kuni Beriya Stalinga xat kiritadi. Xatda «qrimtatarlar sovet xalqiga xiyonat qilgani, shu bois ularni kelgusida sovet ittifoqining chegara hududlarda qoldirib bo‘lmasligi» yozilgandi.
Oradan bir kun o‘tib, 1944 yil 11 may kuni Davlat mudofaa qo‘mitasining «Qrimtatarlari haqida»gi maxfiy qarori qabul qilinadi. Unga ko‘ra Qrimda yashovchi qrimtatar xalqi zudlik bilan yarimoroldan O‘rta Osiyoga, O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi lozim edi.
Qrimtatarlarni deportatsiya qilish 1944 yil, 18 may kuni tong payti soat 3:00 boshlanadi. Qrim bo‘ylab NKVDning 32 ming xodimi harakat boshlaydi. Ular butun Qrim bo‘ylab aholi xonadonlarga bostirib kiradi va qrimtatarlarga zudlik bilan jo‘nash lozimligini aytadi.
NKVD xodimlari qrimtatarlarning eshiklarini tepib kirishadi va ularga jo‘nash uchun bor-yo‘g‘i 5 daqiqa vaqt berilishini, ular o‘zlari bilan faqat ust-bosh va yo‘lda ishlatish uchun idish olishlari mumkinligini aytishadi. Jo‘nash uchun juda qisqa vaqt berilgani uchun odamlar hatto kiyim-kechaklarini to‘liq olishga ulgurmaydi.
O‘shanda NKVD xodimlari uxlab yotgan qrimtatarlarni uyg‘otib, Davlat mudofaa qo‘mitasining qarorini o‘qib berishganda ular karaxt holga tushishadi.
Qarorga ko‘ra, Qrim yarimorolida yashovchi qrimtatar millatiga mansub aholi bor-yo‘g‘i ikki yarim sutka ichida, 18 may, tong soat 3:00 dan, 20 may, kechki 16:00 gacha uylarini bo‘shatib chiqib ketishi kerak edi.
Deportatsiya paytida yosh bola bo‘lgan Ayriya Bagisheva o‘sha dahshatli kunni shunday eslagandi:
«Sovet qo‘shinlari kelib nemislarni quvganda biz o‘zimiznikilar keldi deb xursand bo‘lganmiz. Ammo 1944 yil 18 may kuni sahar payti kimlardir eshigimizni tepib, sindirib, uyimizga kirdi. Qarasak, sovet armiyasi formasidagi odamlar ekan. Biz nemislar o‘zimiznikilarning formasini kiyib, qaytib keldi, deb o‘yladik. Ular «tez jo‘nanglar, sizlarni ko‘chiramiz», deb baqira boshladi. Birozdan keyin Stalin biz qrimtatarlarni uyimizdan, Qrimdan surgun qilish haqida qaror qabul qilgani ma’lum bo‘ldi. Eshigimizni sindirib uyimizga kirganlar sovet harbiylari kiyimidagi nemislar emas, NKVDchilar ekan. O‘shanda bizni qisqa muddatda yuk vagonlariga tiqib, noma’lum tarafga jo‘natib yuborishdi. Yuk vagonlarida tiqilib, ustma-ust bo‘lib ketar ekanmiz, kimlardir ko‘z o‘ngimizda turli sabablar bilan vafot etar, bekatlarga yetib borguncha issiqda sasiy boshlagan o‘lik bilan yonma-yon ketar edik. Bekatlarda o‘liklarni tushirib olib qolishar edi. Hamma burnini ro‘mol bilan bog‘lab olgan, ammo vagondagi sassiq hidga baribir toqat qilib bo‘lmas edi. Yo‘lda vafot etganlarning aksariyati keksalar va go‘dak bolalar edi».
O‘shanda ayrimlar NKVD xodimlarining buyruqlarini bajarmasligini aytadi. Bundaylar o‘sha zahoti otib tashlangan. Shuningdek, qochmoqchi bo‘lganlar tutib olinib, keyinchalik GULag qamoqxona lagerlariga jo‘natilgan.
Asosan qariyalar, ayollar va bolalardan iborat 200 mingdan oshiq qrimtatarlar 250 ta yuk mashinasiga joylanadi va temiryo‘l tomon olib ketiladi. So‘ng ularni yuk vagonlariga (!) joylashadi va noma’lum tomonga qarab olib ketishadi.
Yuk vagonlarida sharoit juda yomon bo‘lib, vagon eshigi yopilganda u yerda nafas olish juda qiyin bo‘lgan. Buning ustiga hojatga chiqadigan joy ham vagonning o‘zida joylashgani uchun badbo‘y hidga chidab bo‘lmagan.
Yo‘lda keksa yoshdagilar, yosh bolalar va kasallar og‘ir sharoitda vafot etgan. Har kun ertalab qo‘riqchi askarlar o‘liklarni yig‘ishtirib olgan, ungacha mayitlar odamlar orasida turgan.
Keyinchalik deportatsiyani o‘z boshidan o‘tkazgan qrimtatarlardan biri shunday eslagandi:
«Ertalab bizni qo‘riqlab ketayotgan askarlar baland ovozda «O‘liklar bormi?» deb qichqiradi. Odamlar vafot etgan yaqinlarining jasadlarini quchoqlab yig‘lar, ularni askarlarga bergisi kelmasdi. Biroq o‘liklarni dafn etishga ruxsat yo‘q edi. Askarlar jasadlarni tortib olar, yoshi kattalarni eshikdan, yosh bolalarni derazadan tashqariga otardi. Ichimlik suvi berilmas, odamlar yo‘llarda ko‘lmak suvlaridan zaxira qilib olishardi. Shu sababli tif, bezgak va qo‘tir kasalligi tarqaldi. Hamma bitlab ketdi. Shu asnoda uzoq yo‘l bosdik».
Qrimtatarlar poyezdda O‘zbekistonga yetkazilgandan so‘ng 1944 yil 4 iyul kuni Beriya Stalinga bajarilgan ishlar haqida hisobot beradi. Unda Qrimdan 183 155 nafar odam chiqarilgani ma’lum qilingandi.
Shundan so‘ng Qrimga Rossiyaning turli hududlaridan ruslar ko‘chirila boshlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra 1944 yilda o‘zida Qrimga 50 mingdan oshiq ruslar ko‘chiriladi.
Borganlar qrimtatarlardan qolgan hovlilarga joylashib, ulardan qolgan narsalarga egalik qilishadi. Shu tariqa, deportatsiyadan so‘ng Qrimda bironta ham qrimtatar qolmaydi.
Ko‘p o‘tmay, 1944 yil oxirida sovet ittifoqi hukumati tomonidan chiqarilgan qaror bilan Qrimdagi barcha joy nomlari ruschaga o‘zgartiriladi.
Beriyaning hisobotida Toshkentga yetib kelguncha qrimtatarlardan 191 nafar odam o‘lgani aytilgan. Biroq Stalin vafotidan keyin oshkor bo‘lgan hujjatlarga ko‘ra, Beriya o‘lganlarning sonini yashirgani, belgilangan manzilga yetib borguncha qrimtatarlardan o‘n mingga yaqini halok bo‘lgani oydinlashadi. Boshqa manbalarda esa o‘lganlar soni undan ham ko‘p bo‘lganini aytishgan.
Deportatsiya guvohi bo‘lganlar keyinchalik odam ko‘p o‘lishiga yetarli darajada ovqat berilmagani, tibbiy xizmat ko‘rsatilmagani va odamlarning iflos suvni iste’mol qilgani sabab bo‘lganini ma’lum qilishgan.
NKVD hisobotlariga ko‘ra Qrimdan 193 865 nafar qrimtatar deportatsiya qilingan. (Demak Beriya Stalinga yozgan hisobotida ularning sonini qariyb 11 ming nafarga kam ko‘rsatgan).
Ulardan 151 136 nafari O‘zbekistonga, 8597 nafari Mari ASSRga, 4 286 nafari Qozog‘istonga joylashtirilgan. Bundan tashqari, ishga yaroqli bo‘lgan 10 555 nafari Perm, 6 743 nafari Kemerovo, 5 095 nafari Gorkiy, 3 594 nafari Sverdlov, 2 800 nafari Ivanovo, 1 095 nafari Yaroslav viloyatlaridagi turli korxonalarga joylashtirilgan.
Biroq keyinchalik Qrimdan Beriya va NKVD hisobotlarida ko‘rsatilgandan ko‘proq odam quvg‘in qilingani ma’lum bo‘ladi.
O‘zbekistonga keltirilgan qrimtatarlarning asosiy qismi Toshkent va Samarqand viloyatlariga joylashtirilgan. Qolganlari Andijon, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarga taqsim qilingan.
«Stalin qrimtatarlarni sotqinga chiqarib, vatanimizdan quvib chiqargan bo‘lsa-da, qardosh o‘zbeklar bizni ancha hamdardlik bilan, iliq kutib olishdi. O‘zlari ham og‘ir kunlarni o‘tkazayotganiga qaramasdan so‘nggi burda nonlarini biz bilan bo‘lishishdi. Uylaridan joy berishdi. Agar o‘shanda bizni O‘zbekistonga emas, Rossiyaning kimsasiz sovuq hududlariga olib borib tashlashganida qrimtatarlar millat sifatida butunlay yo‘q bo‘lib ketardi», degan edi o‘sha og‘ir kunlarning guvohi bo‘lganlardan biri.
O‘zbekistonda qrimtatarlarning asosiy qismi kolxozlarda ishlagan. Yana bir qismi turli qurilishlarda mehnat qilgan. Ularga eng qiyin ishlar topshirilgan.
Arxiv ma’lumotlarida keltirilishicha, 1946-1947-yillarda O‘zbekistonda og‘ir sharoitda yashagan qrimtatarlardan qariyb 20 ming nafari halok bo‘lgan
Biroq boshqa manbalarda 1944-1947-yillar oralig‘ida O‘zbekistonga joylashtirilgan qrimtatarlarning 40 foizidan oshiqrog‘i halok bo‘lgani yozilgan.
«Uzoq yurib bir bekatlardan birida to‘xtadik. Bizni o‘sha yerda tushirib baraklarga yoki qarovsiz uylarga joylashdi. Keyin bilsak, bizni Toshkent viloyati Chirchiq shahri yaqinidagi sovxozga olib kelishgan ekan. Ko‘p o‘tmay onam vafot etdi va men singillarim bilan yolg‘iz qoldim. Ko‘p o‘tmay bizni bolalar uyiga topshirib yuborishdi. Ulg‘ayganimdan so‘ng Angrendagi konda ishlay boshladim. Oila qurdim, farzandli bo‘ldim. 1980-yillar oxirida Qrimga qaytishimizga ruxsat berishdi. O‘zbekistonni o‘lgunimcha bizga bergan mehri uchun unuta olmasam kerak. Farzandlarim o‘sha yerda tug‘ilgani uchun o‘zlarini hanuzgacha o‘zbekistonlik deb biladi. Ular Qrimda tug‘ilgan nabiralarimga O‘zbekiston ikkinchi vatanimiz ekanini, o‘zbeklarni qayerda ko‘rishsa ham, har qanday holatda ularga hurmat ko‘rsatishni, yordam berish lozimligini ta’kidlaydi», deydi hodisa guvohi bo‘lgan Ayriya Bagisheva.
SSSR ministrlar sovetining 1947 yil 21 noyabrdagi qarori va SSSR oliy soveti prezidiumining 1948 yil 26 noyabrdagi buyrug‘i bilan qrimtatarlar va boshqa deportatsiya qilingan millatlar uchun juda qattiq tartib joriy qilinadi.
Jumladan, ular o‘zi yashab turgan joydan boshqa istalgan tumanga bormoqchi bo‘lsa faqat yaqin qarindoshining chaqiruvi bilan bunga ruxsat berilgan. Aks holda chiqish mumkin bo‘lmagan.
Mabodo kimdir bu taqiqqa bo‘ysunmasa avvaliga ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan. Qoidani takror buzganlarga esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 20 yilgacha qamoq jazosi berilgan.
1953 yilda Stalin vafot etadi. Ko‘p o‘tmay uning davrida nohaq qamalganlar ozod qilinadi. Qatag‘onlarni sodir etishda qatnashganlar mahkamalarga tortiladi. Eng birinchi Beriya qo‘lga olinib, sud hukmi bilan otib tashlandi.
Shundan so‘ng Mikoyan boshchiligida maxsus komissiya tuziladi va deportatsiya qilingan millatlarni vatanlariga qaytarish masalasi ko‘rib chiqiladi. O‘shanda quvg‘in qilingan millatlarga vatanlariga qaytishga ruxsat beriladi, biroq ular orasida qrimtatarlar va mesxeti turklar yo‘q edi.
Bu ikki millat vakillari deportatsiya qilingan joyidan chiqib, SSSRning o‘zi xohlagan burchagida borib yashashi mumkin edi. Biroq vatanga qaytishga ruxsat berilmaydi.
Keyinchalik Anastas Mikoyan o‘z esdaliklarida nega qrimtatarlarga o‘z vataniga qaytishiga ruxsat berilmagani haqida shunday yozgandi:
«O‘shanda nega Qrimtatar avtonom respublikasi qayta tuzilmadi? Qrimtatarlarga o‘z uylariga qaytishga ruxsat berilmadi. Gap shundaki, qrimtatarlar yarimoroldan quvib chiqarilgandan so‘ng ularning uylari boshqalar tomonidan egallab olingandi. Agar qrimtatarlarga uylariga qaytishga ruxsat berilsa bu ish millatlararo nizo keltirib chiqarishi aniq edi. Shu sababli qrimtatarlarga Qrimga qaytishga ruxsat berilmadi».
Shu tariqa qrimtatarlar o‘z uylariga qaytishdan mosuvo bo‘lishadi. Shundan so‘ng ularning asosiy qismi O‘zbekistonda yashab qoladi. Qolganlari esa SSSRning boshqa hududlari bo‘ylab tarqalib ketishadi.
Qrimga qaytish
1985 yilda SSSRga Mixail Gorbachyov rahbar bo‘lgandan so‘ng keng miqyosda islohotlar o‘tkaza boshlaydi. Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi, SSSRda diniy erkinlik berilishi va boshqa yana bir qator ishlar bilan birga 1989 yilda qrimtatarlarga Qrimga qaytishga ruxsat beriladi.
1989 yil 28 noyabr kuni SSSR oliy soveti qrimtatarlar masalasida qaror qabul qiladi. Ushub qarorda 1944 yilda qrimtatarlar nohaq ayblangani aytilgan, deportatsiya xato va jinoyat bo‘lgani tan olingan, ularning tarixiy vatanlariga qaytishga ruxsat berilgan edi.
Shundan so‘ng O‘zbekistondagi qrimtatarlar yoppasiga Qrimga ko‘chib keta boshlaydi. Ketishni xohlamaganlar shu yerda qolishadi.
Shuningdek, qarorda Ukraina SSSR tarkibida Qrimtatar avtonom respublikasi tashkil etish belgilangan edi.
Qrimga qaytib borgan qrimtatarlar bilan ruslar o‘rtasida mojaro kelib chiqmasligi uchun yarimorolga qaytganlarga uy tiklash uchun yer va bepul qurilish ashyolari beriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, SSSR parchalanib ketguncha Qrimga 150 ming nafardan oshiq qrimtatar qaytib boradi. Bu jarayon SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ham davom etadi.
1991 yil 26 aprelda RSFSRda (SSSRda Rossiya federatsiyasi shunday qisqartma bilan atalgan) «Qatag‘on qilingan xalqlar haqida»gi qonun qabul qilinadi. Mazkur qonunda Stalin boshqaruvi davrida turli millatlarning deportatsiya qilinishi ularga nisbatan sodir etilgan genotsid deb tan olingandi.
Har yil 18 may kuni Qrim yarimoroli bo‘ylab o‘sha og‘ir va mash’um kunni, uning qurbonlarini xotirlash kuni bo‘lib o‘tadi. Qrimtatarlar o‘sha mash’um kunlar guvohi bo‘lgan keksa yoshdagi insonlarni yo‘qlaydi, qatag‘on munosabati bilan barpo etilgan xotira majmualariga boradi. O‘tganlar ruhiga Qur’on tilovati qilinadi. Shuningdek, bunday tadbirlar Rossiya va Ukrainada yashovchi qrimtatarlar tomonidan ham o‘tkaziladi.
Qrimning Rossiya tomonidan egallab olinishi va ta’qiblar
2014 yilda boshlangan Rossiya-Ukraina mojarosi ortidan o‘sha yili Rossiya xalqaro normalarga zid ravishda Qrimni anneksiya qildi. Shundan so‘ng bu yerda yashovchi qrimtatarlar yana turli muammolarga duch kela boshlashdi.
Rossiya kuchishlatar tizimlari tomonidan qrimtatarlar orasida ehtimoliy xavf sifatida ko‘rilganlar noqonuniy tarzda ta’qib qilindi, qo‘lga tushganlari qamaldi. Qrimtatarlaridan chiqqan taniqli shaxslarning aksariyatini yarimorolga kirishi taqiqlab qo‘yildi.
Jumladan, qrimtatar xalqining rahbari Mustafo Abduljamil Qirim o‘g‘liga va qrimtatarlarning irodasini ifodalovchi Qrimtatar milliy majlisi (KTMM) raisi Refat Chubarovga yarimorolga kirish man etildi.
Rossiya tomonidan Qrimtatar milliy majlisi «ekstremistik tashkilot» sifatida baholanib, uning faoliyati taqiqlandi. Qrim respublikasining Ukraina boshqaruvi davridagi parlamenti bilan bevosita aloqada bo‘lgan 2 500 qrimtatar va ularning yaqinlari ekstremistik tashkilot a’zosi qatoriga kiritildi.
Shundan so‘ng Rossiya ma’muriyatining bosimi tufayli minglab qrimtatarlar yarimorolni tark etishga majbur bo‘lishdi.
Yarimorolda qrimtatar xalqining uylari, masjidlar, bolalar bog‘chalariga qilingan bosqinlar va «terrorchi tashkilot a’zo bo‘lish» ayblovi bilan hibsga olishlar hanuz davom etmoqda.
Aslida esa Rossiya huquqni himoya qilish organlarining maqsadi Qrimning bosib olinishiga qarshi bo‘lgan qrimtatarlarni topib jazolash bo‘lmoqda.
Shu tufayli bugun Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishiga qarshi bo‘lgan qrimtatarlarning aksariyati yarimoroldan qochib chiqib ketgan. Ularning katta qismi Ukrainada, boshqalari xorij davlatlarida yashamoqda.
2015 yilda Ukraina Oliy Radasi «1944 yilda Qrim-tatar xalqining deportatsiyasi»ni genotsid deb tan oldi. 18 may Qrimtatar xalqining genotsidi qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilindi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
17:17 / 23.12.2024
AQSh rekord sondagi O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qildi
15:36 / 23.12.2024
Qora dengiz sohillarini mazut qopladi - tankerlar halokati oqibatlari fotosuratlarda
17:34 / 18.12.2024