O‘zbekiston | 13:09 / 19.05.2023
9253
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident saylovini o‘tkazish uchun 174 mlrd so‘m ajratildi

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi muddatidan oldingi prezident saylovini o‘tkazish xarajatlari smetasini tasdiqladi – 174,13 milliard so‘m. MSK yig‘ilishida smetani ishlab chiqishda budjet mablag‘larini tejashga e’tibor qaratilgani aytildi. Bu miqdor 2021 yilgi saylovlar uchun ajratilganidan 41 foizga kam. 

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 9 iyulga belgilangan muddatidan oldingi prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini tasdiqladi

Yig‘ilishda smetani tasdiqlashda budjet mablag‘larini tejashga e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Umumiy xarajatlar 174,13 milliard so‘mga baholanmoqda, bu yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2021 yilda bo‘lib o‘tgan prezident saylovini o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘dan 41 foizga kam (o‘sha paytda 300 milliard so‘m ajratilgan edi). 

Partiyalarning umumiy tadbirlarini o‘tkazish va partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori 19,655 milliard so‘m yoki to‘rt nafar nomzodning har biri uchun (ro‘yxatga olingan beshta partiyadan ikkitasi bitta umumiy nomzod ko‘rsatyapti) 4,914 milliard so‘m miqdorida tasdiqlandi. 2021 yilda ushbu maqsadlar uchun 15,4 milliard so‘m yoki besh nomzodning har biriga 3,097 milliard so‘m ajratilgan. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, xarajatlarning qariyb 82 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etishga sarflanadi. Ushbu mablag‘larning 76 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga kompensatsiya to‘lovlari bo‘lishi kerak, ularning asosiy qismini o‘qituvchilar, shifokorlar va faol fuqarolar tashkil etadi, deya ta’kidladi MSK. 

Mavzuga oid