Janubiy Koreya prezidenti lavozimidan vaqtincha chetlatildi
Mamlakat Konstitutsiyaviy sudi uning o‘z vazifalarini bajarishda davom etishi yoki yo‘qligi haqida qaror qabul qiladi.
Milliy Assambleya tomonidan impichment e’lon qilingan prezident Yun Sok Yol bu masala Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilgunga qadar lavozimidan chetlatildi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
Janubiy Koreya bosh vaziri Xan Duk Su muvaqqat prezident vazifasini bajaradi.
Konstitutsiyaviy sud bayonotiga ko‘ra, prezidentga nisbatan impichment e’lon qilish haqidagi Milliy Assambleya qarori sudga taqdim etilgan va qarorni muhokama qilish jarayoni boshlangan. Bu masala bo‘yicha yig‘ilish 16 dekabr kuni o‘tkaziladi, deb xabar berdi Anadolu.
Janubiy Koreyada Konstitutsiyaviy sud prezidentga impichment jarayoni bilan bog‘liq dalillarni tinglash va baholash uchun 6 oyga muddatga ega. Agar sudning 9 nafar sudyasidan 6 nafari qarorni ma’qullasa, prezident lavozimidan chetlatiladi. So‘ngra, 60 kun ichida yangi prezident saylanishi kerak. Bu tartib davlat rahbari iste’foga chiqqan taqdirda ham amal qiladi.
Yun Sok Yol – Janubiy Koreyaning 13-prezidenti. U 2019-2021 yillarda mamlakat bosh prokurori bo‘lgan, 2022 yilgi saylovda g‘olib bo‘lib, prezident lavozimini egallagan. 3 dekabr kuni u kutilmaganda harbiy holat e’lon qildi. U xalqqa murojaatida ushbu qarorini muxolifatning «davlatga qarshi faoliyati» bilan izohladi. Ammo muxolifatdagi Demokratik partiya va hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasining qarshiligi bilan, parlament bir necha soat ichida harbiy holatni bekor qilishni yoqlab ovoz berdi. Shundan keyin prezident o‘z fikrini o‘zgartirib, harbiy holatni bekor qildi, keyinchalik xalqdan uzr so‘radi.
Yun Sok Yolga nisbatan davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilish bo‘yicha tergov boshlandi. Tergov doirasida davlat rahbariga mamlakatdan chiqish taqiqlandi.
Mavzuga oid
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
21:54 / 17.12.2024
Janubiy Koreya Toshkent-Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshladi
16:45 / 17.12.2024
Janubiy Koreyada armiya bosh shtabi boshlig‘i hibsga olindi
11:00 / 17.12.2024