Belgorod oblastidagi ukrain harbiy texnikalari. Bu haqda nimalar ma’lum?
Internetda ukrain harbiy texnikalari Belgorod oblastining chegaraga yaqin hududlarida harakatlanayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Hududda janglar kun bo‘yi davom etdi.
22 may kuni Rossiyaning Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov «Ukraina qurolli kuchlarining qo‘poruvchilik-razvedka guruhi Grayvoronskiy rayoni hududiga kirgani»ni ma’lum qildi. Undan avvalroq ushbu hududda harbiy harakatlar ketayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Kreml Rossiya prezidenti ro‘y berayotgan voqealardan xabardor qilingani haqida ma’lum qilgan. Ukraina harbiy razvedkasi operatsiya Rossiya fuqarolaridan iborat tuzilma tomonidan «xavfsizlik zonasi» tashkil etish maqsadida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Ukrainaning «Skrinka Pandori» telegram-kanali kunning birinchi yarmida Rossiyaning chegaradagi «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punktida tanklar va artilleriya vositasida harbiy harakatlar ketayotgani haqidagi xabar va videoni tarqatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyida olingani aytilgan va bitta tank tomonidan zarba yo‘llanayotgani aks etgan video keng tarqaldi.
Rossiya mudofaa vazirligi hozirgacha janglar haqida xabar bermadi.
Region rahbariyati avvaliga chegaradagi posyolkalarga diversantlar kirib kelgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi va hududlar yoppasiga o‘qqa tutilayotganini ma’lum qildi. Gubernator Gladkov kunning birinchi yarmida soat 9 dan boshlab bir soat davomida Grayvoron shahar okrugi «Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgani» haqida aytgan. Shuningdek, u tinch aholi vakillaridan hech kim halok bo‘lmagani va jabrlanmaganini bildirgandi.
Gubernator chegaradagi aholi yashash punktlaridagi aholi evakuatsiya qilinayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotni ham rad etgandi, ammo internetda aholi o‘zi mustaqil ravishda yashash joylarini tark etayotgani va yo‘llarda tirbandliklar hosil bo‘lgani, shuningdek, aholini olib ketish uchun evakuatsiya avtobuslari yuborilayotgani aks etgan videolar tarqalgan.
Kreml matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov esa jurnalistlarga mudofaa vazirligi, FXX va chegarachilar prezident Vladimir Putinga «ukrain diversiya guruhining Belgorod oblastiga bostirib kirishga urinishi» to‘g‘risida hisobot berganini ma’lum qildi. «Rossiya hududidan ukrainalik diversantlarni siqib chiqarish va yo‘q qilish ishlari olib borilmoqda, voqea joyida yetarli kuch va vositalar mavjud», deya hukumat pozitsiyasini ifoda etgan Peskov.
Peskov ilgari surgan versiyaga ko‘ra, Belgorod oblastidagi Ukraina diversiyasining maqsadi e’tiborni Baxmut yo‘nalishidan chalg‘itish, Ukraina tomonining Artyomovskni yo‘qotishidan siyosiy ta’sirni minimallashtirishdir.
Gubernator yana nimalar dedi?
«Havo hujumidan mudofaa tizimimiz ishlamoqda. Raketalarning bir qismi Antonovka qishlog‘idagi xususiy uylar tomorqalariga tushgan. Shuningdek Kozinka qishlog‘i minomyotdan o‘qqa tutilgan. Snaryadlardan biri xususiy turar joy binosiga tushishi oqibatida uy yonib ketgan. Yana bir snaryad boshqa bir xususiy uyga kelgan, natijada bino konstruksiyasi va avtomobilga jiddiy zarar yetgan. Uchinchi uyda esa panjara shikastlangan», deya yozgan Gladkov o‘z telegram-kanalida.
Keyinroq, u Novaya Tavoljanka qishlog‘ida dron orqali uylardan biriga portlovchi modda tashlangani, Gora-Podol qishlog‘ida esa pichan ombori yonib ketgani haqida xabar berdi. Grayvoronda snaryadlar avtotransport korxonasi hududiga kelib tushgan, keyinroq shaharga yaqin joylashgan Glotovo qishlog‘i o‘qqa tutilgan. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, bir erkak va bir ayol mina portlashidan jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan (ayol og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida qolmoqda).
Kunning ikkinchi yarmida Gladkov Grayvoron shahar okrugi hududiga «Ukraina qurolli kuchlari diversiya-razvedka guruhi kirgani»ni tasdiqladi. «RF qurolli kuchlari Chegara xizmati, Rossiya gvardiyasi va FXX bilan birgalikda dushmanni yo‘q qilish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda», deya yozgan u telegram-kanalida.
Uning so‘nggi ma’lumotlariga, Grayvoron rayoni hududi o‘qqa tutilishi oqibatida jami sakkiz kishi jabrlangan. Ulardan biri rayon ma’muriyati rahbari o‘rinbosaridir.
Gubernator, shuningdek, butun Belgorod oblasti hududi bo‘ylab aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etilgani haqida xabar qilgan. Bu xususan, portlovchi, radioaktiv, kimyoviy va biologik xavfli moddalardan foydalanadigan xavfli ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni tekshirish va faoliyatini to‘xtatib turishni nazarda tutadi.
Grayvoron shahar okrugi Ukraina bilan chegaraga yaqin joylashgan. Belgorodgacha masofa - 60 km atrofida.
Hududdagi vaziyat haqida yana nimalar ma’lum?
Belgorod oblastidagi hodisalarga aloqadorligi haqida ikki tashkilot ma’lum qildi, ulardan biri mart oyi boshida Bryansk oblastiga amalga oshirilgan reyd uchun mas’uliyatni zimmasiga olgandi.
«Rossiyaga ozodlik» legioni (ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining rossiyalik ko‘ngillilardan tuzilgan harbiy qismi) o‘z a’zolari Kozinka aholi yashash manzilini nazoratiga olganini da’vo qilgan. Gubernator o‘z xabarlarida Kozinka qishlog‘i minomyotdan o‘qqa tutilganini aytgandi. «Legion»ning bayonotiga ko‘ra, Grayvoron rayon markaziga ham uning «ilg‘or otryadlari» kirgan.
«Uyda qoling, qarshilik ko‘rsatmang va qo‘rqmang: biz sizning dushmaningiz emasmiz. Putin zombilaridan farqli o‘laroq, biz tinch aholiga tegmaymiz va ulardan o‘z maqsadlarimiz uchun foydalanmaymiz. Ozodlik yaqin!» deyiladi legionning Rossiya chegara hududlari aholisiga murojaatida.
Biroz o‘tib legion telegram-kanalida navbatdagi post paydo bo‘ldi: «Gora-Podol ortda qoldi! RKK bilan legion Belgorod viloyatidagi Grayvoron aholi punktiga hujumni boshladi».
«Belgorod - Molniya» telegram-kanali o‘z manbasiga asoslanib yozishicha, gubernator tomonidan tilga olingan Glotovo qishlog‘ida (Gladkov bu hudud o‘qqa tutilishi oqibatida bir ayol va bir erkak yaralanganini aytgan) diversiya-razvedka guruhi mahalliy madaniyat uyiga joylashgan. «Shuningdek, aholini evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma’lumot bor», deya yozgan kanal.
Gubernator esa kun avvalida aholi evakuatsiyasi ehtimoli haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atab, buni axborot xuruji deb atagandi.
Rossiyadagi kuchishlatar tuzilmalarga aloqador sanaluvchi Baza telegram-kanali Glotovo qishlog‘ida, shuningdek, gubernator postlarida tilga olingan yana ikki qishloqda - Kozinka va Gora-Podolda to‘qnashuvlar ketayotganini ma’lum qildi. Kozinkada aholining bir qismi evakuatsiya qilingani aytildi.
RT telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Gora-Podol qishlog‘idagi madaniyat uyi diversantlar tomonidan egallab olingan, gubernatorning ertalabki xabarlarida bu yerda pichan ombori yonib ketgani aytilgandi.
«Otkrytyy Belgorod» nashriga ko‘ra, Gora-Podol, Kozinka va Grayvoron okrugidagi yana bir aholi yashash manzili ichimlik suvi va elektr ta’minotisiz qolgan.
Kiyevdagilar nima deyishmoqda?
Ukraina QK Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusovning ma’lumotiga ko‘ra, Belgorod oblasti hududida «Rossiyaga ozodlik» legioni jangchilari ham, mart oyida Bryansk oblastiga uyushtirilgan reyd uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» jangchilari ham harakat qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya Federatsiyasi fuqarolaridan tuzilgan» bu ikki tuzilma «Ukraina tinch aholisini himoya qilish uchun muayyan xavfsizlik zonasi» yaratish maqsadida Rossiya chegarasidan o‘tgan.
Rossiyadagi sobiq ultrao‘nglarni o‘z ichiga olgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» ham Rossiya hududida amaliyot o‘tkazayotganini da’vo qilib, Belgorod oblastidagi aholi yashash manzillari nomlari yozilgan yo‘lko‘rsatkichlar yonida olingan videolarni e’lon qilgan. «Korpus» bungacha ikki bor Bryansk oblastiga reyd uyushtirgan - 2 mart va 6 aprel kunlari. O‘shanda ularning aksiyasi qisqa muddatli bo‘lgan va tezda ortga qaytilgandi.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyakning ma’lum qilishicha, Ukraina hukumati Belgorod oblastidagi voqealarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador emas. «Gaykalar qotirilgan totalitar mamlakatdagi harakatlanuvchi yagona siyosiy kuch har doim muqarrar ravishda qo‘llariga qurol olgan partizanlar harakati bo‘ladi. Ukraina Rossiyaning Belgorod oblastidagi voqealar rivojini qiziqish bilan kuzatib bormoqda va vaziyatni o‘rganmoqda, ammo unga bevosita aloqador emas. Ma’lumki, tanklar Rossiyaning istalgan harbiy do‘konida sotiladi, maxfiy partizanlar otryadlari esa baribir Rossiya fuqarolaridan tarkib topgan», — deya yozgan u tvitterida.
«Voyenkor»lar reaksiyasi
Harbiy mavzuga ixtisoslashgan blogerlar ukrain diversiya guruhining Rossiya regionlaridan biriga kirgani haqidagi navbatdagi xabarni ancha xotirjamlik bilan qabul qilishdi.
«Ular e’tiborni chalg‘itmoqda. Chindan ham chalg‘itishdi», - deya yozdi VGTRK harbiy korrespondenti Aleksandr Sladkov. - Aytishlaricha, Belgorodga ukrainlar tanki kirgan, - bu bema’nilik». «Artemovskdagi mag‘lubiyatning axboriy zararini minimallashtirishmoqda», deya Peskovning versiyasiga qo‘shilgan «voyenkor» Yevgeniy Poddubniy.
O‘z navbatida, «Vagner»ga aloqador hisoblangan Grey Zone telegram-kanali «dushman tomonidan olingan video»ga havola bergan holda, Rossiya tomonga chegaradan «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punkti hududiga chindan ham bitta T-72 tanki, shuningdek zirhlangan jangovar mashinalar va piyodalarni tashuvchi yuk mashinasi o‘tgani haqida xulosaga kelgan. Kanalda yozilishicha, hujumni qaytarish uchun Rossiya armiya aviatsiyasi - Ka-52, Mi-28 va Mi-8 rusumli harbiy vertolyotlar harakatga keltirilgan.
Bir milliondan ortiq obunachisi mavjud bo‘lgan «Rybar» kanali (bu kanal Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador resurs hisoblanadi) ham vaziyatga o‘z bahosini bergan. «Bundan faqat bir natija ko‘zlangan: chegara hududidagi rossiyaliklar orasida ulkan vahima uyg‘otish. Grayvorondagi nazorat-o‘tkazish punktidagi janglarning haqiqiy kadrlari o‘rniga sahnalashtirilgan videolar tarqatildi», - deya yozgan kanal.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024