Jahon | 18:30 / 23.05.2023
42177
12 daqiqa o‘qiladi

«General asirni o‘ldirdi, men fotoapparatim bilan generalni o‘ldirdim» – Vetnam urushining shafqatsizliklari tasvirlangan surat tarixi

1968 yilda Vetnam urushida politsiya generali asirga tushgan partizanni so‘roq qilmasdan otib tashlaydi. Jarayonni amerikalik muxbir suratga olishga ulgurib qoladi. Surat e’lon qilingach general shafqatsizlikda ayblanadi va qolgan umrini tahdidlar ostida o‘tkazadi. Muxbir esa Pulitser mukofotiga loyiq ko‘riladi. Ko‘p o‘tmay hodisa tafsilotidan xabar topgan muxbir mukofotdan voz kechadi va suratni tarqatgani uchun generaldan kechirim so‘raydi.

Foto: Getty Images

XX asrda sodir bo‘lgan ikkita jahon urushi bir necha millionlab insonlarning halok bo‘lishiga, o‘nlab mamlakatlarning vayron bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Biroq o‘sha urushlardan keyin ham odamzotning aqli kirmadi. Oqibatda, 1950-yillar boshida Koreya yarimorolida fuqarolar urushi, 1965-1975 yillarda Vetnam urushi, 1979-1989 yillarda Afg‘on urushi, 1990-yillar boshida Bolqon yarimorolidagi fuqarolar urushlari sodir bo‘ldi.

2001 yilda AQSh avval Afg‘onistonga, so‘ng 2003 yilda Iroqqa bostirib kirdi. Dunyo endi tin olaman deganda 2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. Yana odamlar halok bo‘ldi, shahar va qishloqlar vayronaga, millionlab insonlar qochoqqa aylandi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sodir bo‘lgan urushlar orasida Vetnam urushi alohida ajralib turadi. Bu urushda Koreya yarimorolida bo‘lgani kabi bitta millat ikkiga ajralib, o‘zaro urush olib boradi.

Shimoliy Vetnam SSSR yordamida mamlakatda kommunistik tuzum o‘rnatadi va janubda AQSh yordamida tuzilgan Vetnam Respublikasiga bostirib kiradi. Oqibatda urushga AQSh ham qo‘shiladi.

Shimolliklar SSSRdan keng ko‘lamda harbiy yordam olgan bo‘lsa, janubliklarga AQSh harbiylari yordamga keladi va qonli urush 10 yil davom etadi. Oxir-oqibat bu urush AQShning mag‘lubiyati va shimolliklar tomonidan janubning bosib olinishi bilan tugaydi.

Vetnam urushida har ikki tomon ham juda katta talafotlar beradi, yuz minglab harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, odamlar qochoqqa aylanadi.

Vetnam urushi barcha uchun fojia edi. Mamlakatni birlashtirib, kommunistik tuzum o‘rnatmoqchi bo‘lgan shimolliklar, ularga qarshi chiqqan janubliklar, janubliklarga yordamga borgan AQShlik harbiylar – bularning barchasi o‘sha urushning qurbonlari bo‘lishadi.

Quyida Vetnam urushi paytida shimolliklar tarafdori bo‘lgan partizan yigitni otib tashlagan politsiya generalining achchiq taqdiri haqida hikoya qilamiz. Bu hodisaning mashhur bo‘lishiga bitta fotosurat sabab bo‘lgandi.

Hodisa

1968 yil 30 yanvar kuni to‘satdan Janubiy Vetnamning turli shaharlariga shimoldagi kommunistlar armiyasi va ularni qo‘llovchi Janubiy Vetnamni ozod qilish milliy fronti a’zolari hujum uyushtiradi. Poytaxt Saygon va yana o‘nga yaqin shahar hujum ostida qoladi.

Janubliklar uchun bu hujum kutilmaganda sodir bo‘ladi. Chunki o‘sha paytda Vetnamliklar taqvimiga ko‘ra yangi yil ta’tili boshlangan va shu sababli qurolli to‘qnashuvlar bir muddat tin olgan edi.

Hujum tufayli Saygon ko‘chalarida ham qurolli to‘qnashuvlar boshlanib ketadi. Bir necha kuni davom etgan janglarida shimollik harbiylar va partizanlar Saygonda ko‘plab politsiyachilarni o‘ldirishadi. Ularning ayrimlari hatto politsiya xodimlarining oila a’zolariga ham rahm qilmaydi va ayollar hamda bolalargacha o‘ldirishadi.

Shundan so‘ng shahar ko‘chalari bo‘ylab partizanlarga qarshi janglar boshlanib ketadi. Oxir-oqibat soni kam va kuchi yetarli bo‘lmagan partizanlar yengilishadi va ularning bir qismi asir tushadi.

1 fevral kuni hali janglar davom etayotgan paytda Janubiy Vetnam politsiya boshqarmasi boshlig‘i, brigada generali Ngok Loanning oldiga Janubiy Vetnamni ozod qilish milliy fronti komandirlaridan biri 36 yoshli yigitni olib kelishadi. Yigitning qo‘llari bog‘langan holda edi.

O‘sha paytda generalning oldida amerikalik muxbirlar va jurnalistlar bo‘lib, ular partizanlarning komandiri qanday so‘roq qilinishini tasvirga olmoqchi bo‘lib, uskunalarni tayyorlay boshlashadi.

Biroq general asirni so‘roq qilib o‘tirmaydi. Yonidan to‘pponchasini chiqaradi va komandirni peshanasidan otib tashlaydi. Muxbirlar generalning bu ishidan hayron qolishadi. Faqat Assoshieyted Press axborot agentligi muxbiri Eddi Adams holatni suratga olishga ulguradi.

Ko‘p o‘tmay politsiya generalining asir tushgan partizanlar komandirini so‘roq qilmasdan ko‘chaning o‘zida otib tashlayotgani tasvirlangan surat dunyodagi aksariyat gazetalarda beriladi. Hamma genaralni shafqatsizlikda ayblab chiqadi

Shu tariqa surat Vetnam urushidagi shafqatsizliklar timsoliga aylanadi. Dunyo bo‘ylab AQShning Vetnam urushidagi ishtirokiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlarida odamlar shu suratni ko‘tarib chiqa boshlashadi.

Ko‘p o‘tmay Eddi Adams o‘sha surat uchun nufuzli xalqaro Pulitser mukofotiga loyiq deb topiladi. Eddi mukofotni olganidan ko‘p o‘tmay undan voz kechadi.

Generalning keyingi taqdiri

Partizanlar komandirini shafqatsizlarcha otib tashlaganidan so‘ng ko‘p o‘tmay general Ngok Loan janglardan birida oyog‘idan yaralanadi. Uni davolanishi uchun Avstraliyaga jo‘natib yuborishadi.

Biroq shafqatsiz deb nom olgan generalni Avstraliyadagi bir qancha shifoxonalar operatsiya qilishni va davolashni rad etishadi.

Politsiya generali Ngok Loan

Shundan so‘ng amerikaliklar uni AQShga olib ketishadi. Okean ortiga yetib borganida vaqt o‘tgan va generalning oyog‘i davolab bo‘lmas holga kelgandi. Uning bir oyog‘ini kesib tashlashadi.

Shundan so‘ng general Saygonga qaytadi, biroq nogiron bo‘lib qolgani uchun politsiya xizmatidan iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi.

1975 yilda shimolliklar uzil-kesil g‘alaba qozonadi va Saygonni egallaydi. Shunda general Loan amerikaliklardan o‘zini AQShga olib ketishlarini so‘raydi, biroq rad javobini oladi.

General Vetnamda qolsa shimolliklar asir olishini va og‘ir jazo berishini bilardi. U yashirincha mamlakatdan qochadi va AQShga borib joylashadi.

General AQShda Virjiniya shtatida yashaydi. U uyi oldida pitssa pishirib sota boshlaydi. Biroq general o‘sha birgina surat tufayli AQShda ham shafqatsiz deb tanilib bo‘lgandi.

Shu sababli uning pitssaxonasiga hech kim kirmaydi. Shuningdek, uning uyi va pitssaxonasi devorlariga «Biz sening kimligingni bilamiz» deb yozib ketishadi. General kasodga uchraydi va pitssaxonani yopishga majbur bo‘ladi.

General Ngok Loan AQShda

Bundan tashqari, ko‘cha-ko‘ylarda generalning o‘ziga, xotiniga va farzandlariga tez-tez tahdidlar qilishadi. Hatto odamlar uni AQShdan deportatsiya qilishni talab qilib chiqishadi.

Generalning farzandlarini ular o‘qiyotgan maktabda o‘quvchilar «Qotilning bolasi» deb kamsitishadi. Shu sababli general doim bir manzildan boshqasiga ko‘chib yurishga majbur bo‘ladi.

Biroq ko‘p o‘tmay yangi borgan joyida ham uni tezda tanib qolishadi va kamsitishlar hamda tahdidlar davom etaveradi. Generalning qilgan ishi uchun xotini va farzandlari ham ko‘p jabr chekishadi.

Oshkor bo‘lgan haqiqat

Generalning partizanlar komandirini otib tashlashi tasvirlangan surat dunyo bo‘ylab tarqalar ekan, 1969 yilda Eddi Adamsni xalqaro Pulitser mukofotiga loyiq deb topishadi.

Eddi Adams Pulitser mukofotini topishirish marosimida

Mukofot tashkilotchilariga ko‘ra muxbir «Saygondagi qatl» nomli birgina surati bilan Vetnam urushining barcha shafqatsizliklarini, dahshatini ochib bergan edi.

Avvaliga Pulitser mukofotiga loyiq topilgani uchun xursand bo‘lgan Eddi Adams afsuslana boshlaydi. Uning vijdoni qiynalib, o‘zini mukofot olishga noloyiq deb hisoblaydi. Keyinchalik buni o‘z intervyularida ham ham gapiradi.

Eddi mukofotni qabul qilib olganidan so‘ng ko‘p o‘tmay shunday degandi:

«Men bir inson ikkinchisini o‘ldirayotganini ommaga ko‘rsatganim uchun pul olyapman. Ikki nafar insonning hayoti barbod bo‘ldi. Biri shafqatsiz deb nom oldi, ikkinchisi halok bo‘ldi. Meni esa qahramon sanab rag‘batlantirishyapti».

Ko‘p o‘tmay Eddi Adams Pulitser mukofotidan voz kechganini aytib chiqadi. Dunyodagi barcha muxbirlar, jurnalistlar bu mukofotni olishni orzu qilib yurganda uning bu ishi hammani hayron qoldiradi.

Biroq Eddi Adamsning mukofotdan voz kechishiga arzirli sabab bor edi. Gap shundaki, general o‘ldirgan odam partizanlar komandiri bo‘lgan va yosh bolalar, ayollar hamda qariyalarga ham rahm qilmagan shaxs edi.

O‘shanda shimollik harbiylar va partizanlar Saygon shahriga hujum qilganda partizanlar komandiri bir necha nafar politsiya xodimining uyiga bostirib kirib, ularning xotini va bola-chaqasigacha rahm qilmay o‘ldiradi. Politsiyachilar uni shu ishning ustida asir olishadi va to‘g‘ri generalning oldiga olib kelishadi.

Partizanlar komandirining politsiya xodimlarini rafiqalari va bolalari bilan birga shafqatsizlarcha o‘ldirganini bilgan general uni so‘roq qilishni ham o‘ziga ep ko‘rmagan va otib tashlagandi.

Uzoq yillar davomida odamlarning nafratiga uchrab yashagan, ko‘p marta tahdidlarga uchragan general hodisa haqida kimlargadir izoh bergan, biroq hech kimni ishontira olmagan edi.

Eddi Adams partizanlar komandirining shafqatsiz bo‘lgani, hech kimni ayamaganidan xabar topgach general uni otib tashlab to‘g‘ri qilgan, degan xulosaga keladi.

Eddi Adams mashhuo surat bilan

U o‘sha suratni tarqatib, o‘zini generalga nisbatan nohaqlik qilgan deb hisoblaydi. O‘sha ishi uchun afsuslanadi. Generalni topib undan va oila a’zolaridan kechirim so‘raydi.

General uzoq yillar tahdid ostida yashaydi. Jamoatchilik esa o‘shanda Saygonda nima hodisalar yuz bergani, general o‘ldirgan shaxs kim bo‘lgani haqida ancha kech xabar topadi. Shundan so‘ng general va uning oila a’zolarini tinch qo‘yishadi.

Keyinchalik 1998 yilda general saraton kasalligidan vafot etadi. Bu haqda eshitgan Eddi Adams shunday degandi:

«General bir vetnamlik partizanni o‘ldirdi. Men esa fotokameram bilan generalni o‘ldirdim. Fotografiya dunyodagi eng kuchli qurol. Odamlar fotosuratlarga ishonishadi. Biroq ular ham aldashi va odamlarni manipulyatsiya qilishi mumkin. Fotosuratlar faqat yarim haqiqatni aytadi. Afsuski o‘shanda fotosuratda «O‘sha paytda Saygonda general bo‘lib qolganingizda va ko‘plab amerikalikni o‘ldirgan yomon odamni qo‘lga olganingizda nima qilgan bo‘lardingiz?» deb yozilmagan edi».

Keyinchalik, Eddi Adamsning yana bir surati uni yanada mashhur qilish bilan birga, AQShda immigratsiya bilan bog‘liq qonunlardan birining qabul qilinishiga sabab bo‘ladi.

1980 yilda Eddi Taylandga boradi. Dengiz qirg‘og‘ida yurganida Tayland chegarachilari kommunistik Vetnamdan qayiqlarda qochib kelayotgan odamlarni qaytarayotganini ko‘rib qoladi va suratga oladi.

Eddi Adams / Foto: Getty Images

Surat OAVda e’lon qilingandan so‘ng AQSh prezidenti Jimmi Karter va mamlakat Kongressi vetnamlik qochoqlarning AQShga kirishini yengillatuvchi qonunni qabul qilishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid