Jahon | 11:26 / 23.05.2023
8743
2 daqiqa o‘qiladi

Gubernator: Belgorod viloyatida aksilterror operatsiyasi davom etmoqda

Belgorod viloyatida bir kun avval ushbu mintaqa hududiga bostirib kirgan qurolli guruhlarga qarshi «aksilterror operatsiyasi» davom etmoqda, deb xabar berdi viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov. 

Foto: RBK

«Grayvoron okrugidagi vaziyat haqida. Hududni Mudofaa vazirligi huquq-tartibot idoralari bilan birga tozalamoqda. Ammo hozircha uyga qaytmay turish tavsiya etiladi», - deb yozdi Gladkov Telegram-kanalida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi orasida halok bo‘lganlar yo‘q, biroq Rossiya xavfsizlik kuchlari yetib bora olmagan hududda ikki kishi yaralangan.

Avvalroq Belgorod viloyati hududida aksilterror operatsiyasi rejimi e’lon qilingandi.

Viloyat rahbari Vyacheslav Gladkovga ko‘ra, u «fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida» joriy etilgan hamda «maxsus chora-tadbirlar va vaqtinchalik cheklovlarni o‘rnatadi». 

«Jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishdan boshlab, portlovchi, radioaktiv, kimyoviy va biologik xavfli moddalardan foydalanadigan xavfli ishlab chiqarish va tashkilotlar faoliyatini to‘xtatib turishgacha», — deya tushuntirdi gubernator.

22 may kuni Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov «Ukraina qurolli kuchlarining qo‘poruvchilik-razvedka guruhi Grayvoron tumani hududiga kirganini» ma’lum qildi. 

Ayni paytda, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» o‘z jangchilari Rossiyada ekani va u yerda jangovar topshiriqlarni bajarayotganini ma’lum qildi. Faollar Telegram’da Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi qishloqlarga kiraverishdagi yo‘l belgilari fonida bir nechta videolarni joylashtirgan va ular kurashni davom ettirayotganliklarini bildirishgan. 

O‘z navbatida, «Rossiyaga ozodlik» legioni Ukraina bilan chegaraga yaqin hududlar aholisini uyda qolishga va «qarshilik qilmaslikka» chaqirdi.

Mavzuga oid