Jahon | 19:08 / 28.05.2023
28485
10 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Ukrain kuchlari nega Belgorod oblastiga hujum qildi? Baxmut atrofida nima gap?

LAUREL CHOR/SOPA IMAGES/GETTY IMAG

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy 27 may kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «O‘zimiznikini qaytarish vaqti keldi» so‘zlari bilan post qoldirdi. Katta ehtimol bilan, bu so‘zlar ukrain armiyasi anchadan buyon va’da qilinayotgan qarshi hujumni boshlashga tayyorligini ko‘rsatadi.

Ayni vaqtda bu amaliyot uchun maxsus shakllantirilgan 20 ga yaqin brigada oldingi chiziqda shay holatda turganini ko‘rsatuvchi hech qanday ma’lumot yo‘q. Ukraina qurolli kuchlarining so‘nggi kunlardagi harakatlarini hujumga tayyorgarlik tadbirlari sifatida qabul qilish mumkin. Bunday amaliyotlardan biri ukrain razvedkasiga aloqador bo‘lgan rus natsionalistlari guruhlari Belgorod oblastiga bostirib kirishi bo‘ldi. Shunga o‘xshash boshqa bir amaliyot Rossiya tomoni 20 may kuni egallab olinganini e’lon qilgan Baxmut shahri atrofida olib borilmoqda.

Baxmut

  • «Vagner» XHK 20 may kuni shaharning janubi-g‘arbiy chiqish qismidagi ko‘p qavatli uylardan iborat kvartalni — aholi tomonidan Samolyot rayoni yoki Bugor (ruschadan tarjimada do‘nglik) — egallab olganidan keyin, ukrain qo‘shini chekindi va shahar chekkasiga o‘rnashdi. Bugorning o‘zida nimalar bo‘layotgani oxirigacha ayon emas: shaharning janubi-g‘arbiy chekkasidagi (ko‘p qavatli uylardan 300 metr masofada) „Ekoprodukt“ oziq-ovqat korxonasi binosi Rossiya kuchlari nazoratiga o‘tganini tasdiqlovchi fakt baribir paydo bo‘lmadi. Rossiyaliklarning bu hududdan tarqatgan barcha videolarida vagnerchilar ushbu binodan bir necha yuz metr masofada harakatlanishi aks etgan.
  • Baxmutning janubiy va g‘arbiy chekkalarida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari shahardagi birinchi uylardan bir necha yuz metr masofada joylashgan. Rossiya kuchlari front chizig‘ini Baxmutdan uzoqlashtirishga harakat qiladimi, yo‘qmi, bunisi tushunarsiz: ukrain pozitsiyalarida olingan videolarda o‘qotar qurollar ishga tushgani eshitiladi, shuningdek ukrain artilleriyasi shahar bo‘ylab zarba berishda davom etayotgani ko‘rinadi.
  • Baxmut frontida qanotlardan hujum qilish amaliyoti so‘nggi kunlarda to‘xtab qoldi — Ukraina qo‘mondonligi bu amaliyotni «Baxmutni qurshab olish bo‘yicha amaliyot» sifatida taqdim etishga uringandi. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari bu yo‘nalishdagi hujumlar to‘xtab qolishini e’tiborni boshqa vazifalarni bajarishga qaratish bilan izohlagan. RF qurolli kuchlari bu yerga qo‘shimcha zaxiralar olib keltirgan, ukrain guruhining mavjud tarkibi esa raqibni shahar shimoli va janubidagi tepaliklardan surib chiqarish uchun yetarli darajada kuchli emas. Hozircha Ukraina qurolli kuchlari artilleriyadan o‘t ochishni faollashtirmoqda va RF qurolli kuchlarining Baxmut yo‘nalishidagi front orti pozitsiyalariga kamikadze dronlar bilan hujum qilmoqda. Hujumlarni davom ettirish — agar ukrain qo‘mondonligi uni zarur deb topsa — yangi kuchlarni, jumladan, g‘arb tanklari va zirhli mashinalari bilan to‘ldirilgan 20 brigadadan ham bo‘linmalarni jalb etishni talab etadi.
  • «Vagner» XHK Baxmutni to‘liq tark etishi aniq emas. Kompaniya egasi Yevgeniy Prigojin kuchlarni olib chiqish boshlanganini e’lon qilgan, ammo hozircha shaharning g‘arbiy chekkalarida aynan uning yollanma jangchilari mudofaalanmoqda. Agar kuchlarni olib chiqish chindan ham, Prigojin anons qilganidek 1 iyun kuni yakunlansa, Rossiya mudofaa vazirligi shaharga qo‘shimcha zaxiralarni yo‘naltirishi talab etiladi. Agar bunday zaxiralar yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lmagan bo‘linmalardan iborat bo‘lsa, bu yo‘nalishdagi vaziyat, Ukraina QK yangi kuchlarni harakatga keltirmagan taqdirda ham RF qurolli kuchlari uchun yomonlashishi mumkin.

Belgorod oblasti

22 may tongida Belgorod oblasti hududiga Ukrainadan, chegaradagi «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punkti orqali qurollangan shaxslar o‘tib keldi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ular o‘zlarini Rossiyaning «qurollangan muxolifati»ga mansub bo‘lgan ikki otryad sifatida taqdim etishdi — Rossiya ko‘ngillilar korpusi (RKK) va «Rossiyaga ozodlik» legioni. Chindan ham, videolarda ko‘rish mumkinki, hujum qilganlar orasida avval RKK safida bo‘lgan, mart va aprel oylarida kichik guruhlar bilan Bryansk oblastiga ham reydlar uyushtirgan ultrao‘nglar bor edi.

Bu safar katta guruh bo‘lib chegaradan o‘tilgan: ukrain kanallarida texnikalar chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktiga kirgani aks etgan ikki turli epizod namoyish etildi (birinchisi shturm, ikkinchisi — katta ehtimol bilan, qo‘shimcha kuch sifatida). Qurollangan guruhlarda Amerika tomonidan yetkazib berilgan International MaxxPro rusumli zirhli mashinalar ham bor edi, bu esa bu guruhlarning Ukraina qurolli kuchlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadorligini ko‘rsatadi. Nazorat-o‘tkazish punktiga hujumni muvofiqlashtirib turgan dron operatori ham ukrain tilida gapirgan. Ammo videolarda ukrain harbiy xizmatchilari ko‘zga tashlanmagan. 

Hujumga o‘nga yaqin zirhlangan mashinalar jalb etilgan (birinchi guruhda — kamida bitta tank bo‘lgan). Zirhli mashinalarning odam sig‘dirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda xulosa qilish mumkinki, Rossiya hududiga bitta rota (100 nafar) shaxsiy tarkibiga teng guruh kirgan. Ular Ukraina hududidan turib artilleriya bilan faol qo‘llab-quvvatlab turilgan. Keyin ularning qanchasi ilgarilashda davom etib, Grayvorongacha borgani, qanchasi chegara hududida qolgani — noma’lum.

Hujumni qaytarish uchun taxminan bir kun vaqt ketdi. Bir qarashda hujum muvaffaqiyat chiqdi deb hisoblash mumkin: guruh chegaradan ko‘pi bilan sakkiz kilometr ichkarilay oldi, chekinish vaqtida esa bir talay texnikalaridan ayrildi (RF qurolli kuchlarining hujumni qaytarishda qo‘llangan texnikalaridan ko‘proq). Tomonlarning texnika bo‘yicha yo‘qotishlari mana bu havolada video orqali tasdiqlangan.

Ammo chegara ortidagi reydlar, aftidan, harbiy obektlar yoki yirik aholi yashash manzillarini egallab olishni maqsad qilmagandi. Ikki mamlakat bo‘ylab o‘tgan front liniyasi ko‘p oylardan buyon passivligicha qolayotgandi. Rossiya qo‘shinlari 2022 yil mart oyi oxirida Chernihiv va Sumi oblastlaridan chegara ortiga olib ketganida, sentabr oyida esa — Xarkiv oblasti shimolidan ketganida, ularning qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlari chegarani kesib o‘tmasligiga asoslanib, haqli qaror qabul qilgandi. Birinchidan, bu strategik ma’noga ega emasdi: Kiyevning maqsadi begona hududlarni egallash emas, o‘z hududlarini qaytarib olish hisoblanadi. Shimoliy yo‘nalish — Ukraina armiyasi ozod etishi kerak bo‘lgan hududlarga teskari tomonda joylashgan. Bundan tashqari, Ukrainani qo‘llayotgan xalqaro koalitsiya harbiy harakatlar Rossiya hududiga ko‘chishi orqali yuzaga keladigan eskalatsiyani istamaydi. Buni tushungan holda, RF qurolli kuchlari chegaradagi deyarli barcha qo‘shinlarni Donbass va Zaporijjya oblastlariga ko‘chirib o‘tkazadi.

Ammo bunday g‘oyaning o‘z minuslari ham mavjud: Ukraina qurolli kuchlari chegarani keng miqyosda kesib o‘tishi kutilmasa ham, chegaraning o‘zi reydlar, jumladan yirik otryadlar qarshisida ojiz qoladi. Agar razvedka hujumni tayyorgarlik bosqichidayoq fosh etmasa, yuzlab kilometr uzunlikdagi tutashuv chizig‘ini qoldirilgan kuchlar to‘liq himoya qila olmaydi. Raqib tashabbusga ega bo‘ladi va hujum uchun joyni tanlashi mumkin bo‘ladi: masalan, mart oyida Bryansk oblastida amalga oshirilgan birinchi hujum joyi bilan Belgoroddagi chegaradan o‘tilgan joy o‘rtasidagi masofa — 300 kilometrni tashkil etadi. 

Ishonchli chegara mudofaasi o‘n minglab harbiy xizmatchilarni joylashtirishni talab etadi, bu esa Ukrainada jang qilayotgan guruhni zaiflashtiradi. Katta ehtimol bilan, RF QK qo‘mondonligi mobil mudofaa variantini tanlaydi — Bryansk, Kursk va Belgorod oblastlarida kichik guruhlar hujumga tayyor turadi, hujum boshlanganida tegishli yo‘nalishlarga zaxira kuchlar yo‘llanadi. 

22 may kuni kechqurunga kelib Rossiya qo‘mondonligi diversiya amalga oshirilgan hududga yirik kuchlarni olib keldi, aviatsiya va uzoq masofaga otuvchi artilleriyani harakatga tushirdi, shundan keyin hujum qilganlar Ukraina hududiga qaytib ketishdi. Ammo jamoatchilikning katta qismi, xususan, urushni qo‘llovchi qatlam (harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanallardagi reaksiyalarga ko‘ra), bu voqeani o‘ta salbiy qabul qilgan va chegaralar mudofaasini kuchaytirishni talab qila boshladi. 

Shu tariqa, bunday hujumlar effekti tashqivotga xizmat qilishi bilan birga, strategik ahamiyat kasb etishi ham mumkin: agar Ukraina RF qurolli kuchlarini chegarani qo‘shinlar bilan mustahkamlashga majbur qila olsa — bu armiyani boshqa frontlarda zaiflashtiradi. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari bu kabi aksiyalarga arzimas darajada resurs sarflaydi (ehtimoliy foyda bilan taqqoslaganda).

Mavzuga oid