Jahon | 19:18 / 29.05.2023
18764
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda amaldorning telefoni suvga tushib ketdi. U telefonni olish uchun to‘g‘on suvini to‘ktirdi

Hindistonda oziq-ovqat inspektori to‘g‘on yonida selfi qilib telefonini tushirib yubordi va uni olish uchun to‘g‘ondan 2 mln litr suvni to‘ktirdi. Bu harakati sabab amaldor lavozimidan ozod qilindi.

Foto: BBC News

Hindistonlik amaldor, oziq-ovqat inspektori Rajyesh Vishvas Chxattisgarx shtatidagi Xerkatta to‘g‘oni yonida selfi qilayotib telefonini suvga tushirib yuboradi. U telefonida muhim hukumat ma’lumotlari borligini sabab qilib ko‘rsatib, qurilmani olish uchun to‘g‘on suvini qurittirdi. Shanba kuni bo‘lgan voqeadan so‘ng suvga tushgan 1,2 ming dollarlik telefonni olish uchun to‘g‘onning millionlab litr suvi to‘kiladi.

Dastlab, amaldor telefoni suvga tushgach, g‘avvoslarni ishga soladi, biroq ular topa olishmagach, to‘g‘on suvini bo‘shattirish haqida mahalliy amaldordan og‘zaki ruxsat olganini pesh qilib, nasoslar olib kelish uchun pul to‘laydi. Rajyesh Vishvas bu harakatini suv fermerlarga foyda keltirish bilan oqlaydi.

Va oqibatda, nasos bir necha kun ichida 2 mln litr suvni bo‘shatgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, buncha miqdordagi suv bilan 600 gektar yerni sug‘orish mumkin.

Voqea joyiga suv bo‘yicha mas’ul boshqa amaldor kelmaguncha to‘g‘onni bo‘shatish davom etgan. Telefon topilgan, biroq suv bilan to‘lgani uchun ishlamagan.

“Janob Vishvas surishtiruv ishlari o‘tkazilgunga qadar lavozimidan chetlashtirildi. Suv – qimmatli resurs, uni bunday isrof qilish mumkin emas”, dedi mahalliy amaldor Priyanka Shukla OAVga bergan intervyusida.

Vishvas esa lavozimini suiiste’mol qilganini rad etib, suvning faqat to‘g‘onda saqlanishi mumkin bo‘lganidan ortiqcha qismi to‘ktirilganini iddao qilgan. Biroq uning harakati siyosatchilar tomonidan ham tanqidlarga uchragan.

Mavzuga oid