Iqtisodiyot | 17:39 / 30.05.2023
39672
2 daqiqa o‘qiladi

Mirzamahmudov va Miller Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni muhokama qildi

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” raisi Aleksey Miller uchrashuvida RFdan O‘zbekistonga gaz yetkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Foto: "Gazprom" matbuot xizmati

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” OAJ boshqaruvi raisi Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, tomonlar hamkorlikning borishi va istiqbollarini, jumladan, Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish masalasini muhokama qilgan.

Uchrashuvning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan. “Gazprom” rasmiy axboroti ham ayni ma’lumotlarni takrorlaydi.

Foto: "Gazprom" matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil yanvar oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Kelishuvda joriy yil mart oyidan boshlab “O‘rta Osiyo – Markaz” quvuri orqali reversiv tartibda Rossiyadan O‘zbekistonga bozor narxida gaz yetkazib berishni boshlash uchun zarur texnik choralar ko‘zda tutilgan edi, lekin muhokamalar ayni paytga qadar davom etmoqda.

Rossiya kompaniyasi shunga o‘xshash shartnomani deyarli bir vaqtda Qozog‘iston bilan ham imzolagan.

Undan avvalroq, 2022 yil noyabr oyida RF prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan birgalikda uch tomonlama gaz ittifoqi tuzishni taklif qilgandi. Lekin O‘zbekiston, Rossiyadan gaz xarid qilinadigan bo‘lsa, bu ittifoq tarzidagi kelishuv asosida emas, oldi-sotdi shartnomasi shaklida bo‘lishini bildirgan.

OAVga sizdirilgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya tomoni gaz ittifoqi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘istonning gaz uzatish tarmoqlari egaligini qo‘lga olmoqchi bo‘lgan, lekin har ikki mamlakat buni rad etgan.

O‘tgan hafta Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin uch mamlakat gaz ittifoqi loyihasining parametrlarini ishlab chiqayotganini aytgandi.

Mavzuga oid