O‘zbekiston | 18:51 / 30.05.2023
13145
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ipak tolali himoyalangan qog‘ozdan banknotlar ishlab chiqarilishi mumkin

Qog‘oz tayyorlash jarayonida tabiiy ipak tolalar qog‘oz massasiga qo‘shiladi, so‘ngra unga fluoressent eritmasi shimdiriladi.

Foto: KUN.UZ

«Davlat belgisi» korxonasi, «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti mutaxassislarining hamkorlikda o‘tkazgan ipak tolasi qo‘shilgan himoyalangan qog‘ozni tayyorlash bo‘yicha izlanishiga Adliya vazirligi tomonidan patent berildi. Bu haqda Markaziy bank xabarida aytilmoqda.

Qayd qilinishicha, banknotlar, qimmatli qog‘ozlar va boshqa hujjatlar uchun himoya xususiyatlari oshirilgan tabiiy ipak tolalari qo‘shilgan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi dunyoda ilk bor O‘zbekistonda ishlab chiqildi.

Ushbu ixtiro tufayli himoya elementlari tarkibiga ipak tolasi qo‘shilgan qimmatbaho qog‘ozni boshqa turdagi qog‘ozlardan ajratish imkoniyati paydo bo‘lishi aytilmoqda.

Qog‘oz tayyorlash jarayonida tabiiy ipak tolalar qog‘oz massasiga qo‘shiladi, so‘ngra unga fluoressent eritmasi shimdiriladi. Ultrabinafsha nurlar bilan yoritilganda ipak oqsili to‘q rangga kiradi va shu yo‘sinda qog‘oz qalbakilashtirishdan himoyalanadi. Bir xil qalinlikdagi tabiiy ipakning qog‘oz tarkibiga qo‘shilishi natijasida uning mustahkamligi bir necha baravar oshadi.

Mavzuga oid