O‘zbekiston | 15:02 / 31.05.2023
51718
13 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtga tashilayotgan o‘laksa go‘sht. Ular qayerlarda iste’mol qilinmoqda?

Toshkent shahri O‘zbekistonning iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlarini “hazm qiluvchi oshqozoni”ga aylanib bormoqda: keyingi vaqtlarda viloyatlardan poytaxtga o‘laksa go‘sht tashuvchilar ko‘paydi. Birgina 2022 yilda Toshkent shahriga olib ketilayotgan tonnalab o‘lgan yoki kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan hayvon go‘shti yo‘llarda to‘xtatib qolingan. To‘xtatib qolinmagani esa bundan bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Iste’molga yaroqsiz, kelib chiqishi noma’lum, hatto harom o‘lgan mol go‘shtini 3-4 so‘m pul bo‘ladi deya poytaxtga keltirib sotishni o‘ylaydiganlar ko‘paydi. Qonunchilikda bunday qilmish uchun og‘irroq jazo belgilanmagani esa ayrim shovvozlar bu tubanlikni kasb qilib olishiga sabab bo‘lyapti. Albatta, “taklif”ning ortishi “talab” borligidan dalolat: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga ko‘ra, bunday go‘shtlarning asosiy xaridori umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda “kolbasa sex”lari hisoblanadi.

O‘zbekistonning “oshqozoni”ga aylangan Toshkent

19 may kuni Ko‘kdala tumanida “Qarshi-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan fuqaro I.X.ning “Cobalt” mashinasida 929 kg kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan hayvon go‘shti to‘xtatib qolingan. U ushbu go‘shtni pullash maqsadida Toshkent shahriga olib ketayotgani aniqlangan.

Agar qariyb 1 tonna iste’molga yaroqsiz ushbu go‘sht to‘xtatib qolinmaganida, poytaxtgacha yetib kelgan va qaysidir oshxonada ovqat bo‘lib, xo‘randalar tomonidan yeyilib ketgan bo‘lardi.

Afsuski, bu kelib chiqishi noma’lum go‘sht sotish maqsadida Toshkent shahriga olib kelinayotib, yo‘lda ushlab qolingan ilk holat emas. Poytaxtga bunday go‘sht tashishda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari “yetakchilik” qiladi.

Birgina 2022 yilda “Qashqadaryo-Toshkent” yo‘nalishidagi holatlar: yanvar oyida 230 kg, mart oyida 900 kg va yana bir holatda 1256 kg, aprel oyida 1 tonnadan ortiq, iyun oyida 830 kg, iyul oyida 1 tonna iste’molga yaroqsiz go‘sht olib ketilayotgani aniqlangan.

Poytaxtga kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan go‘sht tashishda Buxoro viloyati ham ancha “faol”. Masalan, 2022 yilning noyabr oyida buxorolik 37 yoshli Akmal ismli shaxs o‘lgan (!) qoramol go‘shtini sotib, daromad qilmoqchi bo‘lgan. U go‘shtni taksiga yuklab, Toshkent shahrida tanishi kutib olishini aytgan. Poytaxt tomon jo‘natilgan yaroqsiz go‘sht esa “Samarqand” YPX maskanida to‘xtatib qolingan.

Yana bir holatda Navoiy viloyat IIB JXX JTSB Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi hamda veterinariya xizmati xodimlari bilan hamkorlikda 2023 yil 14 mart kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Qorako‘l tumanida yashovchi fuqaro sotish maqsadida Buxorodan Toshkent shahriga 1 tonna iste’molga yaroqsiz go‘sht olib ketayotgani aniqlangan

Xato qayerda?

Yuqoridagi holatlarning aksariyatida ushbu tubanlikka qo‘l urganlar tegishli organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir yoki reydlarda “qo‘lga tushib qolishgan”. Demak, tadbir o‘tkazilmaydigan oddiy kunlarda tonnalab o‘laksa go‘sht YPX maskanlaridan o‘tib, poytaxtga kirib kelayotgan bo‘lishi mumkin. O‘lgan mol go‘shtini ortib olgan mashina Buxoro yoki Qashqadaryodan yo‘lga chiqib, Toshkent shahriga bemalol kirib kela olishi masalaga tegishli sohalarning faoliyat tizimida xatolik borligidan dalolat, aslida.

Birinchidan, veterinariya va chorvachilik sohasida nazorat tizimi deyarli yo‘q, ishlamaydi: qaysi qishloqda kimning moli harom o‘lib qolganini soha vakillari bir oy o‘tib ham bilmaydi, bilolmaydi.

Ikkinchidan, chorvachilik sohasini raqamlashtirish ishlari o‘lda-jo‘lda. 2017 yil sentabr oyida hukumatning “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingandi. Qaror bilan tegishli Nizom ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra, identifikatsiya qilingan hayvonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi yagona elektron axborot tizimi orqali shakllantirilishi ko‘zda tutilgandi.

Elektron axborot tizimiga hayvonlarning turlari, identifikatsiya raqami, zoti, jinsi, laqabi, kelib chiqish joyi, tug‘ilgan sanasi, egasining ismi-sharifi, saqlanish joyi, agar egasi almashgan bo‘lsa bu haqidagi ma’lumotlar, so‘yilgan yoki nobud bo‘lgan, yo‘q qilingan sanasi, hayvonlarning go‘shtidan (jasadidan) iste’mol uchun foydalanilgani yoki ularning zararsizlantirilgani (yo‘qotilganligi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi shart qilib ko‘rsatilgandi.

Nizomda qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari tug‘ilganidan o‘n to‘rt kundan keyin bir oylikdan kechikmasdan, qulunlar va xo‘tiklar to‘rt oyligidan hisobga olinishi belgilangan. Yoki hayvon egalari hayvon so‘yilganda (nobud bo‘lganda, yo‘q qilinganda) hayvonning identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut va veterinariya pasportini yetti kun muddatda doimiy yashash yoki vaqtincha turgan manzili bo‘yicha davlat veterinariya xizmatining vakiliga hisobdan chiqarish uchun taqdim qilishi kerak edi. 

Shu asosida VIS-CHINOR identifikatsiya qilingan hayvonlar yagona elektron ma’lumotlar bazasi axborot tizimi ishlab chiqilgan hamda 2020 yil iyul oyida ishga tushirilgan.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Kun.uz’ga taqdim qilgan ma’lumotda ta’kidlanishicha, hozirgi kunda tizimda jami 500 mingga yaqin hayvon ro‘yxatga olingan, ro‘yxatdan chiqarilgan hayvonlar soni esa 55 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Mamlakatda 10 mln boshdan ortiq qoramol, 20 mln boshdan ortiq qo‘y va echki, minglab ot va tuyalar boqilayotgani hisobga olinsa, o‘tgan 3 yillik faoliyat uchun bu juda kichik raqam. Demak, qo‘y-echkini-ku qo‘yaturaylik, aholi xonadonlarida boqilayotgan millionlab bosh qoramollar “nazoratsiz”: so‘yildimi, harom o‘ldimi, harom o‘lgan bo‘lsa qay tartibda yo‘q qilindi, so‘yilgan bo‘lsa qayerda so‘yildi, kabi savollarga javob topilmaydi. 

Uchinchidan, go‘shtning iste’molga yaroqli ekani haqida rasmiy hujjat olishda korrupsiya holatlari borligi.

Masalan, bundan bir necha yil oldin Navoiyda o‘lgan hayvonlar go‘shtini barra go‘shti ko‘rinishida sotgan ota-bola ushlangandi. Tekshiruv vaqtida Navoiy viloyati hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi xodimi 1 mln so‘mga qassobga iste’mol uchun yaroqsiz 892 kg go‘shtni sotishga tegishli ruxsatnomani rasmiylashtirib bergani aniqlangan. Bu kabi holatlar hozirgi kunda yo‘q deya aytish qiyin.

To‘rtinchidan, qassoblarning nazoratsizligi: qaysi qassob qachon va qayerda qanday hayvon so‘yganini bilish imkonsiz. Hovlilarda eshak so‘yib yurilgan holatlar ham uchrab turibdi.

Aslida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 maydagi qarori bilan hayvonlarni tijorat maqsadlari uchun ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida so‘ydirish majburiyligi belgilangan. Ruxsat etilmagan joylarda, shu jumladan uy sharoitida hayvonlarni tijorat maqsadlari uchun so‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Ammo bu taqiqni kim nazorat qilishi mavhum.

Beshinchidan, yuqoridagi holatlarning birortasida tezkor tadbir davom ettirilib, sotuvchi bilan teng ravishda aybdor bo‘lgan xaridor aniqlanmagan. Aslida, xaridor bo‘lmasa, sotuvchi shuncha yo‘l bosib, viloyatdan poytaxtga o‘laksa go‘sht tashib kelmaydi. Xaridorlarni aniqlab, ularga keskin choralar ko‘rish orqali zanjirning “talab” qismi uzib tashlanmas ekan, “taklif” bo‘laveradi. 

O‘laksa go‘shtning xaridorlari kim?

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Salohiddin Hasanovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, dehqon bozorlarida iste’molga yaroqsiz go‘shtlarni sotish holatlari deyarli uchramaydi.

Viloyatlardan sotish maqsadida Toshkent shahriga iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari olib kelish holatlari uchrab turadi. Noma’lum joyda so‘yilgan, o‘lgan va kelib chiqishi noma’lum hamda birlamchi veterinariya hujjatlari mavjud bo‘lmagan, veterinariya-sanitariyasi talablariga javob bermaydigan har qanday go‘sht mahsulotlari iste’molga yaroqsiz hisoblanadi.

Bunday go‘shtlarni asosan umumiy ovqatlanish shoxobchalari va go‘shtni qayta ishlovchi ba’zi korxonalarda realizatsiya qilish ehtimoli ko‘p. Dehqon bozorlarida veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi xizmati mavjudligi bois iste’molga yaroqsiz go‘shtlarni sotish holatlari deyarli uchramaydi.

O‘tgan 2022 yilda 7 796 holatda jami bo‘lib 73,4 tonna go‘sht va 2,7 tonna sut mahsulotlari iste’molga yaroqsizligi aniqlanib, brakka chiqarilgan.

Ichki ishlar vazirligining Karantin tadbirlarini ta’minlash boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatlararo yo‘l transporti postlarida reydlar o‘tkazib borilmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga ko‘ra jarima choralari qo‘llanadi. Jumladan, 2022 yil davomida 22 679 holatda veterinariya-sanitariya qoida va normalarini buzgan fuqarolarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, 240,8 mln so‘m miqdorida jarimalar qo‘llangan”, — deydi Salohiddin Hasanov. 

Belgilangan jazo ancha yengil

Qashqadaryoda eshak so‘yilgan xonadon aniqlangan va uni so‘ygan shaxsga BHMning 3 barobari miqdorida (o‘sha vaqt bo‘yicha 900 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan. E’tiborlisi, mazkur shaxsga MJtKning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Toshkentga o‘lgan mol go‘shtini tashiyotgan shovvozlarning aksariyati mabodo ushlanib qolsa ma’muriy bayonnoma bilan qutulib ketaveradi. To‘laydigan jarimasi esa nari borsa 5-10 kg go‘sht narxiga teng bo‘lishi mumkin. Sababi, ularga ko‘p hollarda MJtKning 109-moddasi (veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Ushbu moddaga ko‘ra, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzganlik, epizootiyalarga qarshi kurashish choralarini ko‘rmaganlik holati uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismigacha (hozirda 165 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha (165 ming so‘mdan 660 ming so‘mgacha) miqdorda jarima belgilanishi mumkin.  

Mazkur turdagi qilmish uchun Jinoyat kodeksining 186-moddasini (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) ham qo‘llash mumkin. Unga ko‘ra, iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Iste’molga yaroqsiz go‘shtni poytaxtga keltirib, yaxshigina pulga pullab yurganlar uchun bu yengil jazo. Sababi, o‘laksa go‘sht qotib qolgan non yoki biroz chirigan kartoshka emas, u inson salomatligiga jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Yo‘l poylash masalaga yechim emas 

Faqatgina yo‘lni poylagan bilan ish bitmaydi. Ushbu masala qattiq nazoratga olinib, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan go‘shtni sotayotganlar ham, uning iste’molga yaroqsizligini bilgan holda ko‘tarasiga olayotgan xaridorlar ham jiddiyroq jazoga tortilishi kerak.

Shuningdek, Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi sohani nazorat qilish borasida tezroq amaliy ishga o‘tmas ekan, poytaxtliklar hali ko‘p yillar o‘zlari bilmagan holda “kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan hayvon” go‘shtini iste’mol qilib yurishiga to‘g‘ri keladi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid