Jamiyat | 18:32 / 03.06.2023
18066
5 daqiqa o‘qiladi

“Yer yuzini zabt etish hali dunyoni egallash emas” - ko‘ngil kirlanishidan ogohlantiruvchi “Qora Klit”  hikoyasi haqida

Hikoya prozaning eng kichik janrlaridan biri bo‘lsa-da, ba’zi katta romanlar ham ayta olmaydigan haqiqatlarni o‘zida qisqacha, ixcham qilib joylagan bo‘ladi. Xususan, Shoyim Bo‘tayevning “Qora Klit”i ham shunday hikoyalardan.

Foto: Getty images

Asar bir o‘qishda oddiy bir hukmdor hayotida sodir bo‘lib o‘tgan fojiaviy tasvirdan o‘zga emasdek tuyuladi. Ammo unga yaqinroqdan nazar tashlasak, rostdan ham shundaymikin? Har bir inson tabiat gultoji-yu, har bir shaxs individual olam ekani tan olinayotgan ayni XXI asrda yuqori tabaqa vakili haqidagi asarning o‘zbek yozuvchisi tomonidan qayta yozilishida qanday hikmat yashiringan?

Darhaqiqat, endi insonlar o‘z haq-huquqini anglay boshladi, har bir inson o‘ziga hukmdor, har bir inson yangi Iskandar! Asar boshida Iskandarning sifatlari jamiki oq bo‘yoqlarda ko‘rsatiladi, xuddi inson ilk dunyoga kelgani kabi. Uning ustozi tomonidan aytilgan – “Yer yuzini zabt etish hali dunyoni egallash emas” so‘zlari asar davomida turli jihatlar bilan isbot etib borilaveradi.

Asardagi xarakterli obrazlarga to‘xtalsak: Iskandar, Qora Klit, Doro hamda fors xalqi. Qora Klit – Iskandar bilan hamfikr, qalban yaqin obraz, bu haqida asar avvalida bot-bot keltiriladi. Iskandarning ochiqko‘ngilligidan to‘lqinlangan Klit ham o‘z mol-davlatini xalqqa tarqatib beradi. Shu o‘rinda asarni kontekstual tahlil yordamida mushohada etsak: “Qora Klit: – Sening umidlaringga men ham sherikman, – dedi.” Nega o‘zining yangi umidlariga emas, Iskandarning umidlariga sherik bo‘ldi u? Ha, Qora Klit Iskandarning umidlari ramzi edi!

Dushman har tomonlama ustunligini ko‘rib, bilib turgan bo‘lsa-da, uni muqarrar halokatdan saqlab qolgan umidi edi. Qalbi kirlanib, faqat o‘zligini o‘ylaydigan bo‘lib qolganda uni tark etgan haqiqatgo‘y umidi edi. Nega umid uni tark etdi? Nega Iskandar hamma narsasini xalqqa ulashganda o‘zida olib qolgan yagona xazinasini aynan o‘zi yo‘q qildi? Shu o‘rinda yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan fikr yanada oydinlashib boradi. Bundan necha yuz yillar muqaddam ham insonni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirgan, bugungi zamon kishisi uchun ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotgan illatlar sabab edi bunga!

Frans Kafkaning bir gapi bor: “Shunday insonlar borki, o‘ldirishing mumkin, yenga olmaysan!” Illo, shunday illatlar borki, qo‘lingda tutishing mumkin, bo‘ysundira olmaysan! Iskandarning ustozi tomonidan aytilgan “Yer yuzini zabt etish hali dunyoni egallash emas” gaplari Doro va fors xalqi obrazida o‘z aksini topadi. Butun insoniyatdagi illatlar ramzini tashuvchi Doro obrazi Iskandar tomonidan mag‘lub etildi. Ammo “…dunyoni tasavvurimda jonlantirmoqdan ko‘ra ilkimda tutmoqlikni afzal ko‘raman” deguvchi Iskandar obrazimiz o‘sha illatlarni qo‘lda tutdi-yu, bo‘ysundira oldimi?

Doro o‘ldirildi-yu uning barcha xususiyatlarini o‘ziga meros qilib olgan yangi Doro paydo bo‘lmadimi? Fors xalqi – ayni o‘sha illatlar manbai emasmidi?! Shunday gap bor edi: “Maddohlar diktator yaratib qo‘yishlari mumkin”. To‘g‘ri, bir odamning yaxshi xislatlarini ta’kidlash uni yaxshi tarafga yetaklaydi. Lekin hadeb maqtayversangiz, u odamda, “demak, men xato qilmas ekanman”, degan fikr paydo bo‘ladi. Ana shunday hukmdor boshqaradigan davlatda, kibr-u havoga berilgan ong hukmron bo‘lgan inson atalmish saltanatda bora-bora rost bilan yolg‘onning, soflik bilan razolatning, adolat bilan adolatsizlikning farqiga borib bo‘lmay qoladi. Bunday saltanatda esa umid atalmish tiriklik poydevori, poklik ramzi Qora Klit yashay olmaydi. O‘zligini yo‘qotgan, madaniyatini toptagan, o‘z umidiga nayza sanchgan shaxslar zohiran shohligicha qolishi mumkindir-u, botinan “ichkari xobxonadan ojizona ingraydi”gan gadodan o‘zga emas!

Har bir inson bir dunyo. O‘sha dunyoga o‘zi sultondir. Sulton o‘z mulkini g‘animlardan qanday himoya qilsa, har bir shaxs ham ko‘ngil nomli saltanatini chirkin illatlardan, yomon xulqlardan, axloqsiz amallardan, qora niyatlardan himoya qilishi lozim. Aks holda, beg‘ubor olamimiz kirlanishi, zalolatga yuz tutishi hech gap emas…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzuga oid