O‘zbekiston | 17:55 / 07.06.2023
12936
5 daqiqa o‘qiladi

“Finishga yaqinlashish vaqti keldi” - Kristalina Georgiyeva JSTga a’zolikni tezlashtirishga chaqirdi

XVJ rahbari prezident maslahatchisi o‘rinbosari Timur Ishmetovning O‘zbekiston uchun 3ta muhim yo‘nalish haqidagi savoliga javob berarkan, tadbirkorlarga ko‘proq imkoniyat berish va Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni tezlashtirish kerakligini aytdi. “Finish chizig‘iga yaqinlashish vaqti kelgan”, – dedi u.

Xalqaro valuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva 7 iyun kuni O‘zbekiston Markaziy bankida talabalar bilan uchrashdi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ishtirokida o‘tgan uchrashuvga prezident maslahatchisi o‘rinbosari Timur Ishmetov moderatorlik qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda Timur Ishmetov XVJ rahbariga islohotlarning yo‘nalishlari haqidagi savol bilan murojaat qildi.

“Siz birinchi o‘rinda kuchli islohotlarni davom ettirish muhim ekanini aytdingiz. Biz Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan muloqot qilganimizda juda ko‘p bora islohotlar izidan borish ustuvor vazifa ekani ta’kidlanadi, biz buning ahamiyatini ham sizlardan, ham o‘z xatolarimizdan o‘rganmoqdamiz. Hozirga kelib shuni tushunib yetdikki, islohotlarning barini birdaniga emas, balki bosqichma-bosqich, muayyan davrlarga bo‘lib amalga oshirish kerak ekan. Shundan kelib chiqib, ikkinchi savolimni so‘ramoqchiman: o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston ko‘zga ko‘rinadigan muvaffaqiyatlarga erishdi. Bundan keyingi davrda islohotlarni davom ettirish va yutuqlarga erishish uchun sizningcha qaysi uchta yo‘nalishga e’tibor qaratishimiz lozim?” – deya so‘radi Ishmetov.

Kristalina Georgiyeva bunga javoban tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish kerakligini aytdi.

“Iqtisodiyotda davlatning roli hamon salmoqli. Men davlat bu borada batamom chetga chiqsin demayman, ammo shunday sohalar borki, ularda davlatdan ko‘ra tadbirkorlar yaxshiroq imkoniyatga ega, ularga davlat egalik qilishi bu sohalardan tadbirkorlarning orqaga chekinishiga sabab bo‘lyapti. Ishonamanki, bu yerda o‘tirganlar orasida ham bunday imkoniyatdan unumli foydalana oladiganlar yetarlicha”, – dedi u.

XVJ rahbari ikkinchi yo‘nalish JSTga a’zolikni tezlashtirish ekanini aytdi.

“Ikkinchidan, sizlar hozirda Jahon savdo tashkiloti a’zosiga aylanishga astoydil kirishgansiz. Bu O‘zbekiston uchun haqiqatan ham juda muhim. Chunki siz jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni xohlaysiz. Raqobatbardosh muhitda bo‘lish siz uchun nihoyatda foydali bo‘ladi. Menimcha, finish chizig‘iga yaqinlashish payti kelgan”, – dedi u.

Georgiyeva xonim tilga olgan uchinchi yo‘nalish – tez o‘zgarayotgan hozirgi davrda odamlarning xohish-istaklari, iqtisodiyotning beqarorligi va iqlim bilan bog‘liq muammolar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni inobatga olgan holda, moslashuvchan bo‘lishdir.

“Bugungi yoki kechagi sohalarga e’tibor qaratish o‘rniga, kelajak sohalarini rivojlantirishga e’tiborli bo‘lish, bu borada boshqa mamlakatlar orasida o‘z o‘rningizga ega bo‘lishingiz zarur. Biz prezident bilan muloqot chog‘ida ham bu va boshqa masalalar haqida fikr almashdik.

Mamlakatingizda yilning 320 kuni quyoshli bo‘ladi. Bu imkoniyat degani; har bir shiftda quyosh panellari bo‘lishi kerak, ammo ularni hamon ko‘rmayapmiz.

Raqamli iqtisodiyot judayam tez o‘syapti. Sizning bu sohada va unga yaqin boshqa yo‘nalishlarda biz hali bilmaydigan imkoniyatlaringiz bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, yurtingizda innovatsion muhitni yaratishga, kompaniyalar va individual shaxslarning qo‘rqmasdan tavakkal qilib yangiliklar qilishiga yo‘l ochishingiz kerak. Agar siz buni uddalasangiz, agar hali hech kim kirmagan sohalarda yangilik qila olsangiz, bu juda katta yutuq bo‘ladi.

Albatta, bu oson bo‘lmaydi, qoqilishlar, yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin, lekin “biz buni uddalaymiz” degan ishtiyoq bo‘lishining o‘zi juda muhim natija. Shunday ekan, hali amalga oshirilmagan ishlarga qo‘l urishga harakat qilish kerak. Bu yerda bunga iqtidori yetadigan insonlar o‘tirganiga shubha qilmayman”, – dedi Kristalina Georgiyeva.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev bir nechta nutqlarida O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha asosiy muzokaralarni 2023 yil oxirigacha yakuniga yetkazishini aytgan.

Mavzuga oid