Jahon | 20:52 / 07.06.2023
8105
2 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy xo‘jalik shartnomalari doirasida fors-major holatlarini tasdiqlash tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Mahalliy xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi. 

Nizomga ko‘ra, fors-major holatlar Savdo-sanoat palatasi raisining elektron raqamli imzosi bilan, shuningdek, QR-kod bilan rasmiylashtiriladigan sertifikatni berish orqali tasdiqlanadi. 

Talabgor fors-major holatlarni tasdiqlash bo‘yicha sertifikat olish uchun Savdo-sanoat palatasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki uning rasmiy veb-sayti orqali murojaat qiladi. 

Palata taqdim etilgan hujjatlarni 1 ish kunida ko‘rib chiqadi. 

Hujjatlarda kamchilik bo‘lsa, talabgorga to‘liq taqdim etilmagan ma’lumot va hujjatlarni 10 kun ichida taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yuboriladi. 

Fors-major holatlar mavjudligini tasdiqlash yoki rad etish to‘g‘risidagi qaror 15 kun muddatda qabul qilinadi. 

Sertifikat berish rad etilgan taqdirda, 3 kun muddatda talabgorga asoslantirilgan javob xati yuboriladi. 

Sertifikat rasmiylashtirilgan taqdirda, talabgorga 1 kun ichida xabar berilib, sertifikat rasmiy veb-saytda e’lon qilinadi. 

Sertifikat muddatsiz davrga beriladi. Sertifikat bir martalik xususiyatga ega bo‘lib, faqat arizada ko‘rsatilgan shartnomaviy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. 

Mazkur tartib tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.

Mavzuga oid