Kommunizmdan 32 yil o‘tib: o‘tmish izlari qolgan «arvoh» shaharlar
Bir vaqtlar bu shaharlarda hayot qaynagan. Maktablar, bog‘chalar faoliyat yuritgan, odamlar ishga qatnagan, bayramlar nishonlangan. Ammo inqiroz, yetishmovchilik, jinoyatchilik va tushkunlik bilan o‘tgan 90-yillardan boshlab sobiq ittifoq hududidagi bu ayrim shaharlar bo‘shab qola boshladi.
Charonda (Rossiya, Vologda viloyati)
Charonda – Rossiya shimolidagi Vojye ko‘lining g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan yagona aholi punktidir. Bu nom qayerdan kelgani haqida bir nechta variant bor: ba’zi tadqiqotchilarga ko‘ra, shaharcha o‘z nomini Sami «charra» – mox bilan qoplangan tundra yoki qor va qirg‘oq so‘zlaridan olgan.
Charondaning yuk tashish punkti sifatidagi maqomi muhim voqea bilan bog‘liq: 1584 yilda Arxangelskka asos solingach, u orqali xorijdagi kemalar uchun qulayroq bo‘lgan shimoliy savdo yo‘li o‘tgan. Bu davrda aholi punkti gullab-yashnagan.
1708 yilda Charonda shahar maqomini oldi. XVIII asrga kelib boshqa quruqlik yo‘llari ommalasha boshladi, 1770 yillarda Charonda yana qishloqqa aylandi; aholisi tez kamayib bordi.
Oktyabr to‘ntarishi davrida bu yerda mingdan kam odam yashagan. 1921 yilda aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, qishloqda 70 ta uy va 450 kishi bo‘lgan, 2007 yilda esa atigi sakkiz kishi qolgan.
Charondaga kelgan sayohatchilarning aytishicha, hozir bu yerda bor-yo‘g‘i ikki kishi doimiy yashaydi. Qishloqda elektr yo‘q, bu yerga faqat ko‘l orqali yozda qayiqda yoki qishda chang‘ida yoki muz ustida avtomobilda borish mumkin.
Agdam (Ozarboyjon)
Qorabog‘ hududida, Bokudan 365 kilometr uzoqlikda sobiq Agdam shahri joylashgan. XVIII asrda asos solingan shahar ozarboyjonchada «oq tom» ma’nosini beradi. Aytishlaricha, Qorabog‘ xoni o‘ziga atab oq toshdan qasr qurdiradi, shahar nomi ham shundan kelib chiqadi.
1828 yilda Agdam haqiqiy shaharga aylandi, bu yerda zavodlar qurila boshlandi. Jumladan, yog‘, pishloq, vino zavodlari bunyod etildi. Hatto muzeylar ochildi. 1989 yilda Agdamda 28 ming kishi istiqomat qilardi.
Tez orada Qorabog‘ urushi boshlandi. 1993 yilda shahar «Grad»larda o‘qqa tutilib, yer bilan yakson bo‘ldi. 2010 yillarga kelib, 360 kishi yashaydigan manzilni shahar deb ham bo‘lmasdi.
2020 yil kuzidagi Ikkinchi Qorabog‘ urushida Ozarboyjon shaharni uzil-kesil o‘z nazoratiga oldi. Shaxsan Ilhom Aliyev Agdamga kelib, Ozarboyjon bayrog‘ini hudud uzra ko‘tardi.
Pripyat (Ukraina)
Ukraina hududida joylashgan sobiq shahar – Pripyatning taqdiri boshqalarinikidan ayanchliroq va qayg‘uliroq.
1986 yilning apreliga qadar shaharda qariyb 50 ming aholi yashar, naq 160 ta uy, 13 414 ta kvartira bor edi. 1986 yilgi Chernobil AES halokati shahar taqdirini hal qildi.
Pripyat Chernobildan bor-yo‘g‘i uch kilometr uzoqlikda joylashgandi. Shahar kuchli radiatsiya hududida qoldi. Natijada hukumat aholini ko‘chirishga qaror qildi. Buning uchun 1125 ta avtobus, 250 dona yuk mashinasi jalb etildi.
Keyinchalik olib borilgan ishlar natijasida sobiq shahar hududida ahvol biroz yaxshilandi. «Arvoh shahar»ga endilikda o‘quvchilar ekskursiyaga, turistlar ekstremal sayohatlar uchun keladigan bo‘ldi.
Jafokash hudud Rossiyaning Ukrainaga bosqini vaqtida ham tinch qolmadi. Bosqinning dastlabki kunlaridayoq, Rossiya kuchlari Chernobil AES bilan birgalikda shaharni ham egallab oldi. Faqatgina 2022 yil 31 martga kelib o‘lik shahar Ukraina kuchlari nazoratiga qaytarildi.
Vorkuta – aholisi ikki barobarga qisqargan shahar
Rossiyaning qariyb Arktika hududida joylashgan Vorkuta shahrida hozir ham 56 ming kishi istiqomat qiladi. Ammo o‘tmishi yorqin bo‘lgan hudud ayni damda chuqur tushkunlikni boshdan kechirmoqda. Bu yerda na urush, na atom stansiyasi halokati bor...
Sovet zamonida Vorkuta 120 ming aholiga ega kattagina shahar edi. Ittifoqning ko‘p hududlarida konchilar yaxshi maosh uchun hududga oqib kela boshladilar. Mintaqa toshko‘mirga boy bo‘lgani sanoat rivojiga turtki bo‘ldi.
90-yillarda hamma narsa o‘zgardi. Vorkuta ko‘mirining asosiy iste’molchilari bo‘lgan Arktikadagi metallurgiya zavodlari to‘xtab, yopila boshladi. O‘n minglab ishsiz konchilar jo‘nab ketishdi: ular nafaqat ish izlab, balki abadiy sovuq, qutbli tun va Vorkuta shamollaridan uzoqlarga qochib ketishdi.
Yigirma yillar o‘tgandan keyin ham Vorkutaning qulash jarayoni davom etmoqda. Shaxtalar har yili birin-ketin yopiladi, har yili yuzlab odamlar Vorkutadan chiqib ketadi. Shaharning butun boshli tumanlari esa «o‘lik zona»ga aylanib bormoqda, bu yerda uylar oynalari singan, odamsiz kvartiralar vahimali ko‘rinadi.
Orol dengizi bag‘ridagi sirli shahar
«Arvoh shahar» epidemiyasi O‘zbekiston hududini ham chetlab o‘tmagan. Sobiq dengiz bag‘ridagi sobiq shahar Aralsk-7 (Kantubek) ana shundaylardan biri sanaladi.
Kantubek joylashgan Vozrojdeniya orolida 1924-92 yillarda «Barxan» kimyoviy poligoni (hozir Mo‘ynoq tumaniga to‘g‘ri keladi) faoliyat yuritgan. Ayrim tarixchilarning iddaolariga ko‘ra, sovetlar hududda o‘ta maxfiy, xavfli kimyoviy tajribalarni o‘tkazishgan. Ellik yil davomida mikrobiologik (bakteriologik) qurollar orolda eksperimental tarzda hayvonlarda (it, maymun, kalamush, otlar) sinovdan o‘tkazilgan.
Kantubek shaharchasida qariyb 1,5 ming kishi istiqomat qilgan, ularning mutlaq ko‘pchiligi harbiylar va kimyoviy poligon xizmatchilari edi. 1992 yilga kelib, dengiz qurishi va ittifoq barham topishi shaharcha taqdirini barbod qildi. Aholi Rossiyaning Kirov shahriga ko‘chirildi, laboratoriyalar yopildi.
Ayni paytda aholi punkti butunlay vayronagarchilikka yuz tutgan.
«O‘lib» yana qayta «tirilgan» Janatas
Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi Janatas shahri ham zamon o‘zgarishi bilan yo‘qlikka yuz tutgan joy sanaladi. Janatas fosforitlar qazib chiqarish bilan bog‘liq jarayonlarda vujudga kelgandi. Hatto uning hududidan temiryo‘l ham o‘tgandi. SSSR qulagach, Janatasda hayot nuray boshlaydi, ko‘pchilik aholi hududni tark etadi.
Ammo bu hol uzoq davom etmadi. 2012 yilda shaharda ikki yirik iqtisodiy loyiha ishga tushirildi. Shaharga hayot qayta boshladi. Metallurgiya ham rivojlana boshladi, natijada «Janatas» metall zavodi ishlay boshladi, sement zavodi ham ishga tushirildi. 2019 yilda kelib Janatasda 22 364 kishi istiqomat qilayotgani aytiladi.
Internet ma’lumotlari asosida
Abror Zohidov tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024