Intermed Innovation'ning litsenziyasi sud tomonidan bekor qilindi
Bu xususiy kompaniyaga Toshkent shahri va viloyatidagi 115 ta davlat shifoxonasi biriktirib berilgan, keyinroq bunga qo‘shib 178 ta poliklinikadagi laboratoriyalar boshqaruvi ham berib qo‘yilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda “Intermed Innovation” MChJ tomonidan Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida joylashgan 3-son oilaviy poliklinika binosida litsenziyasiz tibbiy faoliyat olib borilgani aniqlangan.
“Shundan so‘ng mazkur MChJga moliyaviy jarima belgilanib, vazirlikning bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalardan iborat qarori qabul qilingan. Ammo “Intermed Innovation” ushbu talablarni bajarmay, boshqa qator manzillarda ham o‘z noqonuniy faoliyatini litsenziya olmasdan davom ettirib kelgan.
Oqibatda Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga Intermed Innovation MChJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021 yil 18 fevral kuni berilgan 043023-sonli litsenziyani bekor qilish va 90 million so‘m jarima undirishni so‘rab ariza kiritgan”, deyiladi SSV Lisenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
2023 yil 4 may kuni sud bu talablarni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan. O‘z navbatida, bu qarordan norozi bo‘lgan javobgar — Intermed Innovation Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Biroq mazkur apellyatsiya shikoyati qanoatlantirishdan rad etilgan va Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan hamda shu yil 31 may kunidan qonuniy kuchga kirgan.
“Shundan kelib chiqib, “Intermed Innovation” MChJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021 yil 18 fevralda berilgan litsenziya rasman bekor qilinganini ma’lum qilamiz. Bu haqda Adliya vazirligining “Lisenziya” axborot tizimi orqali reyestrga tegishli yozuv kiritilgan”, deydi SSV boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asomiddinov.
Sobiq vazir Abduhakim Hojiboyev davrida Toshkent shahridagi 16 ta va Toshkent viloyatidagi 99 ta tibbiyot muassasasi Intermed Innovation qo‘shma korxonasiga biriktirib berilgan, Behzod Musayev davrida esa Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi jami 178ta oilaviy poliklinika hamda ko‘p tarmoqli poliklinikalarga qarashli laboratoriyalar boshqaruvi aynan shu kompaniyaga qo‘shqo‘llab topshirilgandi.
Tabiiyki, yeng ichida qilingan bu kelishuvlar jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan, buning ortidan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178ta tibbiy muassasaga qarashli laboratoriyalar boshqaruvi bitta kompaniyaga berilgani yuzasidan tekshiruv boshlagandi.
Mavzuga oid
16:15 / 18.12.2024
Kripto-aktivlar faoliyatini litsenziyalash narxlari belgilandi
21:32 / 27.11.2024
Tovarni bojxona muhri ostida tashishga ruxsat berish guvohnomasini olish raqamlashtiriladi
18:23 / 21.11.2024
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
18:09 / 24.10.2024