O‘zbekiston | 18:22 / 10.06.2023
18143
2 daqiqa o‘qiladi

Katta miqdordagi oltin va yoqutning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi 

Samarqand viloyatida 1,075 kg oltin va Toshkent shahrida 838 g yoqutning noqonuniy aylanmasi oldi olindi. 

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida shaxsiy avtomobilida katta miqdorda oltin olib kelayotgan shaxs aniqlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy va Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan «Yuqori nuqta» postida «Nexia» avtomobili to‘xtatilganida, uning ichida Xatirchi tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli, og‘irligi 1,075 kg bo‘lgan 11 dona bo‘lak oltin borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi. Mutaxassislarning baholashicha, 999 probali bu oltinning qiymati 795 mln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro og‘irligi 838 g bo‘lgan yoqutni 300 ming dollarga sotishga kelishib, 80 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Mutaxassislarning baholashicha, ushbu qimmatbaho toshning narxi 477,3 mln so‘mni tashkil etadi.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 177-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid