Sport | 19:21 / 12.06.2023
32094
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent mezbonlik qilayotgan futbol musobaqasida qimor o‘yinlari noqonuniy reklama qilinmoqda

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining o‘yinlarida bukmekerlik kompaniyalari ochiqdan ochiq reklama qilinmoqda. Bu O‘zbekistonning amaldagi qonunlariga zid. Mas’ul davlat tashkilotlari esa holatga e’tibor qaratishni istamayapti.

Kecha, 11 iyun kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Markaziy Osiyo kubogi doirasida musobaqa mehmoni Ummon bilan o‘yin o‘tkazdi.

“Sport” telekanali orqali jonli efirda translatsiya qilingan uchrashuvda stadion displeyida bukmekerlik kompaniyasi reklamasi aylanib turdi. Bu – O‘zbekistonning amaldagi qonun hujjatlariga zid. Shu jihatdan mazkur holat jamoatchilik noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

Turnir tashkilotchisi bo‘lmish Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining Twitter’dagi sahifasida keltirilishicha, bukmekerlik kompaniyasi CAFA Nations Cup 2023 turnirining bosh homiysi sifatida belgilangan.

Shartnoma shartlariga ko‘ra, totalizator logotipi turnir rasmiy raqamli platformalarida, jumladan, musobaqa 2023 veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etiladi. Bundan tashqari, bukmekerlik idorasining ramzlari stadionlarda, jumladan, intervyu uchun maydonlarda va skameykalarda, shuningdek, LED panellari va 3D gilamlarida mavjud bo‘ladi.

Qonunchilikda qanday javobgarlik bor?

Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va reklama qilish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi 176-sonli qaroriga asosan, 2007 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish uchun xizmat ko‘rsatish yoki uni tarqatish – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu kodeksning 178-1-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan reklama qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik uchun BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solinishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, shuningdek, telekommunikatsiya tarmoqlari va internetdan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi taqiqlangan.

Mazkur qonunning 47-moddasiga binoan, reklama qilinishi qonunchilikda taqiqlangan mahsulot to‘g‘risida reklama tarqatganlik – BHMning 100 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kun.uz bilan gaplashgan Raqobat qo‘mitasi mutaxassisining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yini vaqtida bukmekerlik kompaniyasining reklama qilinishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda va qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilinadi.

Umuman olganda, ayni paytda O‘zbekistonda bukmekerlik bilan shug‘ullanish yoki uni reklama qilish uchun huquqiy asoslar mavjud emas, ya’ni ushbu faoliyat noqonuniy hisoblanadi. Ammo O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinlarida bu holat ikkinchi marta takrorlanyapti.

2022 yil 20 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Rossiya milliy jamoalari
o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvidan olingan kadr

Onlayn qimorning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari

So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar o‘rtasida sport o‘yinlariga pul tikish ortidan o‘z joniga suiqasd qilgan, uy va mol-mulklarini sotgan va boshqa huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yayotganlar haqida tez-tez xabarlar tarqalyapti.

Yuqorida keltirib o‘tilganidek, nafaqat bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanish, balki uni reklama qilish ham qonunlarga zid. Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bukmekerlik kompaniyalari faol ravishda reklama qilinmoqda. Bu esa onlayn qimorning yanada ommaviylashishiga turtki bo‘ldi. Nimagadir, Raqobat qo‘mitasi ochiq va oshkora tarzda olib borilayotgan bunday targ‘ibot ishlarini bir chetda kuzatishdan nariga o‘tmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik taniqli sportchilar, katta auditoriyaga ega bloger va vlogerlar Telegram-kanallarida berilayotgan reklamalarni cheklash va qonuniy chora ko‘rish imkonsiz va murakkab vazifa emas.

Masalan, o‘tgan yili bukmekerlik kompaniyasini reklama qilgani uchun bir guruh Instagram blogerlari Toshkent shahar IIBB tomonidan javobgarlikka tortilgandi. Shundan keyin ham totalizatorni reklama qilish to‘xtab qolgani yo‘q. YouTube'dagi bir nechta kanallar ayni paytda ham onlayn qimorni targ‘ib qilishda davom etmoqda.

Qimorga qaramlik – bu ko‘plab salbiy psixologik, jismoniy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan progressiv «giyohvandlik» hisoblanadi. Buning bir qancha salbiy oqibatlari bor:

Vaqt bekorga sarflanishi. Dastlab qo‘shimcha daromad topish, keyinchalik «azart» sirtmog‘iga tushib yutqazilgan pulning o‘rnini qoplash maqsadida kunlab, haftalab, oylab va hatto yillab ketkazilgan vaqt natijasida inson o‘z shaxsiy taraqqiyoti uchun investitsiya qilishi kerak bo‘lgan davrini yo‘qotadi.

Sog‘likka ta’siri. Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar insonda umidsizlik va nochorlik hissiyotlarini keltirib chiqaradi. Ushbu «giyohvandlik» bilan yashaydigan odamlar depressiya, migren, ichak kasalliklari va stress bilan bog‘liq boshqa muammolarga duch kelishlari isbotlangan. Yirik summadagi mablag‘ni yutqazish inson huzur-halovatini yo‘qotishiga olib keladi. O‘yinga berilib ketganlar yotganida ham, turganida ham, har doim pul tikib yutish haqida o‘ylashadi. Zararli oqibatlari tufayli ko‘plab mamlakatlarda qimor o‘yinlariga qaramlik sog‘liqni saqlash sohasining muhim muammolaridan biri hisoblanadi.

Moliyaviy muammolar. Inson o‘ziga, yaqinlariga va xayrli ishlarga ajratishi kerak bo‘lgan mablag‘larni asossiz tarzda yo‘qotadi. Moliyaviy qiyinchiliklar sabab odamlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatlar ko‘payadi. Jumladan, O‘zbekistonning o‘zida ham totalizatorga katta miqdorda mablag‘ yutqazishi ortidan o‘nlab insonlarning o‘z joniga qasd qilishi kuzatildi.

Oson pul topish ilinjida yurgan insonlar ham bu narsadan pul topishning umuman iloji yo‘qligini, yutganlar ham aslida mag‘lub ekanini tushunishlari lozim. Ammo onlayn qimorga mukkasidan ketganlar soni O‘zbekistonda ham kun sayin ko‘payib boryapti. Bunga ochiq targ‘ibot ishlari va ularga qarshi chora ko‘rilmayotgani ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid