Andijonda mahkumni urib o‘ldirib qo‘ygan 12 nafar IIB xodimiga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Ichki ishlar xodimlari tomonidan ayovsiz do‘pposlangan mahkumni kamerada kaltaklagan boshqa bir mahbus ham sud tomonidan jazoga tortildi.
Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashagan, sud tomonidan unga tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgani bois 2022 yilning 19 mart kuni IIV Jazoni ijro etish departamenti tergov hibsxonasiga olib kelingan 32 yoshli Sanjarbek Mamajonov 21 mart kuni 12 nafar ichki ishlar organi xodimi tomonidan tergov hibsxonasining kamera o‘rnatilmagan joyida ayovsiz kaltaklanib, qiynoqqa solinadi.
Sud hukmida keltirilishicha, do‘pposlash natijasida hayot uchun xavfli og‘ir jarohatlar olgan mahkumga tibbiy yordam ko‘rsatish o‘rniga u hibsxonaning 32-kamerasiga joylab qo‘yiladi. Og‘riqlar ta’sirida bo‘lgan erkak bu yerda boshqa bir mahbus Jasurbek Usmonov bilan aytishib qoladi, natijada yana bir marta kaltaklanadi. Mazkur voqeadan taxminan uch yarim soat o‘tgach, Mamajonovda biologik o‘lim qayd etiladi.
Hujjatlarga ko‘ra, tergov hibsxonasi davolash profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan To‘xtaqul Allamatov, bo‘lim shifokor-psixiatri Shukurillo Alimov 12 nafar xodim tomonidan kaltaklangan Sanjarbek Mamajonovni 32-kameraga joylashdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan, biroq o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmay uni obektiv baholashmagan, buning oqibatida uning o‘limiga yo‘l qo‘yib berishgan. Ma’lum bo‘lishicha, mahkum bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh miya yumshoq va qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya shishi aniqlangan. Biroq shifokorlar mahkumning tibbiyot daftarchasiga uning ahvoli yaxshi ekani, tashqi tan jarohatlari mavjud emasligi haqida soxta qaydlarni yozib qo‘yishadi.
Sud majlisida sudlanuvchilarning ayblari rad etib bo‘lmas dalillar hamda guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdig‘ini topgan. Sud hukmiga ko‘ra:
- IIV JIEDga qarashli 3-son tergov hibsxonasi boshlig‘ining yordamchisi – smena boshlig‘i Umidjon Abdurasulov 4 yilga;
- 3-son tergov hibsxonasi tartibot bo‘limi katta inspektori Javlon Rejapov 4 yilga;
- tartibot bo‘limi korpus kattasi Elyorbek Rahmonov 4 yilga;
- tartibot bo‘limi katta nazoratchisi Madaminjon Jamolov 4 yilga;
- tartibot bo‘limi katta nazoratchisi Sardorbek Ibragimov 4 yilga;
- tartibot bo‘limi katta nazoratchisi Mansurbek Mamatkarimov 4 yilga qamaldi.
Bundan tashqari, ushbu jinoyatda aybli deb topilgan:
- tergov hibsxonasi boshlig‘i G‘ulomjon G‘opporov 3 yil;
- tartibot bo‘limi korpus kattasi Zuhriddin Shoburxonov 3 yil;
- tezkor qidiruv bo‘linmasi katta tezkor vakili Inomjon Imoldinov 3 yil;
- tartibot bo‘limi nazoratchisi Jahongir Madaminov 3 yil;
- davolash-profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i To‘xtaqul Allamamatov 3 yil;
- davolash profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limi shifokor-psixiatri Shukurillo Alimov 3 yil muddatga uy qamog‘iga hukm qilingan.
Marhumni kamerada kaltaklagan mahbus Jasurbek Usmonov esa 4 yil-u bir oyga qamalgan.
Sud tomonidan Sanjarbek Mamajonovning o‘limida aybdor deb topilgan 12 nafar sobiq xodimning 10 nafari bir yarim yil, 2 nafari esa bir yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 9 nafar sudlanuvchilar JIB Angren shahar sudining mazkur hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bergan. Ayni vaqtda hukm qonuniy kuchga kirmagan hamda jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
17:14
Qamoqqa olingan shaxs uchun majburiy tibbiy ko‘rik joriy etilishi mumkin
10:54 / 06.12.2024
Rossiyada farzandini qiynoqqa solgan o‘zbekistonlik ayol qamaldi
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
10:59 / 21.08.2024