O‘zbekistonda kunlik va soatlik elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yangilandi
Anomal issiq ta’sirida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli hajmi bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar yangilandi.
13 iyun kuni mamlakatda jami 231,7 mln kVt/soat elektr energiyasi sarflandi. Bu miqdor iyun oyi uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan bir yil muqaddam xuddi shu kuni 202 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, o‘sish ko‘rsatkichi 14,7 foizni tashkil qilmoqda.
Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, bugun, 14 iyun kuni soat 11:00 ga qadar esa soatlik ehtiyoj hajmi 11 080 MVtni tashkil qildi. 2022 yilning xuddi shu sanasidagi holat bilan taqqoslanganda, 1600 MVt (15,4 foiz) ko‘p elektr toki sarflangan. Ushbu quvvat deyarli to‘rtta bug‘-gaz qurilmasining yoki ikkita «To‘raqo‘rg‘on» IES quvvatiga teng.
14 iyun sanasi mobaynida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 238-239 mln kVt/soatga yetishi kutilyapti. Mazkur raqam 2022 yilning mos davrida qayd etilgan iste’mol miqdoridan qariyb 30 mln kVt/soat yoki 14,8 foiz ko‘p.
Elektr energiyasining yuqori iste’moli, ayniqsa, Toshkent shahrida kuzatilyapti. 2021 yilning 13 iyun sanasida poytaxt aholisi 7,6 mln kVt/soat tok ishlatgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilning xuddi shu kunida 17,08 mln kVt/soatni, bu yil esa 26,4 mln kVt/soatni tashkil qilgan.
«Respublikada havo haroratining anomal darajada isishi natijasida elektr qurilmalarida ortiqcha yuklama tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklar oldini olish maqsadida elektr energiyasidan tejamkorlik bilan, shuningdek, sovitish qurilmalaridan ham imkon qadar oqilona foydalanishni, zarur bo‘lmaganda, elektr qurilmalarini tarmoqdan ajratib qo‘yishni so‘raymiz. Bu bilan barchamiz nafaqat energiya resurslarini saqlab qolamiz, balki elektr qurilmalarining uzoq muddatga ishdan chiqishining oldini ham olgan bo‘lamiz. Shu orqali energiya resurslari barcha iste’molchilarga barqaror yetib borishiga munosib hissa qo‘shamiz», deyiladi vazirlik ma’lumotida.
Mavzuga oid
11:08 / 24.12.2024
Xorazmda yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi
09:19 / 19.12.2024
To‘rt viloyatda gaz va elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
08:14 / 18.12.2024
1,8 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan mayning bilan shug‘ullanuvchi shaxs ushlandi
09:02 / 16.12.2024