O‘zbekiston | 17:01 / 14.06.2023
46241
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati IIBBning mintaqaviy bo‘linmasi rahbari qamoqqa olingan - manba

Tintuv chog‘ida uning xizmat xonasidagi seyfidan 20 ming AQSh dollari chiqqan. Shuningdek, Olmaliq shahar IIB boshlig‘i birinchi o‘rinbosarining haydovchisi fuqarodan 300 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan.

Foto: Kun.uz

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Toshkent viloyati ichki ishlar organlarida faoliyat yurituvchi bir qancha mansabdor shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda Kun.uz manbasi ma’lum qildi.

Tegishli qarorga muvofiq, 2019 yil 20 iyundan boshlab Toshkent viloyati ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarish tizimi eksperiment tariqasida joriy etilgan, unga ko‘ra, ichki ishlar organlari kuch va vositalarini samaraliroq joylashtirish maqsadida viloyat tuman (shahar)lari to‘rtta mintaqaviy boshqarish hududlari bo‘yicha taqsimlangan.

Aniqlanishicha, markazi Chirchiq shahri deb belgilangan birinchi mintaqaviy hudud rahbari Bo‘stonliq tumanida profilaktika inspektorlariga ajratilgan xizmat uyini soxta hujjatlar orqali sotib yuborgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tintuv chog‘ida uning xizmat xonasidagi seyfdan 20 ming dollar naqd pul topilgan. Kun.uz manbasi birinchi mintaqaviy hudud rahbarining boshqa qilmishlari ham aniqlangani, ayni paytda ushbu mansabdor qamoqqa olinganini ma’lum qildi.

Yana bir manbaning ta’kidlashicha, 13 iyun kuni Olmaliq shahar IIB rahbarining birinchi o‘rinbosariga haydovchilik qilayotgan shaxs fuqarodan 300 dollar olayotganda ushlangan. Bu ishga yana kimlar aralashganiga tergov davomida oydinlik kiritilishi kutilmoqda.

Avvalroq Bo‘kada tergovga jalb etilgan fuqaro qiynoqqa solinib fojiaviy halok bo‘lgani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador ikki nafar tezkor xodim hibsga olingan, qator rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid