O‘zbekiston | 17:00 / 17.06.2023
40609
10 daqiqa o‘qiladi

Magnit bo‘ronlari o‘zi nima, ularning ro‘y berishi ko‘payganmi?

Keyingi paytda magnit bo‘ronlari haqida ko‘p eshityapmiz. Hatto Cog‘liqni saqlash vazirligi ham bu haqda tez-tez ogohlantirmoqda. Ammo ilgari bunday ogohlantirishlar negadir qulog‘imizga chalinmasdi. Magnit bo‘roni o‘zi nima? Nima uchun avvallari bu haqda ko‘p gapirilmagan? Yoki bu yaqindan beri kuzatilayotgan anomal hodisami? Maqolada shu haqda so‘z yuritamiz.

Fotokollaj: Kun.uz

Telegram-kanallarda 15 iyundan 16 iyunga o‘tar kechasi Yerni magnit bo‘roni qoplagani, ob-havoga ta’sirchan odamlar ehtiyot chorasini ko‘rishlari, xususan, soat 11:00-17:00 oralig‘ida tashqarida yurganda bosh kiyim kiyish, ko‘zoynak taqish kerakligi ta’kidlangan xabarlar tarqaldi.

Boshqa xabarlarda 17 iyun kuni 5 ball, 19-20 iyunda esa 4 balli geomagnit tebranishlari kuzatilishi, bu holat 24 iyunga qadar davom etishi haqida so‘z boradi. Ayrim kanallarda meteorologlar magnit bo‘ronining odamlarga salbiy ta’siri bugun tundan boshlab cho‘qqisiga chiqishi haqida ogohlantirishgani xususida yozishgan.

Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik asosli? Nima uchun ilgari bunday ogohlantirishlarni eshitmaganmiz? Yoki magnit bo‘ronlari ilgari yuz bermaganmi? U juda ko‘p kasalliklarni qo‘zg‘ashi rostmi?

Nega avvallari bu haqda gapirilmagan?

Somon yo‘li galaktikasi 100 mlrddan ortiq yulduzlarni jamlagan va ulardan biri – bizning Quyoshimiz. Bu gazli shar Quyosh tizimining 99,8 foiz massasiga ega, uning diametri Yer diametridan 109 barobar kattaroq. Quyosh sirtida kuzatiladigan dog‘lar sayyoramiz o‘lchamidan ham bir necha barobar katta. Bu dog‘lar har 11 yilda Quyoshda ro‘y beradigan tabiiy sikl – yulduzning koinotdagi «ob-havo»ga ta’sir o‘tkazuvchi faolligidan so‘zlaydi.

Qora dog‘lar quyosh chaqnashlariga sabab bo‘ladi, chaqnash tufayli tojsimon otilishlar sodir bo‘ladi. Natijada Quyoshni o‘rab turgan fazoga magnit zarrachalaridan iborat bulutlar ajralib chiqadi. Quyosh chaqnashlarining nurlanishi ham Yer magnit maydoni ishiga ta’sir o‘tkazadi – uning junbishga kelishi bir necha soatdan bir necha sutka davom etadigan geomagnit bo‘ronlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Magnit bo‘ronlari atamasi azaldan bor, ammo so‘nggi yillarda ko‘p diqqat markaziga chiqmoqda. Hatto ko‘p kasalliklarning qo‘zg‘alishi shu hodisa bilan bog‘lanyapti. Olimlarga ko‘ra, bundan 150 yil avvalgi magnit bo‘ronlari haqida qaydlar mavjud. Keyingi paytda bu haqda ko‘p gapirila boshlagani internetning rivojlangani, odamlarda axborot manbalari ko‘paygani va axborot almashinuv tezlashgani bilan bog‘liq. Ilgari odamlar bu haqda yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmagani, OAVda bu haqda ko‘p gapirilmagani uchun geomagnit tebranishlari vaqtidagi salbiy oqibatlarni boshdan kechirsalar-da, uning kelib chiqish sabablarini bila olishmagan

Kimlar ko‘proq aziyat chekadi?

Magnit bo‘ronlari bir vaqtda Yer yuzining yirik maydonlarida kuzatiladi va ko‘pchilik buni his qiladi. Ayniqsa yurak-qon tomir, yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan yoki miokard infarkt, insultni boshdan kechirgan insonlar bu jarayonlarni og‘ir o‘tkazishadi. Shuningdek, surunkali xastaligi bor o‘rta va katta yoshli insonlar, asab kasalligiga chalingan bemorlar ham bu hodisadan aziyat chekishadi.

Bundan tashqari, geomagnit tebranishlardan arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar (bu paytda ularning organizmida tashqi stresslarga chidamlilikni ta’minlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishi kamayadi), bronxial astma bilan og‘rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidovaga ko‘ra, qon bosimining favqulodda oshib yoki pasayib ketishi ularning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Magnit bo‘ronlari ta’sirida qon aylanishi o‘zgarishi asosiy ta’sir vositasi hisoblanadi. Chunki eritrotsitlar tarkibidagi temir moddasi magnitdan ta’sirlanadi. Quyosh chaqnashlari tufayli hosil bo‘lgan magnit maydoni gipertoniklarda qon bosimi oshishi, gipotoniklarda esa aksincha, qon bosimi pasayishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, bosh og‘rig‘i, holsizlik, jizzakilik, uyqusizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, yurak muammolari, nafas qisilishi, qolaversa, turli allergik reaksiyalar kuzatilishi ehtimoli mavjud.

Tavsiyalar

Magnit bo‘ronlari vaqti-vaqti bilan albatta sodir bo‘luvchi hodisa ekan, bu jarayondan inson o‘zini himoyalashi shart. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bunday paytda amal qilish lozim bo‘lgan qator tavsiyalar ishlab chiqilgan (bu tavsiyalar surunkali kasalliklarga chalinganlar, keksa yoshli insonlar va homilador ayollar uchun ayniqsa foydalidir):

·       magnit bo‘roni paytida jismoniy faollik, jumladan zo‘riqtiruvchi ishlar va mashg‘ulotlarni cheklash maqsadga muvofiq;

·       ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish va ko‘proq suyuqlik ichish lozim;

·       sho‘r taomlar va dudlangan mahsulotlar iste’molini cheklash kerak (chunki tuz organizmda suv miqdorini kamaytirib, qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi);

·       sersuv meva-sabzavotlar, kaliy va S vitaminiga boy mahsulotlar ham salomatlik uchun juda foydali;

·       kun davomida bir necha marta dush qabul qilish ham katta samara beradi;

·       magnit bo‘roni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish shart;

·       yurak xuruji va insultni boshdan kechirganlar ma’lum muddat mashina haydamaganlari ma’qul;

·       bunday sharoitda sayohat qilishni kechiktirib turish kerak;

·       ho‘l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko‘p bo‘lgan banan va boshqa sitrus ne’matlardan iste’mol qilish zarur;

·       tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish ham foydali;

·       uyqudan oldin toza havoda sayr qilish va to‘yib uxlash tavsiya etiladi;

·       surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.

Geomagnit tebranish kuzatilayotgan vaqtda jismoniy mehnat bilan bir qatorda aqliy mehnatda ham organizmni zo‘riqtirmaslik talab etiladi. Surunkali kasalliklari bor bemorlar, ayniqsa yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan insult o‘tkazganlar yolg‘iz qolmasliklari talab etiladi.

Boshqa xavflar

Magnit bo‘ronlarining 5-6 balldan yuqori bo‘lgan va xavfli sanaladigan darajalari nimalarga olib keladi? O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulahadovning aytishicha, inson salomatligidagi salbiy o‘zgarishlardan tashqari, yuqori kuchga ega magnit maydonlari elektr ta’minoti, telefon aloqasi, televideniye, internet, GPS-navigator tizimlaridagi uzilishlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ilgari bunday holatlar yuz bergan. Jumladan, 1859 yilgi Quyosh faolligi tarixdagi eng kuchli geomagnit bo‘roniga sabab bo‘lgan, 1989 yili kuzatilgan geomagnit tebranishlari oqibatida Kanadaning Kvebeki elektr energiyasiz qolgan, elektr uskunalarini ishdan chiqargan, AQShning ko‘plab shaharlarida esa elektr energiyasi uzatish bilan bog‘liq muammolar yuz bergan.

Shuningdek, tez o‘zgaruvchan magnit maydonlar suv va gaz hisoblagichlarining noto‘g‘ri ishlashiga, quvurlarning tez korroziyaga uchrashiga va hatto insonlar hamda sutemizuvchilarning radiatsiyadan zararlanishiga olib kelishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Rossiya Fanlar akademiyasining P.Lebedev nomidagi Quyosh fizikasi instituti rentgen astronomiyasi laboratoriyasi olimlariga ko‘ra, magnit bo‘roni energetik tizimlar va kosmik apparatlarni boshqarish tizimlariga kichik ta’sir o‘tkazishi mumkin.

National Geographic nashrining yozishicha, o‘ta kuchli geomagnit bo‘ronlari millionlab insonlarni elektr chirog‘isiz, ichimlik suvisiz, issiqlik, kanalizatsiya, internet va telefon aloqasisiz qoldirishi mumkin.

Bugun yirik megapolislarga xizmat ko‘rsatayotgan elektr energiyasi tizimlariga magnit bo‘ronlarining ta’siri 50 milliondan ortiq aholi uchun yoppasiga blekaut hosil qilishi mumkin. Bu holatda texnologik jarayonlarning tiklanishi uchun oylab vaqt talab etiladi. Baxtga ko‘ra, yaqinda ro‘y bergan magnit bo‘ronlari chog‘ida sun’iy yo‘ldoshli aloqa vositalari ko‘p ham zarar ko‘rmagan.

Olimlarning xavotiriga ko‘ra, kuchli quyosh chaqnashi Yerning zamonaviy aholisi uchun ko‘plab muhim tizimlarni – sun’iy yo‘ldoshlardan tortib elektr tarmoqlarigacha o‘chirib qo‘yishi mumkin. Shuningdek, quyosh chaqnashlari samolyotlar va kosmik kemalarning elektron jihozlariga zarar yetkazishi mumkin. Butun dunyo meteorologlari va astronomlari bu muammoni hal qilish ustida ishlamoqda. Endi meteorologlar quyosh bo‘ronini u boshlanishidan olti soat oldin aniq bashorat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid