Sport | 13:52 / 17.06.2023
31874
10 daqiqa o‘qiladi

Mourino yangi futbolchi oldi, «Brayton» yevrokubok uchun tarkibni kuchaytirmoqda. So‘nggi kunlardagi transferlar

«Benfika» esa yana bir iste’dodli futbolchi uchun mo‘may pul sarfladi.

Top-chempionatlarning aksarida hali yozgi transferlar oynasi ochilmagan, ammo allaqachon qator ko‘zga ko‘rinarli transferlar amalga oshirildi. Quyida Yevropada so‘nggi kunlarda ro‘y bergan diqqatga sazovor transferlarga to‘xtalib o‘tiladi.

Jud Bellingem: «Borussiya» Dortmund → «Real» (103 mln yevro)

Jud Bellingem. FOTO: REALMADRID.COM

Bu so‘nggi haftaning eng asosiy transferi bo‘ldi. Albatta, Bellingem hali Lionel Messi yoki Karim Benzem ko‘lamidagi futbolchi emas, ammo transfer summasi e’tiborga molik. «Real» 19 yoshli yarimhimoyachi uchun 103 mln yevroni ayamadi, «Borussiya» esa yana bir bor yosh futbolchisi orqali kattagina mablag‘ ishlab oldi. «Real» prezidenti Florentino Peres Bellingemga ko‘plab klublar qiziqish bildirgani, ammo futbolchining o‘zi Madridni tanlaganini aytdi. Jud bu qarorni pul tufayli qabul qilmaganini ta’kidladi. U yangi jamoada bir vaqtlar Zinedin Zidanga tegishli bo‘lgan 5-raqamni tanladi. Bellingemning «Real» bilan shartnomasi olti yilga mo‘ljallangan.

Jyeyms Milner: «Liverpul» → «Brayton» (erkin agent)

Jyeyms Milner. FOTO: BRIGHTONANDHOVEALBION.COM

«Brayton» o‘z tarixidagi ilk yevrokubok arafasida jiddiy transfer amalga oshirdi. Ha, Milner 37 yoshda, ammo u hatto shu yoshida ham jamoasiga foyda keltira oladi. Bu futbolchi ulkan tajribaga ega. U «Man Siti» va «Liverpul»da yuqori darajada o‘yin ko‘rsatgan, bu jamoalar bilan qator sovrinlarni qo‘lga kiritgan, endi esa o‘tgan mavsumda sensatsiya ko‘targan jamoaga yordam berishga tayyor. Faxriy futbolchi 1+1 ko‘rinishidagi shartnomani imzoladi. «Brayton» bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi Milnerning transferini katta yutuq deb atadi. Italiyalik mutaxassis Jyeyms jamoaga yangi darajaga chiqishda yordam berishiga ishonchi komil.

Mahmud Dahud: «Borussiya» Dortmund → «Brayton» (erkin agent)

Mahmud Dahud. FOTO: BRIGHTONANDHOVEALBION.COM

Yana bir futbolchi erkin agent maqomida «Brayton»ga kelib qo‘shildi. Dahud Milnerdan 10 yilga yoshroq va ushbu nemis futbolchisi bilan 2027 yilga qadar shartnoma tuzildi. Darvoqe, Mahmud uchun Angliyaga kelish —mutlaqo yangi tajriba. Bungacha u faqat o‘z vatanida o‘ynagan («Borussiya» M, «Borussiya» D), endi u o‘zini mutlaqo boshqa darajadagi chempionatda sinab ko‘radi. Yakunlangan mavsum Daud uchun juda og‘ir kechdi. Birinchi davrada u yelkasidagi jarohat tufayli uch oy davomida maydon tashqarisida qoldi, ikkinchi davrada esa ko‘pincha zaxira o‘rindig‘ida qolib ketdi. Natijada — Dahud butun mavsum davomida atigi 10 o‘yinda maydonga tushdi.

Kevin Shade: «Frayburg» → «Brentford» (25 mln yevro)

Kevin Shade. FOTO: BRENTFORDFC.COM

Shade «Brentford»ga 2023 yil boshida tashrif buyurgandi — jamoa uni mavsum oxiriga qadar ijaraga olgandi. 21 yoshli vingerning o‘yini inglizlar klubi bosslarida yaxshi taassurot qoldirdi va ular «Frayburg»ga 25 mln yevro to‘lashdi. Ularni Shade 19 o‘yinda birorta gol urmagani ham to‘xtata olmadi. Bu «Brentford» uchun rekord darajadagi transfer bo‘ldi, jamoa shu vaqtgacha hech bir futbolchiga buncha katta mablag‘ sarflamagan. Mart oyida Shade Germaniya milliy jamoasida debyut qildi, bir necha oy o‘tib «Brentford» bilan 2028 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzoladi.

Yuri Tilemans: «Lester» → «Aston Villa» (erkin agent)

FOTO: AVFC.CO.UK

Tilemans «Lester»dan ketgani hech kimni hayron qoldirmadi. Nima bo‘lganda ham bunday kalibrdagi futbolchi quyi divizionda o‘ynashi to‘g‘ri bo‘lmaydi. «Lester» APLdan tushib ketishi bilan belgiyalik futbolchi yangi klub axtarishga kirishgandi. Lekin «Aston Villa» tanlangani biroz ajablanarli bo‘ldi. 26 yoshli erkin agent boshqa top-klublarning ham nishonida turgandi, ammo u APLning o‘rtamiyona jamoasini tanladi. Tilemans «Lester»da to‘rt mavsum o‘tkazdi, endi esa Unai Emeri boshqaruvida Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi.

Jovanni Simeone: «Verona» → «Napoli» (12 mln yevro)

FOTO: FRANCESCO PECORARO/GETTY IMAGES

Simeone argentinalik futbolchilar uchun odatiy maskan bo‘lgan Neapolda bir mavsum o‘tkazdi. 33 o‘yin, to‘qqiz gol, bir assist — ijaradagi hujumchi uchun yomon statistika emas. Qolaversa, Simeone ko‘p hollarda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi, chunki asosiy tarkibda Viktor Osimhen almashtirib bo‘lmas futbolchi. Eng asosiysi — Jovanni azaliy orzusiga erishib, Chempionlar ligasida gol urdi (bir mavsumning o‘zida shunday gollardan to‘rttasini). Forvardning o‘yini «Napoli» rahbariyatiga ma’qul keldi va ular shartnomada ko‘rsatilgan banddan foydalanib, 12 mln yevro evaziga uning transfer huquqini sotib olishdi. Argentinalik hujumchi yana bir mavsumga uzaytirish sharti bilan 2026 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzoladi.

Ussem Auar: «Lion» → «Roma» (erkin agent)

FOTO: ASROMA.COM

Jazoirlik yarimhimoyachi bungacha butun professional faoliyatini «Lion»da o‘tkazgandi. Auar — klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 24 yoshida Ussem shartnomasini uzaytirmaslikka va Italiyaga ketishga qaror qildi. Endi uni Joze Mourino bilan hamkorlik kutmoqda. Darvoqe, italyanlar klubi, «Lion»dan farqli o‘laroq, yevrokubokda o‘ynaydi. Jazoirlik futbolchi «Roma»ni buyuk tarixga ega buyuk klub deb atadi. Auarning hisoblashicha, Italiya poytaxtida unga mos keladigan loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘rxun Ko‘kchu: «Feyyenoord» → «Benfika» (25 mln yevro)

FOTO: SLBENFICA.PT

22 yoshli futbolchi «Feyyenoord»ning Niderlandiya chempionatidagi g‘alabasiga sezilarli hissa qo‘shdi. Sardor Erediviziyaning 32 o‘yinida ishtirok etdi, sakkiz gol urib, uchta assist amalga oshirdi. Bu yoshida sardorlik bog‘ichi bilan maydonga tushishi uning jamoadagi avtoritetidan darak beradi. Endi turkiyalik futbolchi Portugaliya chempionatiga o‘tdi — «Benfika» uning uchun 25 mln yevroning bahridan o‘tdi. Lissabonliklar klubi bir necha mavsumdan keyin havbekni qaysidir top-klubga ancha katta mablag‘ evaziga sotishi ham mumkin.

Sem Lammers: «Atalanta» → «Reyndjers» (3,5 mln yevro)

Niderlandiyalik futbolchi «Atalanta»ga 2020 yil kuzida kelgandi, ammo Bergamo klubi tarkibidan muqim o‘rin ololmadi. Lammers bir necha bor ijaraga berildi («Ayntraxt», «Empoli», «Sampdoriya»), endi esa faoliyatini Shotlandiyada davom ettiradi. «Atalanta» hujumchisini bu mavsumda ham Chempionlar ligasida o‘ynashi mumkin bo‘lgan «Reyndjers»ga sotishni afzal ko‘rdi. Lammers «Atalanta»ga kelganidan buyon jami 19 o‘yinda qatnashgan va atigi ikki gol urgan.

Jordan Larsson: «Shalke» → «Kopenhagen» (2 mln yevro)

FOTO: LARS RONBOG/GETTY IMAGES

«Spartak»ning sobiq futbolchisi «Kopenhagen»ning to‘laqonli a’zosiga aylandi. 2023 yil boshida shved «Shalke»dan daniyaliklar klubiga ijaraga berilgandi. Jordan 16 o‘yinda olti gol urib, ikki sovrin qo‘lga kiritdi: Daniya chempioni va kubok sohibiga aylandi. «Kopenhagen» futbolchini hozirgi narxlardagi eng kamtar summaga xarid qildi. Yangi mavsumda Jordanda Chempionlar ligasida o‘ynash imkoniyati bo‘ladi, «Shalke»da esa uni Bundesliganing ikkinchi divizioni kutayotgandi.

Rayan Kent: «Reyndjers» → «Fenerbahche» (erkin agent)

FOTO: FENERBAHCE.ORG

Bu haftada «Reyndjers» bir hujumchi sotib olib, boshqasi bilan xayrlashdi. Lekin Kentning ketishi oldindan ma’lum edi, uning shartnomasi muddati yakunlangandi. 26 yoshli angliyalik tezda o‘ziga yangi klub topdi — endi u «Fenerbahche»ga yordam beradi. U turklar klubi bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. 2022/2023 yillar mavsumida Rayan barcha turnirlar doirasida 44 o‘yin o‘tkazib, uch gol urgan va 10 golga uzatma bergan.

Mavzuga oid