O‘zbekiston | 14:16 / 18.06.2023
34524
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida kuchli shamol va chang bo‘roni kuzatildi

Qator hududlar kuchli shamol sabab elektr ta’minotidan uzilgan.

18 iyun kuni Samarqand viloyatining ayrim hududlarida soat 10:15 dan 12:00ga qadar chang-to‘zon hodisalari kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda Hollivud filmlaridagi manzaralarni eslatuvchi kadrlar tarqalmoqda.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, Past Darg‘om, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida soat 11:30 dan hududda kuzatilayotgan kuchli shamol va chang to‘zonlari oqibatida elektr energiya vaqtincha tarmoqdan uzildi.

Energetika vazirligi elektr uzatish liniyalarida xavfsizlikni ta’minlash uchun elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi va hududda kuchli shamol esishi pasaygandan so‘ng qayta tiklanishini ma’lum qildi.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Bulung‘urdagi hodisaga munosabat bildirgan.

«Mintaqada qurg‘oqchilik, yashil massaning kamayishi, cho‘llashishning jadal davom etayotganidan darak beruvchi jiddiy signallar.

«Interstellar» filmidagi chang bo‘roni bostirib kelish bilan bog‘liq kadrlar bizda ham tez-tez kuzatiladigan bo‘lyapti.

Respublikaning shimoli, cho‘llari va janubida odatiy bo‘lib borayotgan bu kabi manzaralar endi markazga ham ko‘chmoqda», deya yozgan u  o‘z telegram-kanalida.

Mavzuga oid