Baydenning o‘g‘li soliq jinoyatida aybini tan oldi, qurol ayblovi bo‘yicha kelishuvga erishdi
AQSh prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Bayden daromad solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganlik bo‘yicha aybini tan oldi. Shuningdek, qurolni noqonuniy saqlash ayblovi bo‘yicha suddan qutulib qolish imkonini beradigan kelishuvga erishishga rozi bo‘ldi.
Hanter Baydenga nisbatan tergov AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp davrida tayinlangan prokuror Devid Vays tomonidan olib borildi va ayblov e’lon qilinishi bilan yakunlandi.
Reuters xabariga ko‘ra, 53 yoshli Hanter Bayden ko‘p yillar davomida Tramp va uning respublikachi ittifoqchilari tomonidan tinimsiz tanqid qilinadi. Ular boshqa narsalar qatori uni Ukraina va Xitoy bilan bog‘liq huquqbuzarliklarda ayblab kelmoqda.
Hanter Bayden lobbist, advokat, investitsiya bankiri va rassom bo‘lgan, shuningdek, giyohvand moddalarni suiiste’mol qilish bilan kurashayotganini ommaviy tan olgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Hanter Bayden 2017 va 2018 yillarda 1,5 million dollardan ortiq soliqqa tortiladigan daromad olgan, biroq u 100 ming dollardan ortiq qarz bo‘lishiga qaramay, o‘sha yillarda hech qanday daromad solig‘ini to‘lamagan. Bu bo‘yicha unga ikkita ayblov e’lon qilingan edi.
Advokat Kristofer Klark so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, hukumat Hanter Baydenga o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash ayblovini qo‘ydi. Biroq, bunda sudgacha bo‘lgan kelishuvga erishiladi. U qamoq jazosi yoki jinoiy hukmdan qochish imkonini beradi.
«Hanterga nisbatan besh yillik tergov yakunlandi. Men Hanter hayotidagi notinchlik va giyohvandlik bilan bog‘liq davrda qilgan xatolari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini muhim deb bilaman. U salomatligini tiklash va oldinga harakat qilishni intiqlik bilan kutmoqda», dedi u.
2020 yil dekabr oyida Hanter Bayden prokuror Vays soliq ishlarini tekshirayotganini ma’lum qildi. U o‘zining aybsiz ekanini aytdi.
2021 yil chop etilgan kitobida u giyohvand moddalarni, jumladan kokainni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq muammolarini, shuningdek, alkogolizmdan aziyat chekkanini tasvirlab berdi. U 2014 yilda qonida kokain topilgach, AQSh harbiy-dengiz kuchlari zaxirasidan bo‘shatilgan.
Prezident Jo Bayden o‘g‘lining giyohvandlikni yengib o‘tganidan g‘ururlanishi va uni qo‘llab-quvvatlashini anchadan buyon ta’kidlab keladi.
Oq uy Hanter Bayden bilan bog‘liq vaziyatga ortiqcha izoh berib o‘tirmadi.
«Prezident va birinchi xonim o‘z o‘g‘lini yaxshi ko‘radi va qo‘llab-quvvatlaydi, chunki u o‘z hayotini tiklashda davom etmoqda. Biz boshqa izoh bermaymiz», dedi rasmiy vakil Yan Sems.
Prokuror Vaysdan farqli o‘laroq, Respublikachilar partiyasi vakillari Kongressda Bayden oilasi vakillariga nisbatan o‘z surishtiruvini o‘tkazmoqda. Unga rahbarlik qilayotgan kongressmen Jyeyms Komer da’vo kelishuvini «betga shapaloq» deb atadi va o‘z hay’atining surishtiruviga aslo xalaqit bermasligini aytdi.
Maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlagani uchun sudlanishi kutilayotgan sobiq prezident Donald Tramp ham kelishuvni tanqid qildi.
«Voy-bo‘! Baydenning korrupsiyaga botgan Adliya vazirligi Hanterdan yuz yillik jinoiy javobgarlikni olib tashladi va «yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun jarima» belgiladi. Tizim chirimoqda!» deb yozdi u o‘z ijtimoiy tarmog‘ida.
Prezident Baydenning to‘rt farzandi bor edi, ulardan ikki nafari hayot: Hanter Bayden va qizi Eshli Bayden. Uning o‘g‘li Bo Bayden 2015 yilda saraton kasalligidan vafot etgan. Qizi Naomi Bayden esa bolaligida avtofalokatda halok bo‘lgan. Shuningdek, Jo Baydenning birinchi xotini ham ushbu fojiada hayotdan ko‘z yumgan.
Tennessi universitetining prezidentlar tarixi tadqiqotchisi Aaron Krouford so‘zlariga ko‘ra, Hanter Bayden AQSh tarixida amalda bo‘lgan prezidentlarning jinoyatda ayblangan birinchi farzandidir.
Qayd qilinishicha, ilgari bir qancha prezidentlar oilasi mojarolarga aralashgan, jumladan, katta Jorj Bushning o‘g‘li Nil va Richard Niksonning ukasi Don. Nil omadsiz kredit va jamg‘armalar bilan shug‘ullangan, Donni esa boy tadbirkor Hovard Hyuz bankrotlikdan saqlab qolgan.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024