Jahon | 21:28 / 20.06.2023
16152
3 daqiqa o‘qiladi

Milliarderlar hayoti uchun eng qimmat shaharlar reytingi e’lon qilindi

Shveytsariyaning Julius Baer xususiy banki milliarderlar hayoti uchun dunyodagi eng qimmat shaharlar reytingini tuzdi. Unda ilk marotaba Singapur birinchi o‘rinni egalladi. 

Singapur / Foto: Kun.uz

Julius Baer banki tomonidan tuzilgan boylar hayoti uchun dunyodagi eng qimmat shaharlar ro‘yxatida (.pdf) ilk bor Singapur birinchi o‘rinni egalladi. Shahar-davlat mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan Shanxay va Honkongni ortda qoldirdi. 

Reytingni tuzishda dunyoning 25 shahrida daromadi 1 million dollar va undan ko‘p bo‘lgan odamlar uchun yashash narxi o‘rganib chiqildi. Shaharlar 12 ta tovar va sakkizta xizmatdan iborat savatchaning narxlari yig‘indisi bo‘yicha tartiblangan. Bunga, jumladan, hashamatli ko‘chmas mulk, Porsche Taycan elektromobili, uchta Michelin yulduzli restoranda kechki ovqat, 2018 yilgi hosildan tayyorlangan Château Lafite Rothschild sharobi, shuningdek, ayollar sumkasi va poyabzali, erkaklar kostyumi, qimmatbaho soatlar, yuridik xizmat to‘lovlari, farzandlarni MBA darajasiga o‘qitish, ko‘rish qobiliyatini lazer bilan to‘g‘rilash va boshqalar kiradi. 

Singapur pandemiyadan keyin badavlat odamlarni o‘ziga tortdi (shahar-davlatdagi oilaviy ofislar soni bir yilda ikki baravar ko‘paydi va 1500 taga yetdi), bu esa narxlarda o‘z aksini topdi. 

«Yuqori turmush darajasi va mahalliy infratuzilmaga talab ortib borayotgani bu yerda hayot arzon emasligini anglatadi. Turar-joy ko‘chmas mulkiga talab juda yuqori va soliqqa tortiladigan avtomobillar va asosiy tibbiy sug‘urta jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan mos ravishda 133 va 109 foizga qimmatroq», deyiladi tadqiqotda. 

Yuqori o‘ntalikdan Monako, Dubay (BAA), Taybey (Tayvan), San-Paulu (Braziliya) va Mayami (AQSh) ham joy oldi. Dubay yettinchi o‘rinni egallagan holda dunyodagi eng qimmat shaharlar o‘ntaligiga ilk marotaba kirdi. 

Tadqiqotga ko‘ra, turli «buhronlar», shu jumladan Ukrainadagi mojaroga qaramay, dunyoda sayohat va ko‘ngilochar tadbirlarga talab ortib bormoqda. 

«Ko‘pchilik hali ham pandemiyadan keyingi bazm kayfiyatida», dedi bu haqda Mark Metyus, Julius Baer tadqiqotchisi. 

Mavzuga oid