“Pul qani, itdan tarqagan?” – Bandixon prokurorining mahalla raislarini haqorat qilgan audiosi tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Bandixon tumani prokurori Soatmurod Maxmanovga tegishli ekani aytilgan audio tarqaldi. Unda soliq tushumlarini bajarmagan mahalla raislari kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilinganini eshitish mumkin. Audio katta ehtimol bilan 31 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yozib olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati, Bandixon tumani prokurori Soatmurod Maxmanov ekani aytilayotgan audio tarqaldi. Haqoratli so‘zlarga to‘la bo‘lgani uchun tahririyat uni e’lon qilmaslikni lozim topdi.
Audioda eshitilishicha, tuman prokuror yig‘ilishda hech bir mahalla raisiga to‘g‘ri muomala qilmagan, barchasini uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan. Hatto ayol raislarni ham so‘kishlari bilan yaxshigina “siylagan”.
“Sen kecha nima va’da bergan eding, it? 2 mln so‘m tushirgansan? Nimani va’da berganding, kechagi pulni ko‘tarib kelyapsan. Erkakmisan sen o‘zi? Xotinchalish. Itdan tarqagan ekansan-ku. Odamdan tarqaganingda odamning ishini qilarding-da. Bor, itning ishini qil, vovullab o‘tir ko‘chada. Tur yo‘qol, iflos”, deya haqorat qilgan mahalla raislaridan birini prokuror.
Boshqa bir mahalla raisiga esa “Men tushunmayapman, bu tizim. Siz ... yeb o‘tiribsizmi, enangizniki bormi bu yerda?! To‘rtta odamingizni yig‘a olmasangiz yo‘qoling” kabi so‘zlar bilan qo‘pollik qilingan.
“Bandixon qani? Qani og‘ayni, pul? 3 million? Enangnikiga tiqib qo‘y u 3 millionni. Kecha gapirgan gaping qani? Bor joyiga qo‘yib kel, maraz, itdan tarqagan! Obod turmush qani? Ha, opa, 500 ming so‘m tushgan. Qani? Boring, arizangizni yozingda yo‘qoling, ... bormi sizga bu yerda ishlab, davlatni, jamiyatni harom qilib”, deya davom etgan tuman prokurori Maxmanov.
Prokuror yana bir mahalla raisini “Enangnikiga bir boshingni tiqib ol, tuzaladi, o‘sha yerdan chiqqansan-ku”, deya haqorat qilgan. Bunga javoban mahalla raisi qo‘pollashmaslikni aytgan.
Haqorat qilganlik – shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Agar audiodagi ovoz haqiqatan ham Bandixon tumani prokurori Soatmurod Maxmanovga tegishli ekanligi tasdiqlansa, u haqorat qilish bilan bir qatorda majburiy mehnatga jalb qilganligi uchun ham javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Chunki soliq tushumlarini tushirish mahalla raisining vazifasiga kirmaydi. Prezidentning tegishli farmoni bilan esa fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash taqiqlanadi.
Daryo so‘roviga javoban Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov holat o‘rganilayotganini, tez orada o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berishini bildirgan.
Tuman hokimi fermerlarni, viloyat hokimi prokurorni, vazir o‘rinbosari fermerlarni yaxshi gaplar bilan “siylagan” audiolari ko‘p bora tarqalgan. Ammo hozirgacha haqoratli audiosi tarqalgan biror mansabdor huquqiy jihatdan jazoga tortilmagan. Balki, Bandixon tumani prokurori bu borada birinchisi bo‘lar, buni vaqt ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
12:49 / 16.12.2024
Kun.uz tanqididan so‘ng: Yangiyo‘l sudyasining shubhali hukmiga prokuratura protest kiritdi
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
15:14 / 02.12.2024
Mirobod prokurori elektr energiyasini tejash bo‘yicha reyd o‘tkazdi. Tarmoq soatiga 19 980 so‘mlik yuklamadan xalos qilingan
08:50 / 19.11.2024