Sport | 18:26 / 23.06.2023
24578
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni 2030 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilmaydi

Mamlakat rasmiylari Gretsiya va Misr bilan birgalikda topshirgan arizani qaytarib oldi.

Foto: AP

Saudiya Arabistoni 2030 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilish niyatida emas. Bu haqda Marca nashri yozdi.

Dastlab Saudiya Arabistoni rasmiylari musobaqani Gretsiya va Misr bilan birga o‘tkazmoqchi edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud hamkorlarga ariza qaytarib olinganini ma’lum qilgan. Qaror Portugaliya, Ispaniya va Marokashning arizasi bilan raqobatlasha olishiga ishonchsizlik tufayli qabul qilindi. Gap shundaki, qit’alar rotatsiyasiga ko‘ra 2030 yilgi turnir Yevropada o‘tishi kerak.

Shuningdek, musobaqaga Argentina, Urugvay, Chili va Paragvay ham qo‘shma ariza topshirgan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, 2030 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun Portugaliya, Ispaniya va Marokashning imkoniyati yuqoriroq. Saudiya Arabistoni esa 2034 yilgi jahon chempionatini mustaqil o‘tkazishi mumkin.

Qaysi davlatlar 2030 yilgi chempionat mezboni bo‘lishi 2024 yil sentabrida ma’lum bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi jahon chempionati Qatar davlatida o‘tkazildi. 2026 yilgi jahon chempionatiga AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladi.

Mavzuga oid