Jahon | 18:33 / 24.06.2023
11712
8 daqiqa o‘qiladi

Prigojin – isyonchi. Rostov «Vagner» nazoratida. So‘nggi ma’lumotlar

Foto: Videodan kadr

Yevgeniy Prigojin boshlagan harbiy isyon postanovka bo‘lib chiqmadi. Rostov oblasti «Vagner» nazoratiga o‘tgani aytilmoqda. 24 iyun kuni shahar markazi Yevgeniy Prigojinga bo‘ysunuvchi harbiylar nazoratiga o‘tdi. Mahalliy nashrlar yozishicha, Prigojinning askarlari Janubiy harbiy okrug shtabi, shahar administratsiyasi, FXX va IIB binosini egallagan.

Prigojin videoda aytishicha, shtabga borgach frontda rossiyalik harbiylar yuqoriga beriladigan hisobotlarda qayd etilganidan 3-4 baravar ko‘proq o‘layotganini aniqlagan. Bu raqamlar televizorda aytilganidan 10 baravar ko‘p ekanini aytib, yo‘qotishlar (o‘lgan, yaralangan, bedarak yo‘qolganlar va urushishni istamayotganlar) soni kuniga ming nafarga yetishini ta’kidlagan.

Rostov «Vagner» nazoratida

Prigojin Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari nazorat qilinadigan Rostovdagi shtabdan turib video e’lon qildi va shahardagi barcha obektlar, xususan, aerodrom egallanganini aytdi. Rostov markazida qurolli harbiylar, tanklar joylashtirildi. Oblast gubernatori Vasiliy Golubev rostovliklardan uyda qolishni va shahar markaziga bormaslikni so‘radi.

«Vagner» asoschisi Rostovdagi Janubiy harbiy okrugda Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Yevkurov va Bosh shtab rahbari o‘rinbosari Vladimir Alekseyev bilan gaplashib turgani tasvirlangan video ham tarqaldi. «Biz shtab boshlig‘i va Shoyguni olishni xohlaymiz. Ular yo‘q ekan, Rostovni bloklaymiz va Moskva tomon yo‘lga chiqamiz», degan videoda Prigojin. Uning Shoygu va Gerasimovni olishni istayogani haqidagi gapiga Gerasimovning o‘rinbosari Alekseyev kulib «Olinglar» deya javob bergan.

Suhbat davomida Prigojin ikki yuqori martabali harbiyni ochiqchasiga mensimay gaplashgan. U Shoyguning o‘rinbosari Yevkurovga «Kimsan men bilan sensirab gaplashadigan», deb do‘q qilgan. Ingushetiyalik general-polkovnik esa bunga javoban hech nima deya olmagan va g‘o‘ldirab qo‘ygan, xolos.

Bu video e’lon qilinishidan bir necha soat avval Vladimir Alekseyev Prigojinning harakatlari «prezidentga orqadan zarba» va «davlat to‘ntarishiga urinish» ekanini aytib, vagnerchilarni «aqlli bo‘lish»ga chaqirgandi. Xuddi shu mazmundagi videomurojaat Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarini 4 oy davomida boshqargan general Sergey Surovikin tomonidan ham e’lon qilingandi. Surovikin va Prigojin juda yaxshi munosabatda edi, o‘q-dori bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lganda aynan u «Vagner» hamda mudofaa vazirligi o‘rtasida vositachi bo‘lgandi.

Rasmiy bayonotlar

Voronej oblasti hukumati M-4 «Don» trassasidan Voronej tomonga harbiy kolonna harakatlanayotganini ma’lum qildi. Voronejliklardan bu trassada harakatlanmaslik so‘raldi. Bu qanday harbiy texnika ekani, u kimga tegishliligi aytilmagan. Lekin keyinchalik «Vagner» harbiylari Voronejda ham ko‘rinish berishdi. Bu shaharda hatto bitta harbiy samolyot urib tushirildi.

Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtda aksilterror operatsiya rejimi joriy qilinishini e’lon qildi. Sobyanin bunday tadbirlar nega o‘tkazilayotganini bo‘yicha izoh bermagan va harbiy isyonni shunchaki «kelayotgan ma’lumotlar» deb atagan. Moskva oblasti rahbari Andrey Vorobev hudud aholisidan shaxsiy avtomobilda harakatlanish, Moskva janubiga va region chekka hududlariga borishdan tiyilishni so‘ragan. Moskva oblastida ham xavfsizlik choralari kuchaytirilib, aksilterror operatsiyalari boshlangan.

Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojinga nisbatan qonuniy tarzda jinoiy ish ochilgani yuzasidan hisobot bergan. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Peskov xabar berdi. Prigojinga nisbatan Rossiya jinoyat kodeksining 279-moddasi (qurolli isyon) bilan ish ochilgan. Bu moddaga ko‘ra javobgar 12 yildan 20 yilgacha qamalishi mumkin.

Putin bo‘layotgan voqealar fonida chiqish qilib, Prigojinning harakatlari «ortdan berilgan zarba» va «xiyonat» ekanini aytdi. Uning murojaati bir soat kechikib amalga oshirildi.

Shu vaqtgacha Rossiya rasmiy telekanallarida Yevgeniy Prigojinning yuqori harbiy mulozimlar bilan tortishuvi haqida hech nima deyilmayotgandi. Ammo vaziyat jiddiylashgach, 24 iyun kuni Mokva vaqti bilan 01:30 da «Birinchi kanal»da harbiy isyon haqida qisqacha lavha berildi. Unda Prigojinga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar o‘qib eshittirildi.

«Birinchi kanal»da Yangiliklar ko‘rsatuvining ushbu favqulodda efiri modeler Alyona Axmadulinaning intervyusini uzib qo‘yib uzatildi. Keyinroq kanalda yana bir favqulodda efir ketdi. Unda isyon haqida biroz ko‘proq ma’lumot berildi, ammo hech qanday kutilmagan bayonot e’lon qilinmadi.

Kremlparast «Ribar» Telegram-kanalining yozishicha, Prigojinning axborot xizmati go‘yoki guruh lageriga raketa zarbasi berilgani haqida e’lon qilgan video sahnalashtirilgan bo‘lgan.

Bosib olingan Sevastopol gubernatori Mixail Razvojayev hudud rahbarlari orasida Prigojinning isyoniga munosabat bildirgan birinchi gubernator bo‘ldi. U «hali xulosa qilisha ertaligi»ni aytdi. «Har qanday ziddiyat yomon, bunaqa darajadagisi esa juda ham yomon. Hozir hech birimizda kerakli xulosa qilish uchun yetarli ma’lumot yo‘q. Rossiyaliklar davlatiga va prezidentiga ishonishi kerak», degan gubernator.

Prigojin uning askarlari uchta vertolyotni urib tushirganini ma’lum qildi. Keyinroq bitta harbiy samolyot ham urib tushirilgan. «To‘qnashuvlar harbiylarga xato ma’lumot berilgan hududlarda sodir bo‘lmoqda. Harbiylar bizni kutib olayotgan yerlarda Rosgvardiya, militsiya bizni xursandchilik bilan qarshilamoqda. Ko‘pchiligi biz bilan birga ketish istagini bildirishmoqda. Hali ko‘p yo‘l bosganimiz yo‘q, ammo allaqachon 60-70 chog‘lik odam bizga qo‘shilishga ulgurdi», dedi Prigojin guruh safi kengayayotgani haqida.

«Fontanka» nashri Peterburgdagi «Vagner Markazi»ga kuchishlatar tizim vakillari borgani haqida yozdi. Shuningdek, Prigojin egalik qiladigan biznes markazda tintuv ishlari boshlangan. U yerga ikki avtobusda OMON va Rosgvardiya zobitlari kelgan. Prigojinning ofisidan bir «Gazel» pul topilgan. Uning o‘zi pullar bo‘lganini tasdiqladi va u vagnerchilarning maoshi ekanini aytdi.

Rossiyalik muxolifatchi Mixail Xodorkovskiy «odamlarga Prigojinni eshitishga yordam berish»ga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prigojin urushga qarshi rossiyaliklar avvalboshdan bildirayotgan e’tirozlarni takrorlab, urushdan maqsad o‘g‘rilik bo‘lgani, uning asl maqsadiga esa hech kim ishonmasligini aytgan. Xodorkovskiyning fikricha, Prigojinga qarshilik qiladiganlarni to‘xtatishga urinish kerak. «Axir bizning dushmanimiz bitta» degan milliarder.

Rossiyaning bosh propagandachilaridan biri Vladimir Solovev o‘z kanalida Zaporijjyadan qaytayotganini aytib, video joyladi. «Bunaqa kunlargacha yashayman deb o‘ylamagandim. Vagnerchilar, o‘zingizga keling va ukronatsizm bilan kurashing», degan u. Solovev bu isyonni diktator Mussolinining Rimga yurishiga o‘xshatib, fuqarolar urushidan yomonroq hech narsa yo‘qligini aytgan.

Urush davomida juda faol postlar yozib kelgan Dmitriy Medvedev esa bu gal jarangdor chiqish qila olmadi va shunchaki Putinning atrofida birlashishga chaqirdi. 

Mavzuga oid