O‘zbekiston | 20:49 / 26.06.2023
10501
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida prezidentlikka nomzod Abdushukur Hamzayevning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Abdushukur Hamzayev ishtirokida Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda suv tanqisligi muammolarini bartaraf etishga qaratilgan rejalar muhokama qilindi.

Foto: O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Mazkur uchrashuvda Abdushukur Hamzayev saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturidagi muhim yo‘nalishlar bilan tanishtirib o‘tdi. Nomzod o‘z ma’ruzasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholi uchun qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tdi:

“Toshkent viloyatining qator hududlarida kanalizatsiya va suv tozalagich inshootlari hamda chiqindilar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar mavjud. Bu esa viloyat aholisiga turli noqulayliklar keltirib chiqaradi. Ekologik partiya tomonidan esa shu kabi masalalar hisobga olinib, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, oqova suv tarmoqlarini rivojlantirish, atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlashni rag‘batlantirishga qaratilgan davlat siyosatini yuritish taklifi ilgari surilmoqda”,- dedi nomzod.

Uchrashuvda suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy islohotlar olib borish:

– aholining, ayniqsa, qishloq joylarda yashayotgan fuqarolarni toza ichimlik suv ta’minotini yaxshilash;

– qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish tizimini joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

– aholi yashash punktlarida badbo‘y hid chiqarayotgan, lokal oqova suv tozalash inshootlari bo‘lmagan har qanday korxona faoliyatini belgilangan talablarga javob beradigan texnologiyalar joriy etilmaguncha to‘xtatish taklif etilayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo‘lgan Angren, Guliston, Samarqand, Jizzax, Urganch, Nukus, Andijon, Chirchiq va Toshkent shaharlaridagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Abdushukur Hamzayev davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi“ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika Strategiyasi”ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a’zo bo‘lish kabi takliflarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi axborot xizmati

Mavzuga oid