Toshkentda kiberjinoyatlar soni 2 yil ichida 40 barobarga oshdi
2021-2023 yillar oralig‘ida Toshkent shahrida kiberjinoyatlar soni ikki barobarga oshgan. TAD Industries texnik direktori Erkin Normatovga ko‘ra, kiberjinoyatlarning yarmidan ko‘pi bank kartalaridan pul o‘g‘irlashga oid.
21-22 iyun kunlari Toshkent shahrida “Fintex, banklar va riteyl” PLAS-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan TAD Industries (inson yuzini tanish tizimlari operatori) texnik direktori Erkin Normatovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahrida kiberjinoyatlar 2 yil ichida 40 barobarga oshgan.
“Shaharda 2021 yilda 106 ta kiberjinoyat qayd etilgan bo‘lsa, 2022 yilda bunday jinoyatlar 2081 taga, 2023 yilda esa 4332 taga ko‘paygan. Shu tariqa, Toshkent shahrida ko‘rsatilgan davrda kiberjinoyatlarning o‘sishi 4087 foizni tashkil etdi. Kiberjinoyatlarning asosiy qismini bank kartalaridan pul o‘g‘irlash jinoyatlari tashkil etadi – 2023 yilda 2747 ta holat”, – dedi u.
Kiberjinoyatlar bo‘yicha avvalroq ochiqlangan raqamlar
Ichki ishlar vazirligi 2022 yil boshida O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda kiberjinoyatlar 8,3 baravarga ko‘payib, umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetganini ma’lum qilgandi.
Bu jinoyatlar qatorida noqonuniy bank-moliya operatsiyalari orqali o‘zgalarning plastik kartadagi mablag‘larini o‘zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, diniy aqidaparastlikka qaratilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarlik jinoyatlari sanalgan.
O‘zbekiston Kiberxavfsizlik markazining 2022 yildagi hisobotida aytilishicha, milliy kibermakonda zararli tarmoq faoliyati bilan bog‘liq 65 million hodisa aniqlangan.
Internet tarmog‘ining milliy segmentida joylashgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida 855 ta hodisa aniqlangan bo‘lib, buning natijasida davlat idoralarining veb-saytlari umumiy hisobda 1 570 659 daqiqa davomida ishdan chiqishiga olib kelgan.
Firibgarlar kibermakonda qanday usullardan foydalanyapti?
Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Saidkamol Sodiqovga ko‘ra, hozirda quyidagi usullardan foydalanib, kiberjinoyat sodir etilyapti:
- moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi aldovlar bilan yuborilgan soxta havola orqali bank karta maxfiy kodni qo‘lga kiritish yo‘li bilan (34 foizi),
- oldindan to‘lovlarni amalga oshirishga erishib, pullarni qaytarmasdan va kelishuvni bajarmasdan jabrlanuvchi mablag‘ini qo‘lga kiritish yo‘li bilan (22 foizi),
- telefon qo‘ng‘iroqlari davomida o‘zini to‘lov kompaniyasi (Click va boshqalar) yoki bank xavfsizlik xizmati xodimi deb tanishtirib, karta raqami va maxfiy kodini qo‘lga kiritish orqali (17 foizi),
- onlayn savdo platformalari orqali karta raqami va kodining oshkorlashtirilishi natijasida (14 foizi),
- soxta onlayn moliyaviy birjalar orqali (Binance va boshqalar) sodir etilgani aniqlangan (9 foizi).
Mavzuga oid
18:25 / 13.12.2024
KXDR fuqarolari AQSh kompaniyalariga yollanib, soxta ismlar ortidan pul topgani ma’lum bo‘ldi
14:08 / 03.12.2024
Vetnamning eng badavlat ayoli firibgarlik bo‘yicha ish apellyatsiyasida yutqazdi. Endi 9 mlrd dollar topa olmasa, uni qatl etishadi
20:49 / 30.11.2024
Navoiyda 162 xonadonli “novostroyka” 425 kishiga sotilgan. Jabrlanuvchilar tergovdan norozi
17:28 / 27.11.2024