Vagnerchilar zarbasidan kamida o‘n nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan
Katta ehtimol bilan, ularning bir qismi yollanma jangchilar kolonnasiga o‘t ochmagandi. Quyida isyon qurbonlari haqidagi ziddiyatli ma’lumotlar ko‘rib chiqiladi.
Yevgeniy Prigojin o‘zi boshlagan isyonning avj pallasida uning yollanma jangchilari Moskvaga tomon yo‘lda «birorta odamni o‘ldirmagani»ni aytgandi. Shu bilan birga o‘z «marshi» yakunlariga ko‘ra u shunday aniqlik kiritdi: «quruqlikda birorta askar halok bo‘lmadi». Bu haqiqat: o‘ndan ortiq harbiy xizmatchilar uchish apparatlari qulashi oqibatida jon bergan. Ukrainaga qarshi urush tarafdorlari bo‘lgan faollarning katta qismining hisoblashicha, Prigojin va uning qo‘l ostidagilar buning uchun albatta jazolanmog‘i darkor. «Vagner» XHKni qo‘llashda davom etayotganlar esa harbiylar o‘limida yollanma jangchilar kolonnasiga hujum qilishga buyruq berganlar aybdorligini aytishmoqda. Shu vaqtga qadar aynan qancha uchuvchi va operatorlar halok bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumot yo‘q; hatto qancha vertolyot urib tushirilganiga aniqlik kiritilmagan. Ammo taxmin qilish mumkinki, qurbonlarning ko‘pchilik qismi isyonni bostirishda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmayotgandi.
Yollanma jangchilarning isyon vaqtidagi harakatlarini bir necha epizodlarga ajratish mumkin. Rostov-Donni egallash chog‘ida (katta ehtimol bilan Yevgeniy Prigojin butun kunni shu yerda o‘tkazgan) qurbonlar bo‘lmagan. Xabar qilinishicha, yollanma jangchilar ikkita harbiy aerodromni — Rostovning o‘zidagi va Millerovo aerodromini (ikkinchisi — mudofaa vazirligi va XHK aviatsiyasi birgalikda foydalanadigan baza) nazorat ostiga olgan.
Ammo anneksiya qilingan Luhansk oblasti va Rossiyaning Rostov shimolidagi chegarasini kesib o‘tgan vagnerchilar guruhi Voronej tomon harakatlangan va 24 iyun tongida mudofaa vazirligi aviatsiyasi bilan jangga kirishgan. Xususiy harbiy kompaniyaning ko‘p sonli kolonnalarining har birida havo hujumidan mudofaa tizimlari — «Strela-10» va «Pansir» komplekslari, shuningdek qo‘lda olib yuriladigan zenit raketa komplekslari mavjud bo‘lgan.
Chegarada sodir bo‘lgan voqea tafsilotlari to‘liq ayon emas: u yerda urib tushirilgan uchish apparatlari isyonni bostirishga aloqador bo‘lmagan bo‘lishi mumkin:
Mi-35 zarbdor vertolyoti
- Baza telegram-kanali tasdiqlashicha, mudofaa vazirligining Mi-35 zarbdor vertolyoti ertalab soat beshda urib tushirilgan — taxminan shu vaqtda, u qulagan Pavlovsk shahri va Yelizavetovka qishlog‘i yaqinida o‘qotar qurollardan o‘t ochilgani ovozlari eshitilgan.
- Mahalliy aholi vakillari yonayotgan vertolyotni suratga olgan joy geolokatsiyasi aniqlangan.
- Vertolyot XHK kolonnasiga hujumda ishtirok etgani yoki voqea joyida tasodifan paydo bo‘lib qolgani ma’lum emas. Pavlovsk atrofidagi jangda vertolyotlardan foydalanilgani haqida xabar qilinmagan.
- Katta ehtimol bilan armiya aviatsiyasiga aloqador bo‘lgan Helicopterpilot telegram-kanali versiyasiga ko‘ra, vertolyot ekipaji tirik qolgan.
Il-22 samolyoti
- Chegara hududida, Voronej oblastidagi Kantemirovka yaqinida (Mi-35 qulagan joydan 90 kilometr masofada) samolyot urib tushirilgan — bort nomeri RF-75917 bo‘lgan Il-22 rusumli havo qo‘mondonlik punkti. Samolyot qulagan joy (aniqrog‘i samolyotning yerga tushgan parchalari s’yomka qilingan hudud) geolokatsiyasi aniqlangan, uning raqami va tipi tasdiqlangan.
- Baza ma’lumotiga ko‘ra, samolyot 24 iyun kuni ertalab, soat 10 da urib tushirilgan.
- Il-22 — bu Il-18 turbovintli laynerining modifikatsiyasi bo‘lib, qo‘shinlarni boshqarish uchun turli aloqa tizimlari bilan jihozlangan. Rossiya-Ukraina urushida bunday samolyotlar past balandlikda harakatlanuvchi samolyot va vertolyotlarga buyruqlarni uzatish uchun retranslyator sifatida qo‘llanadi. Samolyotning uchuvchilar ekipaji besh kishidan iborat, bundan tashqari, odatda unda yana ikki yoki to‘rt nafar aloqa operatori bo‘ladi. Salondagi o‘rinlarga ko‘ra, unda bundan ham ko‘proq harbiy joylashishi mumkin.
- Rossiyadagi manbalarning samolyot halokati oqibatida qancha harbiy xizmatchi qurbon bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotlari bir-biridan farq qiladi: manbalar sakkizdan o‘ngacha bo‘lgan raqamlarni keltirgan.
- Samolyot XHK kolonnasiga hujum qilish uchun yuborilgan aviatsiya harakatlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullangani yoki u Ukrainadagi vazifa bajarilganidan keyin bu hududda (Voronej oblastidagi Baltimor bazasidan 130 kilometr masofada) tasodifan paydo bo‘lib qolgani ma’lum emas. Samolyot qulagan joyga Buturlinovka aerodromi yaqinroq joylashgan, ammo bu yerda Il-22 yoki shu kabi samolyotlar joylashtirilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
- Birinchi kanal korrespondenti Irina Kuksenkovaning tasdiqlashicha, u Rostovda Janubiy harbiy okrug shtabida Prigojindan vagnerchilar Il-22 samolyotini nima uchun urib tushirgani haqida so‘ragan. U esa go‘yoki «kolonnadagi ahmoq peveoshnik uchayotgan barcha narsani urib tushirgani»ni aytgan va qurbonlarning oilalariga 50 million rubl to‘lashni va’da qilgan.
Ka-52 zarbdor vertolyoti
- XHK kolonnasi taxminan soat 11 larda Voronejni shaharning shimoliy-sharqiy chekkasidagi aylanma yo‘l orqali ortda qoldirganida unga mudofaa vazirligining kamida bitta Ka-52 vertolyoti bilan hujum qilingan. XHK kuchlari «Strela-10» kompleksidan unga qarata raketa uchirgan, ammo vertolyot unga qarshi vositalarni ishga tushirib, shikastlanishdan qutilib qolgan.
- Vertolyot quruqlikdagi noma’lum nishonga ham zarba yo‘llagan. Bu jang natijasida neft bazada yong‘in chiqqan, uni 12 soat o‘tib o‘chirishgan, yana bir o‘q-dori (u aynan qanday o‘q-dori bo‘lgani va kim tomonidan uchirilgani — noma’lum) yaqin atrofdagi turar joy kompleksi hovlisida portlab, bir necha mashinani shikastlagan.
- Xuddi shu kuni yollanma jangchilar kolonnalaridan biri Voronejdan o‘tgach, sharqqa burilib Borisoglebsk yo‘nalishida harakatlangan. Bu vaqtda Komintern posyolkasi hududida, Borisoglebsk trassasida xuddi shu rusumdagi Ka-52 vertolyoti urib tushirilgan va yonib ketgan.
- Katta ehtimol bilan, bu vagnerchilar Voronej atrofida hujum qilgan vertolyot emas (halokat ertalabki hujum joyidan 100 kilometr masofada ro‘y bergan). Ikkinchi vertolyot ham XHK kolonnalaridan biriga hujum qilgan bo‘lishi mumkin, ammo bu bo‘yicha ishonchli ma’lumot yo‘q.
- Xabar qilishlaricha, urib tushirilgan Ka-52 ekipaji (ikki kishi) halok bo‘lgan.
- «Vajnyye istorii» materialida Ka-52 vertolyoti halokatida qurbon bo‘lganlardan birining shaxsiga oydinlik kiritildi — bu armiya avitsiyasi 15-brigadasi 3-eskadrilyasi komandiri Aleksey Vorojtsov bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, u yonidagi shturman Denis Oleynikov bilan birga qurbon bo‘lgan.
Boshqa uchar apparatlar
Xabar qilishlaricha, «Vagner» XHK havo hujumidan mudofaa tizimlari zarbalaridan keyin Mi-8 MTPR elektron kurash vertolyoti qulab, yonib ketgan. Vertolyotning drondan olingan fotosurati bor. Qulash joyini aniqlash imkoni bo‘lmagan. Helicopterpilot telegram-kanali xabar qilishicha, vertolyotdagi apparatura operatorlaridan biri yaralangan.
Bu kabi vertolyotlar Ukraina bo‘ylab raketa zarbalarini ta’minlashda ham ishtirok etadi (ularning vazifasi — ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimlarini bostirish hisoblanadi). 24 iyunga o‘tar kechasi RF qurolli kuchlari Ukrainaning bir necha oblastlari bo‘ylab zarbalar yo‘llagan. Shu bilan birga, Mi-8 MTPR vertolyotlari HXK kolonnasiga hujumlarni ta’minlashda ham ishtirok etgani aniq emas.
Bundan tashqari, Helicopterpilot va Fighterbomber kanallari (ikkinchi kanal, taxminlarga ko‘ra, RF Havo-kosmik kuchlarining iste’fodagi shturmani tomonidan yuritiladi) yana bir Mi-8 MTPR vertolyoti urib tushirilganini xabar qilgan. Fighterbomber ma’lumotiga ko‘ra, bu vertolyot ekipaji halok bo‘lgan. Helicopterpilot esa bu ma’lumotni tasdiqlamagan: uning ma’lumotlariga ko‘ra, Mi-8 MTPR uchuvchilari va apparatura operatorlari omon qolgan.
Chalkashliklar yuzaga kelgani 23 iyun kuni ham, Helicopterpilot ma’lumotiga ko‘ra, xuddi shu modeldagi boshqa vertolyot ekipaji halok bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: bort Luhansk ustida urib tushirilgan (Helicopterpilot xabarigacha anneksiya qilingan regionda RF HKK vertolyoti emas, ukrainlar droni halokatga uchragan deb hisoblanilayotgandi). «Vajnyye istorii» nashri bu halokatda vafot etgan pilotlardan birining shaxsini aniqlagan — Kirill Babayev. Babayevning jurnalistlar bilan gaplashgan yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, u aynan 23 iyun kuni halok bo‘lgan. Ular vertolyot halokatiga vagnerchilar aloqadorligini tasdiqlashmagan.
Helicopterpilot shuningdek, yollanma jangchilarning yerdan turib yo‘llagan zarbasi oqibatida Mi-28 vertolyoti shikastlangani haqida xabar bergan. Isyondan ikki kun o‘tganidan keyin ham bu zarbani tasdiqlovchi vizual ma’lumotlar paydo bo‘lmadi.
«Vagner» XHK yo‘qotishlari haqida hech narsa ma’lum emas
Faqatgina XHK kolonnasida harakatlangan yuk mashinasiga aviazarba videosi va yonib ketgan pikap fotosi mavjud. Yuk mashinasi vagnerchilarga tegishli bo‘lgani aniq emas, ammo pikap — ularniki bo‘lgan (uning tomida yonib ketgan pulemyot qurilmasini ko‘rish mumkin).
Mudofaa vazirligi samolyotlari va vertolyotlari, aftidan, yollanma jangchilarga zarar yetkazishdan ko‘ra ular shimol va sharq tomon harakatlanishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni shikastlashga harakat qilgan. Xususan, Borisoglebskka boruvchi trassada, Voronejdan 80 kilometr sharqdagi Anna posyolkasi atrofida mudofaa vazirligi aviatsiyasi Bityug daryosi orqali o‘tadigan ko‘prikka hujum qilgan (katta ehtimol bilan, fugasli aviabombalar orqali). Natijada fuqarolik avtomobili ag‘darilib ketgan, bir oila shikastlangan. Zarba aks etgan videoda vagnerchilarning texnikalari ko‘rinmaydi. Fugasli bombalar bilan yo‘llarga berilgan boshqa zarbalar videolari ham tarqalgan (ularning geolokatsiyasini aniqlash imkoni bo‘lmagan).
Mavzuga oid
10:39 / 19.12.2024
Rostov oblastidagi NQZ kuchli hujumga uchradi
17:22 / 25.11.2024
Malida «Vagner»ning bir necha jangchisi o‘ldirildi
15:35 / 25.11.2024
Malida «Vagner» XHKning bir necha yollanma askarlari o‘ldirildi
22:12 / 25.09.2024